Bekmurod Abdullayev sudi yopiq o‘tadi

Jamiyat

Reklama
0:00

Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘ini talon-toroj qilishda ayblanayotgan Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov hamda yana 28 kishiga oid jinoyat ishi atrofida bahsli vaziyat yuzaga keldi. Gap shundaki, bu shov-shuvli ish bo‘yicha birinchi sud majlisi bugun, 29 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudida o‘tkazilishi belgilangan edi. Ammo QALAMPIR.UZ jurnalistlari manzilga borganida sud noma’lum sabablarga ko‘ra, JIB Yunusobod tuman sudiga ko‘chirilgani ma’lum qilindi. Eng qizig‘i, bu haqda OAV va jamoatchilik umuman ogohlantirilmagan!

“Ichkarida sud ketyapti. Biz jurnalistlar esa afsuski tashqaridamiz. Sud ishlariga oid materiallar ko‘p chiqadi. Unda jinoyat qilganlar panjara ortida kimlardir yig‘lab turganini ko‘ramiz. Ya’ni adashib jinoyat qilganlarni sudiga ko‘p hollarda jurnalistlar kiritiladi yoki sudning matbuot kotibi video tayyorlaydi, uni ommaviy ko‘rsatadi. Amaldorlarda alohida bir imtiyoz, alohida bir immunitet bormiki, nima uchun ularning kichkina emas, 186 milliard so‘m miqdoridagi byudjetni o‘zlashtirishi bilan bog‘liq ishi shaxsiy talabiga asosan, shaxsiyatini hurmat qilgan holda yopiq o‘tishi kerak? Bu qaysi qoidaga, qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? 186 milliard so‘m uning uyidagi yoki cho‘ntagidagi pulimidi? Nimaga xalqning puli bilan bog‘liq narsa shunday yopiq tarzda ko‘rilyapti?”, deydi jurnalist Anora Sodiqova.

Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov bu o‘zgarishni jinoyat ishi doirasida 30 kishi sudlanayotgani, shu bois kattaroq zalga ehtiyoj sezilgani bilan izohladi. Ammo shu o‘rinda savol tug‘iladi. 30 kishi sudlanayotgani ancha oldin aniq edi. Yangihayot tumanidagi sud zallarining holati ham tizimdagilarga ayon bo‘lgani shubhasiz. Bu o‘zgarish uchun nega so‘nggi daqiqalargacha kutildi? Nega jamoatchilik va OAV ogohlantirilmadi? O‘zi rostdan o‘zgarishga bugun qaror qilinganmi? Va yana bir haqli savol: 30 kishi sig‘adigan kengroq sud zali Yangihayot tumaniga yaqinroq bo‘lgan boshqa tumanda yo‘qmidi? O‘zgartirish bo‘yicha ogohlantirilmagan hamma jurnalistlar avval Yangihayot tumaniga bordi, keyin esa, salkam 1 soat vaqt sarflab Yunusobodga yetib keldi. Ya’ni vaqt havoga sovurildi, xolos.

“Oxirgi paytlarda ko‘ryapmiz, O‘zbekistonda turli vazirlik va davlat tashkilotlarining rahbar darajasidagi insonlari jinoyat sodir etsa, ularga jinoiy ish qo‘zg‘atilayotgani ochiq aytilyapti. Bu albatta quvonarli hol. Ammo ularning sud jarayoni qay tarzda  bo‘lyapti, bu esa jamoatchilikka yopiqligicha qolyapti. Birgina misol, Soliq qo‘mitasining o‘rinbosari Mubin Mirzayevning qamalganini eshitdik. Uning sudi bo‘layotgani yoki sud jarayoni haqida hech qanday ma’lumot jamoatchilikka berilmagan. Bundan tashqari, o‘zim yaqinda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq rahbari Artiqovning sudiga bordim, lekin u yerga ham kiritishmadi, ya’ni yopiq sud bo‘ldi. U yerda ham – davlat siri bor degan vaj bilan kiritishmadi. Endi, mana bugun yana shu ahvol. Davlat rahbari selektor yig‘ilishida ham aynan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining shu jinoiy ishlarini tilga olgan edi va tanqid qilgan edi. Hech yo‘q, shu keys ochiq bo‘lishi kerak edi”, deydi sud zalidan chiqarib yuborilgan jurnalistlardan biri Mirolim Isajonov.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 137-moddasi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda barcha sudlarda ishlar ochiq majlisda ko‘rilishi asosiy prinsip sifatida belgilangan. Sud majlisini yopiq tartibda o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan istisno hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Bularga davlat sirlarini saqlash zarurati, jinsiy jinoyatlar yoki voyaga yetmaganlarning ishlari ko‘rilayotgani, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy hayoti, sha’ni, qadr-qimmati va tijorat sirlarini himoya qilish talabi kabi holatlar kiradi. Lekin bunday qaror o‘z-o‘zidan qabul qilinmaydi – sudya majlisni yopiq deb e’lon qilish uchun albatta asoslantirilgan rasmiy ajrim chiqarishi shart, aks holda majlis ochiq hisoblanadi. Ushbu ajrim ishni sud muhokamasiga tayyorlash bosqichida yoki sud majlisi boshlanayotganda, taraflarning iltimosnomasi asosida qabul qilinishi kerak. Biroq Sanjar Maxametov raisligida o‘tgan sudda bunday jarayonlar bo‘lmadi.

“Sud zaliga kirganimizdan keyin advokatlardan biri bizga e’tiroz bildirib, “bular kim va nimaga ishtirok etyapti?” deb e’tiroz bildirdi va sud jarayonida davlat siri bilan bog‘liq ma’lumotlar borligini ta’kidladi. Raislik qiluvchiga buni yopiq sudligini va jurnalistlarni sud zalidan chetlatishni so‘radi. Prokuror ham jurnalistlarni chetlatishni so‘radi. Ularni eshitib bo‘lgandan keyin sudya jurnalistlarga bu yopiq sudligi va sud zalidan chiqib ketish kerakligini aytdi. Biz hayron qoldik. Qoida bo‘yicha o‘zi dastlab iltimosnoma kiritilardi va taraflar eshitilgandan keyin sudya ajrim chiqarardi. Undan keyin bizga tushuntirish berardi. Hech qanday tushuntirishsiz sud zaldan bizni chiqarib yuborishdi” deydi yana bir jurnalist Baxtiyor To‘xtayev.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Bekmurod Abdullayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “b” va “g” bandlari bo‘yicha ayblanmoqda. Mazkur jinoyat ishi doirasida jami 30 nafar shaxsga nisbatan ayblov qo‘yilgan. Ularning aksariyati ham Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan bir qatorda boshqa iqtisodiy va mansabga oid jinoyatlarda ham ayblanmoqda.

2021 yilning aprelida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Bekmurod Abdullayev 2025 yilning 3 noyabr kuni ishdan bo‘shatilgan edi. Ammo oradan 9 oy o‘tibgina, aniqroq aytganda 2026 yilning 27 yanvar kuni vazir o‘rinbosari qamoqqa olingani ma’lum qilindi. Bu xabar shunchaki rasmiy manbalarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali emas, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ochiqlandi.

Aprel oyining o‘rtalariga kelib, sobiq mulozimlar yetkazilgan zararni qoplagani munosabati bilan ozod qilingani haqida “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi. Uning bildirishicha, davlat manfaatlariga 186 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirgan Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev, Jazoni ijro etish departamenti sobiq rahbari Rustam Tursunov doxil 7 nafar mulozim 15 aprel kuni kechqurun ozodlikka chiqarilgan.

“Zararni qoplagani munosabati bilan ozod qilingan rahbarlarga qo‘llanilgan ehtiyot chorasi 60 dan ortiq boshqa ayblanuvchilarda haqli norozilikka sabab bo‘lmoqda. Voqealar rivojini kuzatamiz va rasmiylardan ikki enlik izoh kutamiz”, deydi Abdurahmon Tashanov.

Biroq huquq-tartibot organlari bu xabarlarni tasdiqlagani yo‘q, lekin rad ham etmadi. Toshkent shahar sudlari rasmiy Telegram-kanalida esa 15:15 ga kelibgina, ya’ni muhokamalar avjiga chiqqanidan 3-4 soat o‘tib izoh berildi. Unda jamoatchilik e’tiborida bo‘lgan bir nechta jinoyat ishlari poytaxt sudlarida yopiq tarzda o‘tishi belgilangani qayd etilgan.

Xususan:

B. Abdullayev va yana 29 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq direktori A. Ortiqov va yana 6 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi;

Ushbu ishlar shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjudligidan kelib chiqib, sud ajrimlariga asosan, yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi belgilangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing