Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi bo‘lib o‘tdi
3-sahifa
−
06 Oktabr 2023
19060Bugun, 6 oktyabr kuni Toshkent shahar sudida Abduqodir Mo‘minov (1990 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, “Oynaga qarang” MCHJ rahbari, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishi sudlanuvchi va uning himoyachilari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2023 yil 4 avgustdagi hukmi ustidan berilgan shikoyatlariga asosan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi D.Rajabov raisligida hamda sudyalar M.Ahmedov va H.Shamshiyevdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilgan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 6 oktyabrdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining Abduqodir Mo‘minovga nisbatan chiqarilgan hukmi o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatlari esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
Ushbu ajrim ustidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat berilishi yoki protest keltirilishi mumkinligi ma’lum qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 4 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Abduqodir Mo‘minov fuqarolar L.M., F.K. va E.E.ning pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan egallash holatlari bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi hamda uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”, “v” bandlari bilan aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi hamda jinoyat ishining shu qismlari Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1, 2-bandlariga asosan tugatildi.
Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish) va 57 (yengilroq jazo tayinlash) moddalarini qo‘llagan holda Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodiri etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yil muddatga jurnalistik (blogerlik) faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilandi.
Shuningdek, Mo‘minovdan jabrlanuvchilar foydasiga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish belgilandi.
LiveBarchasi