YeI Bakuni jurnalistlarni asossiz hibsga olishda aybladi
Olam
−
22 dekabr 2023
3706Yevropa Ittifoqi Ozarbayjonni qamoqqa olinganlarni ozod qilishga hamda mustaqil jurnalistika va so‘z erkinligi uchun to‘siqsiz maydon yaratishga chaqirdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar xizmati rasmiy vakili Piter Stanoning tegishli bayonotida keltirilgan.
“Inson huquqlari, jumladan, asosiy erkinliklar va qonun ustuvorligi Ozarbayjon va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning muhim elementlari hisoblanadi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Piter Stano jurnalistlar Ulvi Hasanli, Sevinch Vogifqizi, Mahammad Kekalov, Aziz Orujov, Rufat Murodli, Nargiz Absalamova, Temur Karimov, Ibrohim Humbatov, shuningdek, Hofiz Babalining so‘nggi paytlarda “o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani”dan xavotir bildirgan. Uning aytishicha, yuqoridagi holatlar mamlakatda mustaqil jurnalistika maydonining torayib borayotgani va chegaralanganidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi vakili huquq faoli Ilhomiz Guliyev va siyosiy muxolifat yetakchisi Tofiq Yagubluning qo‘lga olingani, shuningdek, akademik va faol Gubad Ibodo‘g‘li va fuqarolik jamiyati faoli Baxtiyor Hojiyevning qamoqqa olish muddatini uzaytirish qaroridan afsusda ekanini bildirgan.
“Yevropa Ittifoqi Ozarbayjonni asosiy huquqlarini amalga oshirgani uchun qamoqqa olinganlarni ozod qilishga hamda mustaqil jurnalistika va so‘z erkinligi uchun erkin va to‘siqsiz maydon yaratishga chaqiradi. Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon bilan inson huquqlari bo‘yicha muloqot va hamkorlikni davom ettirish tarafdori”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev uning mamlakati Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga harakat qilmoqchi emasligini, chunki u yerda Bakuni hech qachon qabul qilishmasligini aytgandi.
LiveBarchasi