Armanistonning yangi konstitutsiyasiga Ozarbayjon va Turkiyaning qanday daxli bor yoxud Armaniston nimalardan voz keçmoqda?

Tahlil

−

visibility233 timer13 daqiqa

image

Yevroosiyo Bolqoni – bu atama 1997 yilda amerikalik siyosatşunos va AQŞ prezidentining milliy xavfsizlik böyiça sobiq maslahatçisi Zbignev Bjezinskiy tomonidan Kavkaz mintaqasiga nisbatan işlatilgan. Özining “Buyuk şaxmat taxtasi” kitobida olim uşbu mintaqani Bolqon yarimorolidagi kabi etnik va diniy xilma-xillikka boy ekani, çegara nizolari hamda yirik kuç manfaatlari orasida qolgani haqida yozadi. Çindan ham SSSR parçalanganidan keyin Toğli Qoraboğ, Abxaziya, Janubiy Osetiya va Çeçeniston bilan boğliq muammolar mintaqadagi mavjud geosiyosiy vaziyatni butkul izdan çiqargan edi.

Ammo bugun Kavkaz yangi qiyofa kasb etmoqda. Ayniqsa Armaniston Boş vaziri Nikol Paşinyanning islohotlari eski muammolardan voz keçiş va atrofidagi qöşnilar bilan yaxşi munosabatlar qurişga qaratilgan. U tomonidan taklif etilgan yangi konstitutsiya loyihasi ham aynan şunday ğoyalarni öz içiga oladi. Biroq, u istagan aloqalar nimaning evaziga kelmoqda? Paşinyanning yangi siyosati arman xalqi tomonidan qöllab-quvvatlanadimi?

Hududiy da’volarsiz yangi konstitutsiya

Paşinyan mamlakatning asosiy qonunini özgartiriş taşabbusini 2024 yil boşida ilgari surganida, bu jarayonning bir neça yildan beri davom etayotgan Ozarbayjon bilan tinçlik muzokaralariga borib taqalişi darhol sezilmagan edi. Biroq vaqt ötişi bilan konstitutsiyaviy islohot taşabbusining özi bu davlatning qança ğalva içida qolganini yaqqol körsatib qöydi.

Yangi konstitutsiya işlab çiqiş ğoyasi ilk bor 2024 yil 19 yanvar kuni Paşinyanning Adliya vazirligi rahbariyati bilan ötkazgan yiğilişida yangragan. Öşanda boş vazir amaldagi asosiy qonun zamonaviy Armanistonning davlat va jamiyat oldidagi vazifalariga qançalik mos kelişi masalasini kötargan edi. Köpçilik buni öşa vaqtda navbatdagi siyosiy bayonot yoki huquqiy jihatdan kosmetik tuzatişlar deb qabul qildi.

Biroq 2026 yil 23 noyabrda e’lon qilingan dastlabki loyiha kutilganidan ança keng özgarişlarni qamrab oldi. Eng avvalo, amaldagi konstitutsiyaning muqaddimasida Armanistonning 1990 yil 23 avgustdagi Mustaqillik deklaratsiyasida belgilangan davlat qurilişi tamoyillari va milliy maqsadlarga havola mavjud. Uşbu deklaratsiya Armaniston SSR Oliy Kengaşi tomonidan Sovet Ittifoqi hali mavjud bölgan davrda qabul qilingan bölib, SSSR tugatilganidan keyin ham, 1991 yil 21 sentyabrda Armaniston töliq mustaqil bölganidan keyin ham özgartirilmagan.

Şuningdek, deklaratsiyada arman xalqining tarixiy hududlariga da’volar saqlanib qolgan. Qadimda arman xalqi hozirgi Armaniston hududidan taşqari Turkiyaning şarqiy va janubiy qismlari, hozirda Ozarbayjon tarkibidagi Qoraboğ va Naxiçevan hududlari hamda Gruziyaning janubiy qismlarida yaşab kelgan. Hozirgi Armaniston Respublikasi esa öşa ulkan “Tarixiy Armaniston” hududining atigi 10 foizga yaqin qismini taşkil etadi, xolos.

Deklaratsiyada “falon hudud bizniki” deb oçiq yozilmagan bölsa-da, uçta nuqtada aniq tarixiy-hududiy işoralar mavjud ekanligini köriş mumkin. Avvalo hujjatning muqaddimasida “tarixiy adolatni tiklaş” va “Toğli Qoraboğning qayta birlaşuvi” kabi jumlalar Armanistonning öşa vaqtdagi keskin pozitsiyasini ifoda etadi.

“Barça armanlarning orzu-umidlarini amalga oşiriş va tarixiy adolatni tiklaşga intilib, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillariga hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan me’yorlariga tayangan holda, xalqlarning erkin öz taqdirini özi belgilaş huquqini amalga oşirib, Armaniston SSR Oliy Kengaşi va Toğli Qoraboğ Milliy Kengaşining 1989 yil 1 dekabrdagi “Armaniston SSR va Toğli Qoraboğning qayta birlaşuvi töğrisida”gi qöşma qaroriga asoslanib”, deb yozilgan Armaniston Mustaqillik deklaratsiyasida.

Şuningdek muqaddimaning söngida “1918 yil 28 mayda taşkil etilgan mustaqil Armaniston Respublikasining demokratik an’analarini rivojlantiriş” haqida söz boradi. 1918–1920 yillardagi Birinçi Armaniston Respublikasi esa hozirgi Armanistondan ança katta hududlarni, jumladan, Kars, Ardahan va Şarqiy Anadöluning bir qismini öz içiga olgan yoki ularga da’vogarlik qilgan.

Deklaratsiyaning 11-bandida esa bugungi Turkiyaning şarqiy viloyatlari “Ğarbiy Armaniston” nomi bilan tilga olingan. Anqara esa rasmiy hujjatda bunday talqinning bölişini hududiy da’vo alomati sifatida qabul qilib keladi.

“Armaniston Respublikasi 1915 yilda Usmoniylar imperiyasi va Ğarbiy Armanistonda sodir etilgan Arman genotsidining xalqaro miqyosda tan olinişi işini qöllab-quvvatlaydi”, deb yozilgan hujjatda.

Yangi loyihada esa bu jumlalar butunlay çiqarib taşlangan. Uning örniga xalqaro miqyosda tan olingan hudud doirasida mustaqil, tinç, xavfsiz va farovon davlat barpo etiş maqsadi qayd etilgan. Bu esa Yerevanga Baku va Anqara bilan döstona aloqalarni örnatişga yordam beradi.

Özgarişlar faqat muqaddima bilan çeklanmaydi. Amaldagi konstitutsiya 16 bob va 220 moddadan iborat bölsa, yangi loyihada 12 bob va 89 modda nazarda tutilgan. Davlat ramzlari, xususan, gerb va bayroqning batafsil tavsifi ham asosiy qonun matnidan çiqarilmoqda. Ularni belgilaş tartibi referendum orqali qabul qilinadigan qonunlarga topşiriladi. Bu örinda ham Turkiya bilan munosabatlar e’tiborga molik. Amaldagi gerbda Turkiya hududida joylaşgan Ararat toği va Nuh kemasi tasvirlangan. Ararat esa bugungi kunda Turkiya hududida joylaşgan. Yangi loyihada esa bunday ramziy tavsiflar bölmaydi.

Paşinyan ilgari surayotgan “Törtinçi Respublika” va “Real Armaniston” ğoyalari ham aynan şu yondaşuvga asoslanadi. Davlatning kelajagini tarixiy hududlar va ötmişdagi ziddiyatlar emas, xalqaro miqyosda tan olingan çegaralar doirasidagi suverenitet, xavfsizlik va farovonlik bilan boğlaş bugun uning siyosatida alohida ahamiyat kasb etadi. Haqiqatan ham, qadimda bölgan hududlarga da’vo qiliş, tarixni qömsaş arman xalqining boşiga köp kulfat olib keldi. Real vaziyatga töğri baho bermasdan, “Buyuk Armaniston” yoki “tarixiy adolatni tiklaş” ğoyalariga tayanib iş köriş faqat kulfat olib kelişiga tarix ham bir neça bor guvoh bölgan.

Birinçi jahon uruşidan keyin, 1920 yil avgustda imzolangan Sevr şartnomasida Ğarb davlatlari Armanistonga Şarqiy Anadöluning katta qismini berişni va’da qilgan edi. Armanistonning öşa paytdagi hukumati esa bu qoğozdagi va’daga işonib, real harbiy imkoniyatlarini çamalamasdan katta hududlarga da’vo qiladi. Ammo Mustafo Kamol Otaturk boşçiligidagi turk qöşinlari Ğarbning bu taqsimotini tan olmaydi va hujumga ötadi. Yevropa davlatlari esa heç qanday yordam bermaydi. Natijada 1920 yil kuzidagi uruşda Armaniston mağlub bölgan va nafaqat Sevr va’da qilgan hududlardan, balki ungaça öz nazoratida bölgan Kars, Ardahan va Ararat toği atrofidagi yerlardan ham ayrilgandi.

