Qashqadaryolik bloger IIB xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytmoqda
3-sahifa
−
02 iyun 2023
8171Qashqadaryoda 15 sutkaga qamalgan bloger Elmurod Odilov advokatga sudga qadar Ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlarini O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati keltirmoqda.
Qayd etilishicha, kecha, 1 iyun kuni mazkur jamiyat advokati Qashqadaryo viloyati IIBning jamoat tartibini saqlash maxsus markazida bloger Elmurod Odilov bilan uchrashgan.
Advokatga ko‘ra, blogerning chap oyoq son va boldir qismlarida jarohat izlari yaqqol ko‘ringan. Advokat bilan uchrashuv qamoqxona nozirlari nazoratida o‘tkazilgan. Shunga qaramay, bloger o‘zining sudga qadar IIB xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytgan.
“Qamoqxona sharoiti o‘ta achinarli. Ovqatlanish ratsioni juda qoniqarsiz. Ichimlik suvi muammo, sanitariya qoidalariga amal qilinmaydi”, deyiladi jamiyat xabarida.
Keltirilishicha, sud qarori sudlanuvchiga ham, uning advokatiga ham berilmagan. Blogerning tan jarohatlari borasidagi murojaatlari o‘rganilmayapti.
“O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati blogerga nisbatan tan jarohati yetkazgan muassasa va uning xodimlari harakatlarini keskin qoralaydi. Prokuratura organini vaziyat yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, holatga baho berishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Ezgulik” jamiyati qoshidagi etika komissiyasi blogerning xatti-harakatini ham o‘rganayotgani ma’lum qilindi.
Voqea qanday boshlangandi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yakkabog‘ tumani “Ibn Sino” mahallasida joylashgan pilla mahsulotini saqlash omborxonasida o‘zini bloger deb tanishtirgan Elmurod Odilov pilla topshirish maskaniga borgan.
Viloyat IIBning bayonotiga ko‘ra, bloger shu yerda fermerlarning ishiga aralashib, ularga turli nomunosib savol-javoblar qilishi oqibatida o‘rtalarida janjal kelib chiqqan hamda ushbu jarayonda bloger fermerlarni haqorat qilgan.
Shundan so‘ng pilla yetishtiruvchi fermerlar Odilovning xatti-harakatlari yuzasidan Yakkabog‘ tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan.
Blogerga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi hamda 198-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlar bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudiga yuborilgan. Unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ma’lumot uchun, bloger Elmurod Odilov avval Senat Raisi Tanzila Norboyevaning iste’fosini talab qilib chiqqan.
Qashqadaryolik blogerlarning qamalishi
Oxirgi vaqtlarda Qashqadaryoda blogerlarning qamalishi avj oldi. Jumladan, “AvtoblogUZ” Telegram kanali asoschisi Maqsud Muzaffarov hamda qashqadaryolik yana bir taniqli bloger Umid Karimov (“Kapitan Karimov”) Ichki ishlar xodimlari bilan tortishgani uchun qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holatga nisbatan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi izoh berib, janjal rostan yuz berganini tasdiqlagan.
Viloyat IIBning iddao qilishicha, shu yilning 29 may kuni Shahrisabz shahrida IIB YHXB xodimlari 2 ta davlat raqamisiz, oynalari to‘liq qoraytirilgan hamda ruxsatsiz qayta jihozlangan Gentra avtomashinalarga nisbatan hujjatlarni rasmiylashtirishda transport vositalari haydovchilari (yuqorida ismlari keltirilgan blogerlar nazarda tutilmoqda) ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan janjal chiqarib, ommani o‘ziga qaratgan.
Shundan so‘ng blogerlarning har biriga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.