Tramp Eronni bombardimon qilsa, unga kuchli javob zarbasi beriladi – Xomanaiy
Olam
−
31 mart
6441Agar Vashington Eronga zarba berishga yoki ichkaridan isyon ko‘tarishga urinsa, uni “kuchli javob zarbasi" kutmoqda. Bu haqda bugun, 31 mart kuni Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron AQSH va Isroil davlatlari bilan doimiy dushman bo‘lib kelgan.
“AQSH va Isroilning dushmanligi har doim bo‘lgan. Ular bizga hujum qilish bilan tahdid qilishmoqda, biz buni ehtimoldan yiroq deb hisoblaymiz. Biroq ular biror nojo‘ya ish qilib qo‘ysa, qattiq zarba yeydi”, deya ogohlantirish bergan Eron oliy rahnamosi.
Xomanaiy, shuningdek, dushmanning Eron ichida qo‘zg‘olon uyushtirish niyatlari ham e’tibordan chetda qolmasligini aytgan.
“Agar ular (AQSH) o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi mamlakat ichida isyon uyushtirishni o‘ylasa, Eron xalqi ularni o‘zi bartaraf etadi”, degan u.
Ma’lumot uchun, 2015 yil iyul oyida Eron va Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya, Fransiya, Xitoy va Germaniyani o‘z ichiga olgan bir guruh davlatlar o‘rtasida Venada Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi imzolangan. Hujjat tomonlarning qoidalari va majburiyatlarini nazarda tutgan. Xususan, Eron 15 yil davomida uranni 3,67 foizdan ortiq boyitmaslik va boyitilgan uran zaxirasini 300 kg dan oshirmaslik majburiyatini olgan. Shuningdek, Tehron qo‘shimcha og‘ir suv reaktorlari qurmaslikka, 130 tonnadan ortiq og‘ir suv to‘plamaslikka va yadroviy turdagi portlovchi qurilmalarni ishlab chiqmaslikka va’da bergan. Ammo 2018 yilda Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati paytida Qo‘shma Shtatlar muzokaralar kengashidan chiqqan. Bunga javoban Eron o‘zining texnologik salohiyati va yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini sezilarli darajada oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp “Fox Business” telekanaliga bergan intervyusida Xomanaiyga Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish taklifi bilan maktub yo‘llaganini aytgan edi. Keyinchalik Oyatulloh Ali Xomanaiy Eron rasmiylari bilan uchrashuvda Eron Islom Respublikasi AQSH bilan muzokaralar olib bormasligi, chunki Vashingtonni faqat o‘z manfaatlari qiziqtirishi haqida gapirgandi. Qolaversa, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH kuchli bosim qilayotgan paytda yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortgandi. Shundan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron yadro quroli bo‘yicha kelishuvga erishmasa, misli ko‘rilmagan bombardimonlarga duch kelishi muqarrarligini aytib chiqdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




