Bolalarni mashinada o‘rindiqsiz tashiganlik uchun jazo kuchaytirilishi mumkin
Jamiyat
−
29 iyun 2400 2 daqiqa
O‘zbekistonda bolalarni mashina o‘rindig‘isiz tashiganlik uchun jazoni kuchaytirish taklif etilmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Bosh prokuratura bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, haydovchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (20,6 million so‘mgacha) jarima, 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum etish, ayrim hollarda esa 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Qayd etish joiz, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda bolalarni bog‘chalarga noqonuniy tashish holatlari tez-tez uchramoqda. Aksariyat hollarda bolalar bitta mashinaga ruxsat etilganidan ancha ko‘p sonda mindirilib, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga olib borilyapti. Ayrim hollarda esa bunday qoidabuzarliklar ayanchli oqibatlarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilning may oyida Navoiy viloyatining Nurota tumanida 14 nafar bolani olib ketayotgan Matiz avtohalokatga uchragan edi. Hodisa oqibatida haydovchi G.Q. ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan. Avtomobilda bo‘lgan 14 nafar voyaga yetmagan yo‘lovchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, aynan may oyida Samarqand viloyatining Jomboy tumanida Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan Damas saloniga 24 va 28 nafar bolani mindirib harakatlanyotgan ikki haydovchi aniqlangan edi. Shuningdek, Buxoro viloyatining Romitan tumanida 40 nafar bog‘cha bolalarini olib ketayotgan avtobus haydovchisining spirtli ichimlik ta’sirida ekani aniqlangan.
Ayni o‘sha kunlarda, joriy yilning 1-12 may kunlari oralig‘ida 170 ta holatda yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga yo‘lovchi tashish qoidalariga mutlaqo zid ravishda tashish holatlari qayd etilgan va oqibatda 3872 bolaning hayoti xavf ostida qoldirilgan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust