Bloger Abduqodir Mo‘minovga hukm o‘qildi
Jamiyat
−
04 avgust 2023
32122Bugun, 4 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi ma’lum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining raisi S.Sodiqov e’lon qilgan hukmga ko‘ra:
Abduqodir Mo‘minov fuqarolar L.M., F.K. va E.E.ning pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan egallash holatlari bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi hamda uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”, “v” bandlari bilan aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi hamda jinoyat ishining shu qismlari Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1, 2-bandlariga asosan tugatildi.
Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish) va 57 (yengilroq jazo tayinlash) moddalarini qo‘llagan holda Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodiri etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yil muddatga jurnalistik (blogerlik) faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilandi.
Shuningdek, Mo‘minovdan jabrlanuvchilar foydasiga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish belgilandi.
“Birinchi instansiya hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjudligi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shug‘ullanuvchi Abduqodir Mo‘minov ismli shaxsning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Buning ortidan Mo‘minovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 165-moddasi (Tovlamachilik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangan.