Prokuror Abduqodir Mo‘minovni 11 yilga qamashni so‘radi – OAV
3-sahifa
−
01 avgust 2023
19204Bugun, 1 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudida bloger Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan ommaviy axborot vositalari xodimlari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, prokuror sudyadan blogerga 3 yil muddatlik jurnalistik faoliyatni cheklash va uzil-kesil 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashini so‘ragan.
Ma’lumot uchun, bloger Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 mln 421 ming 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shug‘ullanuvchi Abduqodir Mo‘minov ismli shaxsning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Buning ortidan Mo‘minovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 165-moddasi (Tovlamachilik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangandi. Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda bloger Abduqodir Mo‘minovning tergov vaqtida qiynab o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZʼga Mo‘minovning tergov paytida vafot etgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgan edi. Joriy yilning 25 iyul kuni bo‘lib o‘tgan sudga bir nechta jurnalistlar kiritilmagandi.