1918 yilda esa endigina mustaqillikka erişgan Birinçi Armaniston Respublikasi tarixiy çegaralarni tiklaş ilinjida bir vaqtning özida Turkiya, Ozarbayjon va hatto Gruziyaga harbiy harakatlar boşlaydi. Oqibatda tört tomondan qamalda va uruş holatida qolgan yoş respublika iqtisodiy va harbiy jihatdan holdan toydi hamda 1920 yil dekabrda Sovet Rossiyasi tomonidan osonlikça bosib olinib, mustaqilligini yöqotgandi.

Qoraboğ uruşlaridagi ssenariy esa hammaga ma’lum bölsa kerak. “Bir zamonlar bu yerlar bizning hududlarimiz edi”, qabilida harakat qilgan Armaniston butkul xonavayron bölgan edi. Yevropaga işonib ham, Rossiyaga tayanib ham pand yegan, eng yaqin qöşnilari bilan yer talaşib duşman bölib qolgan Yerevan endi tarixiy afsonalar bilan emas, balki bugungi geosiyosiy voqelik bilan hisoblaşişdan özga çorasi qolmaganini tuşunib yetmoqda.

Bu örinda Paşinyanning davlatning mafkuraviy tizimini ham isloh qiliş borasidagi yangi ğoyalari muhim örin tutadi. Uning “Real Armaniston” mafkurasi “tarixiy Armaniston” tuşunçasidan voz keçib, xalqaro miqyosda tan olingan çegaralar, 29 743 kv. km maydondagi çinakam hududdagi suveren davlatni rivojlantirişga urğu beradi. “Törtinçi respublika” ğoyasida esa Armaniston endi Rossiyaning mintaqadagi harbiy-siyosiy tayanç nuqtasi bölib qolmasligini nazarda tutadi. Paşinyan 1991 yilda taşkil topgan Uçinçi respublika 1990 yilgi Mustaqillik deklaratsiyasi tufayli ilk kunidanoq “nizo mantiği” asosida qurilganini ta’kidlaydi. U e’lon qilgan “Törtinçi respublika” esa “tinçlik mantiği”ga tayanadi, ya’ni endi davlat taşqi siyosatining boş maqsadi tinçlikni ta’minlaş etib belgilanadi.

“Haqiqiy Armaniston” mafkurasida Armaniston Respublikasining yagona operatsion ahamiyati xalqaro miqyosda tan olingan 29 743 kvadrat kilometrlik hududida fuqarolari uçun tinçlik, erkinlik, xavfsizlik va farovonlikni ta’minlaş, fuqarolarning baxt-saodati uçun muhit yaratiş, zamonaviy hayotda odat bölganidek, ekotizim yaratiş, xalqning öziga xosligini saqlab qoliş va rivojlantiriş ekanligi ta’kidlangan. Aynan şunday davlat va tasavvurga Armaniston Respublikasi fuqarolari 2026 yil 7 iyunda ovoz berişdi va biz aynan şu tasavvurni “Törtinçi Respublika” deb ataymiz.

Va şunday qilib, biz “Törtinçi Respublika” taşkil etilganini, “Törtinçi Respublika” haqiqat ekanligini qayd etişimiz mumkin”, deyidi Armaniston Boş vaziri Milliy Assambleyada hukumatning 2026–2031 yillarga möljallangan dasturi muhokamasidagi nutqida.

Yana qanday özgarişlar bor?

Yangi konstitutsiya faqat taşqi siyosatdagi muammolarni hal etişga qaratilmagan. Paşinyan bu loyiha orqali öz muddatini uzaytiriş yoki boşqa turdagi imtiyozlar qöşişni nazarda tutmagan bölsa-da, Boş vazir va ijro hokimiyatining qaror qabul qiliş vakolatlarini kengaytiruvçi hamda tiyib turuvçi mexanizmlarni yumşatuvçi bir neçta muhim özgarişlar kiritilgan.

Ulardan biri davlat boşqaruvi va fuqarolarning siyosiy huquqlariga kiritilayotgan özgarişlardir. Armaniston parlament respublikasi bölib qoladi, biroq parlamentning ayrim nazorat vakolatlari kengaytiriladi: deputatlar nafaqat boş vazir, balki alohida vazirlar, boş vazir örinbosarlari va diplomatik vakillarga nisbatan ham işonçsizlik votumi bildira oladi. Şu bilan birga, hukumat tarkibidagi ayrim nomzodlarni parlament qömitalarida oçiq muhokama qiliş tartibi joriy etiladi. Boşqa tomondan, prezidentning ayrim vakolatlari ham kengaytiriladi. Sud tizimida esa amaldagi sudyalarni, Konstitutsiyaviy sud a’zolaridan taşqari, beş yil içida bir martalik tekşiruvdan ötkaziş taklif etilmoqda. Bunda ularning kasbiy malakasi, halolligi va moliyaviy aktivlari örganiladi.

Fuqarolik huquqlariga oid normalar ham jiddiy munozaralarga sabab bölişi mumkin. Amaldagi konstitutsiyada 18 yoşga tölgan fuqarolarning saylov va referendumlarda qatnaşiş huquqi yaşaş joyiga boğlanmagan. Yangi loyihaga köra, esa ovoz beriş huquqidan foydalaniş uçun fuqaro saylov yoki referendumdan oldingi ikki yilning kamida bir yilida Armanistonda doimiy yaşagan bölişi kerak. Bu, avvalo, xorijda istiqomat qilayotgan katta arman diasporasining siyosiy ta’sirini çeklaşi kutilmoqda. Ma’lumki, arman diasporasi dunyodagi eng katta va qudratli guruhlardan biri. Dunyo böylab taxminan 7–8 million arman yaşaydi va ular uçun eng muqaddas vazifa 1915 yilgi voqealarni xalqaro miqyosda tan oldirişdir. Ularning ta’siri çeklanmas ekan, Armanistonning yuqorida közlagan maqsadlariga erişişi qiyin keçadi.

Bundan taşqari, amaldagi asosiy qonun fuqarolikdan mahrum qilişni taqiqlaydi. Yangi loyihada esa konstitutsiyaviy tuzum asoslari yoki davlat xavfsizligiga qarşi ayrim jinoyatlar uçun sud qarori bilan fuqarolikni bekor qiliş imkoniyati paydo böladi. OAV faoliyatida moliyaviy şaffoflik talabi konstitutsiyaviy darajaga kötariladi, siyosiy partiyalarni moliyalaştiriş manbalari esa fuqarolar xayriyalari va davlat byudjeti bilan çeklanadi.

Yana bir jiddiy bahslarga sabab bölayotgan mavzu şubhasiz – diniy masaladir. Loyihada Arman apostol çerkovining xalq ma’naviy hayotidagi alohida tarixiy missiyasi saqlab qolinadi, biroq unda Armaniston ilk bor konstitutsiya darajasida dunyoviy davlat sifatida belgilanişi taklif etilmoqda. Davlat va çerkov örtasidagi munosabatlarni qonun bilan tartibga soliş ham majburiy talabga aylantiriladi. Bu özgarişlarni Paşinyan hukumati bilan çerkov rahbariyati örtasida uzoq vaqtdan beri davom etayotgan keskinlik fonida baholaş mavzuning aktualligini yanada oşiradi. 2024 yil bahorida Tavuş viloyatidagi törtta qişloq Ozarbayjonga qaytarilişi va çegaralarni delimitatsiya qiliş jarayoni boşlangaç, Tavuş yeparxiyasi rahbari arxiyepiskop Bagrat Galstanyan hukumatga qarşi ommaviy norozilik namoyişlariga boşçilik qilgandi. Bunga javoban, Paşinyan va uning “Fuqarolik şartnomasi” partiyasi çerkov rahbariyatini konstitutsiyaviy tamoyil – dinning davlatdan ajratilganligini buzişda, şuningdek, sobiq hukumatlar va Rossiyadagi doiralar manfaatiga xizmat qiluvçi siyosiy muxolifat ştabiga aylanib qolişda ayblagan. Bu voqea Armaniston siyosiy tizimida örta asrlardayoq hal etilgan sekulyarizmning yetişmayotganini yaqqol körsatib qöygan edi.

