“Real” futbolchisi itlari bilan bog‘liq ish bo‘yicha sudga tortiladi

Sport

−

image

Madrid sudi “Real” klubining fransuz himoyachisi Ferlan Mendiga nisbatan uning itlaridan biri voyaga yetmagan bolaga hujum qilgani bilan bog‘liq ish bo‘yicha sud jarayonini belgiladi. Bu haqda “Sport.es” nashri xabar berdi.

Sud majlisi joriy yilning 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Prokuratura futbolchiga 1200 yevro miqdorida jarima solish va jabrlanuvchilarga jami 5700 yevro kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklashni talab qilmoqda.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Mendi itlarini tegishli nazorat ostida saqlamagan va avtomobil kirganidan keyin darvozalar yopilganini tekshirmagan. Shuningdek, itlarga mikrochip o‘rnatilmagani, ular uchun majburiy sug‘urta rasmiylashtirilmagani va quturishga qarshi emlanmagani iddao qilinmoqda.

Hodisa 2023 yil 4 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining to‘rtta iti hovlisidan qochib chiqib ketgan. Ulardan biri itini sayr qildirib yurgan ayolga hujum qilgan. Ayolning iti og‘ir jarohat olgani sababli keyinchalik uni evtanaziya qilishga to‘g‘ri kelgan.

17 yoshli bola ayolga yordam berishga uringan vaqtda Mendining itlaridan biri uning chap oyog‘ini tishlab olgan. Jabrlanuvchiga jarohat joyiga chok qo‘yilgan bo‘lib, uning tiklanishi 30 kun davom etgan. Hujumga uchragan ayolning iti ham jarrohlik amaliyotini boshdan kechirishiga to‘g‘ri kelgan.

Ma’lumot uchun, 31 yoshli Ferlan Mendi 2019 yil yozida Fransiyaning “Lion” klubidan “Real”ga o‘tgan. Himoyachi jarohati sababli joriy mavsumda hozirgacha birorta ham uchrashuvda maydonga tushmagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing