Bloger Abduqodir Mo‘minov hibsga olindi
3-sahifa
−
08 fevral 2023
47943Bloger Abduqodir Mo‘minov hibsga olindi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- va 165-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBBga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shug‘ullanuvchi Abduqodir Mo‘minov ismli shaxsning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
“Abduqodir Mo‘minov 2021 yilning oktyabr oyida tanqidiy videolavhalar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali fuqaro E.Z.ning ukasi D.Yu.ning nomiga rasmiylashtirilgan MCHJ bilan bog‘liq holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB Tergov bo‘limi ish yurituvidagi jinoyat ishini ijobiy hal etishga IIB xodimlarini go‘yoki majbur qila olishini aytib, shu orqali E.Z.ning ishonchiga kirib, o‘zining xizmatlari uchun jami 10 000 AQSH dollarini so‘rab, shundan 3 800 AQSH dollarini oldindan olgan. Lekin u bergan va’dasini bajarmay, olgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Bundan tashqari, 2021 yilning oktyabr oyida Abduqodir Mo‘minov Jizzax viloyatida fuqaro A.T. bilan uchrashib, uning rahbarligi ostidagi tashkilot to‘g‘risida salbiy yo‘sinda videolavha tayyorlaganini, ushbu materialni o‘zining “Ko‘zgu” nomli ijtimoiy tarmoq sahifasi orqali tarqatadigan bo‘lsa, tashkilot rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olinishini aytib, A.T.ni o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib, A.T.dan ushbu ma’lumotlarni sir saqlashi uchun 70 000 AQSH dollari so‘ragan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, fuqaro A.T. o‘z ko‘rsatuvlarining tasdig‘i sifatida Ayuduqodir Mo‘minov bilan o‘rtasidagi so‘zlashuvlar audio yozuvini taqdim etgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Mazkur holatlar yuzasidan Abduqodir Mo‘minovga nisbatan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”), 165-moddasi (“Tovlamachilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. A.Muminov protsessual tartibda ushlangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
LiveBarchasi