Yana bir muhim jihat – Armanistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi xalqaro tuzilmalardagi a’zoligi. Yangi loyiha bunday taşkilotlardan çiqiş yoki a’zolikni töxtatiş masalasida ötiş davriga oid istisnoni nazarda tutadi. Unga köra, konstitutsiyaviy referendum talabi kuçga kirişidan avval xalqaro şartnomalarni parlament orqali ratifikatsiya qiliş asosida qöşilgan taşkilotlardan çiqiş uçun referendum talab qilinmasligi mumkin. Bu qoida Armanistonning 2015 yildan beri a’zosi bölgan Rossiya ta’siridagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan çiqiş niyati borligini körsatmoqda. Rossiya kölankasidan qoçiş Paşinyan siyosatining ustuvor vazifasi ekanligi ham buni tasdiqlaydi.

Şunday qilib, 23 noyabrda e’lon qilingan hujjat şunçaki ayrim moddalarni tahrirlaş emas, Armanistonning davlat va jamiyat örtasidagi munosabatlari, milliy özlik, siyosiy huquqlar va taşqi siyosiy yönalişlarini qayta belgilaşga qaratilgan keng qamrovli loyihadir. Hozirça u yakuniy hujjat emas, u hali jamoatçilik muhokamasidan ötişi, takliflar asosida qayta körib çiqilişi va parlamentga kiritilişi kerak. Amaldagi tartibga köra, referendum ötkaziş uçun parlamentdagi 107 deputatning kamida uçdan ikki qismi, ya’ni 72 nafari rozilik berişi lozim. Paşinyanning “Fuqarolik şartnomasi” partiyasi esa 64 öringa ega va yana kamida olti deputatning kömagiga muhtoj. Qiziği, yangi loyihaning özida kelgusida konstitutsiyaviy referendum tayinlaş uçun zarur parlament ovozini uçdan ikki qismdan beşdan uç qismga tuşiriş ham taklif etilgan. Ammo bu yangi qoidalar hali kuçga kirmagan va ayni loyihani referendumga olib çiqişda amaldagi konstitutsiya talablari amal qiladi.

Yana şuni aytiş mumkinki, yangi qonunçilik loyihalarini qabul qiliş arman xalqi uçun, ayniqsa uning xorijdagi diasporasi uçun juda oğir keçişi mumkin. Yangi konstitutsiya işlanmasi hali şunçaki taklif sifatida qolib ketiş ehtimoli ham yuqori. Parlamentda ovoz yiğiş masalasidan taşqari unga qarşi turgan kuçlarning qudratiga ham baho beriş kerak. Qator davlat institutlari va çerkovning keskin noroziligi konstitutsiya islohotini söroq ostiga qöymoqda. 25 noyabrda Armaniston sudyalar ittifoqi ham yangi loyihani rasman tanqid qilib çiqdi va undagi sudyalarni qayta baholaş, ya’ni attestatsiya qoidalarini sud mustaqilligiga tahdid deb baholadi. Çerkov rahbariyati esa mamlakatning “dunyoviy davlat” deb e’lon qilinişi va çerkovning alohida tarixiy maqomi çeklanişiga qarşi. Dindor saylovçilar orasida çerkovning çaqiriqlari referendum natijasiga jiddiy ta’sir körsatişi kutilayotgan eng katta xavflardan biri.

Bundan taşqari, Armanistonning uzoq yillik da’volardan voz keçişi muxolifat, sobiq prezidentlar va milliy-konservativ doiralar orasida uşbu hujjatni “Ilhom Aliyev va Anqara talabi bilan yozilgan konstitutsiya” deb tarğib qilinişiga sabab bölmoqda. Hokimiyat tepasidagi şaxslarga nisbatan bunday tanqidlarning kuçayişi fuqarolar orasida Paşinyan va uning izdoşlariga nisbatan işonçni kamaytirişi tabiiy. Şuningdek, taşqaridan bu qarorlar har qança töğri bölib körinmasin, arman xalqi uçun “Buyuk Armaniston” ğoyasidan voz keçiş baribir oğriqli bölişi tabiiy.

Ammo Paşinyan bunday öylamayapti. U agar referendumda loyiha rad etilsa, bir hafta içida iste’foga çiqişini, ma’qullansa, keyingi parlament saylovlarida boş vazirlikka nomzodini qöymasligini aytgan. Demak, yangi konstitutsiya endi nafaqat Armanistonning, balki Paşinyanning ham kelajagini belgilab beradi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing