21 bola bilan Tracker’da YTHga uchragan haydovchiga hukm o‘qildi

3-sahifa

image

Andijonda 21 nafar bolani Tracker’da tashigan bog‘cha xodimi YTH sodir etib, bir bolaning o‘limi va yana yetti nafar tarbiyalanuvchining jarohat olishiga sabab bo‘lgandi. Sud unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlab, 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, voqea joriy yilning 21 fevral kuni soat 08:00 atrofida sodir bo‘lgan. Abdurazzoqova o‘zining Tracker rusumli avtomashinasiga Xo‘jaobod tumanidagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasining jami 21 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchisini chiqargan holda harakatlangan.

Tergov va sudda aniqlanishicha, u yo‘l harakati qoidalarida belgilangan talablarga rioya qilmagan. Xususan, xavfsiz tezlikni tanlamagan, bolalarni tashish qoidalarini buzgan hamda transport vositasining texnik imkoniyatlaridan ortiq yo‘lovchi olgan. Oqibatda haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, avtomashina yo‘l chetidagi beton ustunga borib urilgan.

YTHdan so‘ng 6 yoshli tarbiyalanuvchi M.X. og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan. Yana yetti nafar bola turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Ulardan bir nafari o‘rta og‘ir, qolganlari yengil tan jarohati olgani sud-tibbiy ekspertizasi xulosalari bilan tasdiqlangan.

Sudda Abdurazzoqova aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Uning aytishicha, bog‘chada bolalarni tashish uchun alohida transport vositasi bo‘lmagani sababli tarbiyalanuvchilarni har kuni shaxsiy avtomashinasida olib kelib, olib ketgan.

Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, hodisa kuni harakatlanayotgan vaqtda chap tomondan kelgan avtomashina yaqin masofadan o‘tib ketgani sababli cho‘chib ketgan va rulni o‘ng tomonga burgan. Shundan so‘ng, avtomashina yo‘l chetiga chiqib ketib, beton ustunga urilgan.

Sudlanuvchi marhuma bolaning dafn marosimi uchun moddiy yordam ko‘rsatganini, qilmishidan pushaymonligini ham bildirgan. Sud majlisida jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari ham ishtirok etgan. Ular sudlanuvchiga nisbatan moddiy yoki ma’naviy da’volari yo‘qligini, yetkazilgan zarar qoplanganini ma’lum qilib, unga yengillik berishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tuman sudi hukmiga ko‘ra, Irodaxon Abdurazzoqova Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi) bilan aybli deb topildi.

Sud jazo tayinlashda Abdurazzoqovaning aybiga iqror bo‘lgani, muqaddam sudlanmagani, yetkazilgan zararni qoplagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jabrlanuvchilar vakillarining unga nisbatan da’vosi yo‘qligi, shuningdek, jinoyat ehtiyotsizlik orqasida sodir etilganini inobatga olgan.

Hukmga muvofiq, Irodaxon Abdurazzoqovaga Jinoyat kodeksining 45- va 57-moddalari qo‘llanilib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, u 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

Ozodlikni cheklash jazosi davrida unga nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda Andijon viloyati hududidan chiqmaslik majburiyati yuklatilgan.

Qayd etish joiz, Bosh prokuratura bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, haydovchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (20,6 million so‘mgacha) jarima, 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum etish, ayrim hollarda esa 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida 28 nafar bolani Damas rusumli avtomashinada noqonuniy olib ketayotgan haydovchiga chora ko‘rilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing