Abduqodir Mo‘minovning ochiq sudiga jurnalistlar nega kiritilmadi?(video)
Jamiyat
−
25 iyul 2023
14364Bugun, 25 iyul kuni bloger Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida ko‘rib chiqilmoqda. U joriy yilning fevralida hibsga olingandi. Voqea joyida bo‘lib turgan QALAMPIR.UZ jurnalisti sud zaliga ommaviy axborot vositalari xodimlari kiritilmaganini ma’lum qildi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ushbu holatga izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishi sudda ochiqlik ta’minlangan tarzda ko‘rib chiqilmoqda. Unda jurnalistlar ham ishtirok etmoqda. Faqat sud zalida joy yetishmasligi va o‘rinlar ayblanuvchining yaqinlari bilan to‘lgani sababli hamma jurnalistlar sud zaliga kiritilmagan.
Shuningdek, tashqarida qolayotgan jurnalistlar vakili sifatida jurnalist Navbahor Imomova sud zaliga kiritilgan. U sud boshlanganini va kameralar ishlayotganini tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, bloger Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 mln 421 ming 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shug‘ullanuvchi Abduqodir Mo‘minov ismli shaxsning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Buning ortidan Mo‘minovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 165-moddasi (Tovlamachilik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangandi. Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda bloger Abduqodir Mo‘minovning tergov vaqtida qiynab o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZʼga Mo‘minovning tergov paytida vafot etgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgan edi.