Mirziyoyev va Pezeshkiyon bir-birini tabrikladi
Jamiyat
−
01 aprel
2212O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bugun, 1 aprel kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda bir-birlarini va mamlakatlarning do‘st xalqlarini bahor ayyomi Navro‘z va muborak Ramazon hayiti - Iyd al-Fitr bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qabul qilingan "yo‘l xaritasi" asosida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgan.
Turli darajalarda faol muloqotlar va tashriflar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
“O‘zaro savdo va yuk tashish ko‘rsatkichlari, qo‘shma korxonalar soni oshmoqda, poytaxtlar o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, kimyo va neft-kimyo tarmoqlari, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari tarmog‘i va boshqa yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va jadal amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Tehron shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi va sanoat ko‘rgazmasini samarali tashkil etish muhimligi ta’kidlangan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Eron yetakchilari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
LiveBarchasi