Eronda 22 yashar qiz “o‘ldirildi”. Namoyishga chiqqan ayollar ro‘molini yoqib, sochini kesmoqda
Olam
−
22 Sentabr 2022
30049Eronda norozilik namoyishlarida avjida. Axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Aminining o‘limidan so‘ng mamlakatda vaziyat jiddiy tus olmoqda.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda.
Rasmiy IRNA axborot agentligiga ko‘ra, namoyishlarda politsiya 1000 ga yaqin odamni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Janubdagi Sheroz shahrida sodir bo‘lgan shiddatli to‘qnashuvlarda bir politsiyachi halok bo‘lgani va to‘rt nafari yaralangani xabar qilingan.
Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.
Poytaxt Tehron va boshqa yirik shaharlarda, jumladan, shimoli-sharqda Mashhad, shimoli-g‘arbda Tabriz, shimolda Rasht, markazda Isfahon va janubda Sherozda mitinglar bo‘lib o‘tdi.
Namoyishlar o‘tgan haftaning juma kuni rasmiylar Amini ayollar uchun qat’iy kiyinish qoidalariga rioya qilish uchun mas’ul axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinishi ortidan vafot etganini e’lon qilganidan keyin boshlandi.
Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada an-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
“Mahsa Aminining fojiali o‘limi, qiynoqlar va shafqatsiz muomalalar haqidagi da’volar mustaqil vakolatli organ tomonidan zudlik bilan, xolis va samarali tekshirilishi kerak, bu, xususan, uning oilasi adolat va haqiqatga ega bo‘lishini ta’minlaydi”, degan Nasif.
Uning ta’kidlashicha, BMTga "ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari aks etgan ko‘plab va tasdiqlangan videolar" kelib tushgan: so‘nggi oylarda vitse-politsiya ko‘cha patrullari sonini oshirgan.
19 sentyabr kuni Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning yordamchisi Aminining oilasiga tashrif buyurdi. Davlat matbuotiga ko‘ra, u ularga “barcha muassasalar buzilgan huquqlarni himoya qilish uchun chora ko‘radi”, deb va’da bergan.
Eron parlamentining taniqli a’zosi Jalol Rashidiy Kuchi vitse-politsiyani ochiqchasiga tanqid qilib, uning yaratilishi xato ekanligini va Eronga faqat “yo‘qotish va zarar” olib kelganini aytdi.
Eron hijob qonunlari
1979 yildagi Islom inqilobidan keyin Eron hukumati majburiy kiyinish qoidalarini joriy qildi, unga ko‘ra, barcha ayollar hijob o‘rashlari va omma oldida o‘z qiyofasini yashiradigan keng kiyim kiyishlari shart.
Rasmiy ravishda Gasht-ye Ershad nomi bilan tanilgan vitse-politsiyaga, jumladan, ayolning tashqi ko‘rinishi rasmiylarning "to‘g‘ri" kiyinish haqidagi talqiniga mos kelishini ta’minlash vazifasi yuklangan. Uning zobitlari ayollarni to‘xtatib, ularning sochlari haddan tashqari ko‘pmi, shimi va ustki kiyimlari juda qisqa yoki tormi hamda ular juda ko‘p atir-upa ishlatadimi, deb baholashga haqli. Qoidalarni buzganlik uchun jarima, qamoq yoki kaltaklash jazolari mavjud.
2014 yilda eronlik ayollar “Mening maxfiy erkinligim” nomli onlayn norozilik aksiyasi doirasida hijob qonunlarini buzuvchi fotosuratlar va videolarni omma oldida baham ko‘ra boshladilar. O‘shandan beri u boshqa harakatlarni, jumladan, "Oq chorshanba" va "Inqilob qizlari ko‘chalari"ni ilhomlantirgan.
“Euronews”ning yozishicha, Mahsa Aminining o‘limiga qarshi olti kundan beri davom etayotgan namoyishlarda yetti nafar namoyishchi va to‘rt nafar politsiyachi halok bo‘lgan.
Namoyishlar istisnosiz mamlakatning barcha yirik shahar va viloyatlarini qamrab oldi. Ularning ishtirokchilari diktatura, politsiya shafqatsizligi va ayollar huquqlarining poymol etilishiga qarshi norozilik sifatida hijoblarni yechib, yoqib yuborishyapti. Boshqa mamlakatlardagi diaspora vakillari Eronda bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasi oldida o‘nlab odamlar yig‘ildi.
LiveBarchasi