Tintuv noqonuniymidi? “Sanjik” tekshiruv o‘tkazilgan uylar chizmasini ko‘rsatdi
Tahlil
−
18:16 1281 4 daqiqa
Sud zalining ramziy qamoqxonasi ichida sochilib yotgan bu qog‘ozlar “Real Sanjik” o‘zini oqlashi, sudyalarga isbot sifatida ko‘rsatishi uchun to‘plangan hujjatlardir. Joriy yilning 25 sentyabridagi muzokaralarda 3 marta sudga nisbatan hurmatsizlik qilgani uchun chetlatilgan Sanjar Karimov advokat iltimosnomasiga ko‘ra, sudga qaytarildi.
Shunday qilib, 2026 yilning 8 may kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan firibgarlik, o‘ldirish bilan tahdid qilish va giyohvandlik vositalari muomalasiga oid moddalar bo‘yicha aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Sanjar Karimovning apellyatsiya ishi davom etdi. Bu gal asosan sudlanuvchining o‘zi gapirdi. U narkotik modda topilgan uyda doimiy yashamagani, xonadon marhum otasiga tegishli ekanini aytib, tintuv noqonuniy o‘tkazilganini bildirdi. Karimovning so‘zlariga ko‘ra, tintuv uchun order boshqa xonadonga olingan bo‘lsa-da, unga yondosh bo‘lgan yana boshqa uylarga ham noqonuniy kirilgan, tintuv o‘tkazilgan. Bloger o‘z da’volarini isbotlash uchun xonadonlar chizmasi aks etgan bannerni namoyish qildi va har bir uy maxsus raqamga ega ekanini, ularning barchasida alohida-alohida kadastr hujjatlari mavjudligini bildirdi. Xorijda bizneslari bor, oila a’zolari Amerika fuqarolari bo‘lgan Real Sanjikka “agar ozodlikka chiqsangiz O‘zbekistonda qolasizmi” degan savol jurnalistlar tomonidan berildi.
“Albatta qolaman. O‘zbekistonda boshlab qo‘ygan ancha ishlarim bor, rejalarim katta. Men O‘zbekistondan ketishni reja ham qilmagandim. Men O‘zbekistonda adolat borligiga ishonaman. Mana, prezidentimiz olib borayotgan siyosati juda ham adolatli ekaniga ishonaman. Men adolatli hukm chiqarilishiga ishonganim uchun aynan apellyatsiya sudiga keldim. O‘n oydan beri qancha-qancha hujjat yig‘dim, qancha dalillar yig‘dim. Bundan tashqari yana nima kerak ekan? Ushbu sud jarayonini butun MDH, butun Amerika hozir kuzatyapti. Kimki meni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, kimki adolat tilayotgan bo‘lsa, shularga fursatdan foydalangan holda rahmat deb qolaman”, dedi Sanjar Karimov.
“AQSHdan kuzatishyapti” degan gaplar bekorga emas. Avvalroq bloger o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud hukmi yuzasidan BMTga murojaat qilgandi. U sud jarayoni adolatsiz o‘tganini va davlat organlari tomonidan qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilganini bildirgan.
“BMT xulosasini chiqargan, qaysi normalar qanchalik buzilganligi haqida. Lekin baribir oydinlik va adolatli hukm O‘zbekistonda chiqariladi degan umiddaman”, deydi “Sanjik”.
Murojaatning aniq yo‘llangan manzili esa BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi hamda BMTning o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi. Xatda Sanjar Karimov unga nisbatan dalillar soxtalashtirilgani, jumladan, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq ayblovlar asossiz ekanini ta’kidlagan. Bu kabi xabarlar O‘zbekistondagi rasmiy OAV va norasmiy Telegram kanallarda e’lon qilingan edi.
“Har bir o‘tayotgan sud jarayonidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida bo‘lib o‘tgan jarayon haqida izchil axborot berib kelinyapti. Bu axborotlarda bir yoqlamalik, sudga qaysidir jihatdan ijtimoiy bosim qilishga urinish holatlari ham bor. Bunga ham ko‘z yummaymiz. Xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish – fuqaroning huquqi. Bu huquqqa hurmat bilan qaraladi. Lekin O‘zbekiston Respublikasida sodir bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, albatta, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida ko‘rib chiqiladi va huquqiy baho beriladi. To‘g‘ri, xalqaro tashkilotlarga murojaat qilingani bo‘rttirilyapti. Bu xohlaymizmi, yo‘qmi, ma’lum darajada sudga nisbatan ijtimoiy bosim ehtimolini ham yuzaga keltiryapti. Ayniqsa, yetakchi elektron nashrlardan birida shunday sarlavhada axborot chiqdiki, go‘yoki Sanjar Karimovning ishi BMT nazoratiga olindi, deb. Yo‘q, nazoratga olinmaydi. Sud hokimiyatining maqomi qonunda, Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan. Mana shu maqomdan kelib chiqib, mana shu sudlar faoliyatini tartibga solgan sudlar to‘g‘risidagi qonundan kelib chiqib, bevosita jinoyat ishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, yakunda sud o‘zning yakuniy xulosasini chiqaradi”, dedi Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Tursunali Akbarov.
Shu tariqa muzokaralar yakunlandi. Sud keyingi jarayonlar 7 oktyabr kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
Live
Barchasi