Netanyaxu OAV va jurnalistlarni sudga berdi
Olam
−
12:13 162 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 2023 yil 7 oktyabr hujumidan oldin unga HAMASning ehtimoliy hujumi haqida Misr va BAA tomonidan ogohlantirish berilgani haqidagi xabarlar yuzasidan bir nechta OAV va jurnalistlarni sudga berdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Netanyaxu jami 2,6 mln shakl (taxminan 850 ming dollar) miqdorida tovon puli talab qilmoqda. Da’vo “Haaretz”, “Yedioth Aharonoth” va “Channel 12” nashrlari, shuningdek, jurnalistlar Shlomi Eldar, Uri Misgav, Nadav Eyal, Barak Ravid va Attila Somfalviga qarshi kiritilgan.
Gap BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid va Misr razvedka xizmati rahbari Abbos Kamol Netanyaxuni 7 oktyabr hujumidan oldin HAMAS urushga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgani haqidagi xabarlar haqida bormoqda.
Netanyaxu esa bu ma’lumotlarni rad etgan. Uning aytishicha, u 2023 yil 7 oktyabrdan oldingi oy davomida na BAA Prezidenti, na Misr razvedkasi rahbari bilan uchrashgan yoki gaplashgan.
“Likud” partiyasi bayonotida OAV tarqatgan xabarlar to‘liq yolg‘on ekani aytilgan. Da’vo arizasida esa ushbu xabarlar Isroil xavfsizligi va Bosh vazirga jiddiy zarar yetkazishga qaratilgani ta’kidlangan.
Mazkur da’vo 7 oktyabr voqealaridan oldin Netanyaxuga arab davlatlari rahbarlari tomonidan hujum xavfi haqida ogohlantirish berilgani haqidagi xabarlar atrofidagi bahslar kuchaygan bir paytda kiritilgan.
Ma’lumot uchun, Netanyaxu 2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumi bilan bog‘liq xavfsizlikdagi muvaffaqiyatsizliklar uchun muntazam ravishda Isroil xavfsizlik idoralari mas’uliyatini ta’kidlab keladi. U voqea yuzasidan davlat komissiyasi tuzilishiga ham qarshi chiqib, tergov hay’ati siyosatchilar tomonidan shakllantirilishi kerakligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jurnalistlari Oq uyga kirishi taqiqlangan uchta yangiliklar nashri AQSH Prezident Donald Trampga qarshi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi