Urushlar bilan o‘tgan yil. 2024 yilda dunyoni nimalar kutmoqda?
Tahlil
−
30 dekabr 2023
167622024 yil eshik qoqyapti. Afsuski, dunyo o‘tgan yildagi kabi urush jazavasida Yangi yilni kutib olyapti. Yagona farq – 2023 yil kirib kelayotganda faqat Ukrainada janglar bo‘layotgan edi, tugayotgan yilda esa G‘azo ham qabristonga aylandi.
Yangi yil arafasida o‘tgan yilgi voqealarni tahlil qilib, ulardan xulosa chiqarish va keyingi yilga rejalar tuzish ko‘pchilik uchun odat tusiga kirgan. QALAMPIR.UZ'ning bugungi maqolasi ham shu maqsadda e’tiboringizga xavola qilinmoqda. Keling, birgalikda 2023 yil davomida dunyoda sodir bo‘lgan va 2024 yilda bo‘lishi kutilayotgan muhim voqelarni ko‘rib chiqamiz.
2023 yil voqealari
Ukrainada tugamagan urush
2023 yil – Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishining ikkinchi yili. Bu yil Ukraina Donbassning ikkita yirik shahri – Soledar va Baxmutni boy berdi. O‘tgan yilgi Xarkov viloyati va Xersonni ozod qilishdagi muvaffaqiyatlaridan so‘ng, 2023 yilda Ukraina hukumati keng ko‘lamli qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rishini e’lon qilgan edi. Ammo uning boshlanishi kechikdi, yil oxiriga kelib esa sezilarli yutuqlarga erishilmadi.
AQSHning F-16 qiruvchi samolyotlari hali ham Ukrainaga yetib bormadi. Rasmiylar kelishuvlarga erishilganiga ishontirsa-da, buning uchun yana ko‘proq vaqt kerak bo‘lyapti. Bundan tashqari, 2023 yilda keng ko‘lamli falokat – Kaxovka GESida portlash sodir bo‘ldi. Ukraina Rossiyaning osmondan hujumlariga qarshi kurashishda davom etdi va ukrainalik harbiylar Rossiyaning tovushdan tez uchadigan Kinjal raketalarini urib tushirishga muvaffaq bo‘lganini aytdi.
Xullas, bu yil Ukrainada harbiy asirlar va ishg‘ol hokimiyati tomonidan o‘g‘irlab ketilgan bolalarni qaytarish, prezidentlik saylovlari haqida bahslashish, Mudofaa vazirlarini almashtirish, Polsha chegarasidagi tirbandliklarda qolib ketish, rus va sovet yodgorliklaridan xalos bo‘lish davom etdi.
Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, yilning birinchi olti oyi davomida ukrainaliklar va butun dunyo Donbassning yirik shaharlaridan biri – Baxmut taqdirini kuzatdi. May oyining oxirida shahar Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingani aniq bo‘ldi. Ukraina Milliy xavfsizlik kengashining xabar berishicha, shahar uchun janglarda Rossiya armiyasi 23 ming askarini yo‘qotdi. Bu raqamni mustaqil ravishda tekshirishning iloji yo‘q. Ukraina Qurolli kuchlari qancha askar yo‘qotgani esa noma’lum.
Shunga qaramay, harbiy tahlilchilar Ukrainaning Baxmutdagi mudofaa operatsiyasini muvaffaqqiyatli, deb baholaydi. Garchi shahar Rossiya nazoratiga o‘tgan bo‘lsa-da, bu Moskva uchun qimmatga tushdi. Rossiya Baxmut egallanishi badalini “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi yollanma askarlari va Mudofaa vazirligi o‘rtasidagi mojaro, Yevgeniy Prigojinning qo‘zg‘oloni va keyin uning o‘limi bilan to‘ladi.
G‘arb transport vositalaridan foydalangan holda tuzilgan Ukraina brigadalari janubda oldinga siljishga harakat qildi, ammo sezilarli yutuqlarga erishilmadi. Davlat darajasida e’lon qilingan qarshi hujum qurol-yarog‘ ta’minotidagi kamchiliklar sabab sekinlashdi va Rossiya armiyasi mudofaaga tayyorlanish uchun vaqt topdi. Jang maydonidagi kuchlar muvozanati yozning boshida Kaxovka gidroelektr stansiyasida sodir bo‘lgan katta portlash bilan o‘zgardi.
Qarshi hujum natijasida Ukraina birorta yirik shaharni ozod qila olmadi, Ukraina Qurolli kuchlari bir nechta qishloqlarga kirdi va qish boshiga qadar Ukraina harbiylari butun front chizig‘i bo‘ylab to‘liq mudofaaga o‘tdi.
Boshqa bir tarafdan, bu yilda Ukraina iqtisodiga zarba beradigan voqea sodir bo‘ldi. Bu “Qora dengiz tashabbusi”ning to‘xtatilishidir. 2022 yilning iyun oyida Istanbul shahrida BMT, Rossiya, Ukraina va Turkiya o‘rtasida imzolangan xalqaro kelishuv Ukrainaning uchta portidan (Chernomorsk, Odessa va Yujniy) g‘alla eksporti uchun yo‘lak yaratish hamda Rossiyaga oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishni nazarda tutardi. U bir-necha bor uzaytirildi. Ammo joriy yilning 17 iyul kuni “Don kelishuvi” uzaytirilmasligi ma’lum bo‘ldi. Rossiya tomoni qashshoq davlatlar uchun tashkil etilgan “Don kelishuvi”doirasidagi oldi-sotdi jarayonlarining 81 foizi yuqori va o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlarga to‘g‘ri kelishini, bularning barchasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida amalga oshirilayotganini bildirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “G‘alla bitimi”bo‘yicha barcha shartlar bajarilmaguncha, mamlakat tashabbusdagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yishini aytdi. U “Qora dengiz tashabbusi”dan chiqishi bilan Odessa portiga hujum qila boshladi. Portdagi don va neft tankerlari zarar ko‘rdi.
G‘arb davlatlari Rossiyani kelishuvga qaytishga chaqirdi, hatto, Turkiya Prezidenti Sochiga borib Putin bilan gaplashib qaytdi. Biroq buning foydasi bo‘lmadi – “Don bitimi” tiklanmadi. Biroq Rossiya ayrim Afrika davlatlariga tekinga don yetkazib berilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, Putin Rossiya, Qatar va Turkiya o‘rtasida eng qashshoq mamlakatlarga imtiyozli narxda 1 mln tonnagacha don yetkazib berishni nazarda tutuvchi kelishuv tuzilishini e’lon qildi. Bularning hammasi asosiy don eksportchisi bo‘lgan Ukraina uchun ortiqcha muammo edi. Shunga qaramay, Ukraina Turkiya va boshqa G‘arb hamkorlari ko‘magida o‘zining janubiy portlaridan kemalar harakatlanishini ta’minlay oldi.
Yana bir tarafdan, mamlakatda ichki siyosiy qarama-qarshiliklar kuchaydi. Ukrainada Mudofaa vazirligidagi korrupsiya mojarolari, shov-shuvli jurnalistik tekshiruvlar, Vladimir Zelenskiy va Bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniy o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, urush davrida prezidentlik saylovlarini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi. Psixologik jihatdan, bu urushdan charchash, umidsizlik paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Urush charchoqlari deb ataladigan narsa, shu jumladan G‘arbda, yil oxirigacha AQSH va Yevropa Ittifoqi ommaviy axborot vositalarida tobora ko‘proq yozilmoqda. 2024 yil Ukraina uchun qanday bo‘lishiga aynan ushbu mamlakatlarning tizimli va uzluksiz – moliyaviy va harbiy yordamiga bog‘liq.
Xususan, Ukrainaga yordam AQSH Kongressida katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Oq uy Kiyevga yordam yuborish tarafdori bo‘lsa, Kongressdagi respublikachilar bunga qarshi. Shu sabab ham 1 oktyabrda boshlangan moliyaviy yil uchun vaqtinchalik byudjet tasdiqlandi, xolos. Chunki kongressmenlar Ukrainaga yordam borasida kelisha olmadi.
Yevropada esa Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi sammitida Ukrainaga keyingi to‘rt yil davomida 50 milliard yevrolik byudjet yordami dasturiga veto qo‘ydi.
Shunga qaramay, Ukraina uchun uzoq kutilgan voqea ham shu yilda sodir bo‘ldi. 15 dekabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI sammitida Yevropa kengashi Ukrainaning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi.
Prigojinning bir kunlik isyoni
Yilning eng shov-shuvli voqealaridan biri “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinning Moskvaga qarshi bosh ko‘targani bo‘ldi. Joriy yilning 24 iyun kuni Prezident Vladimir Putinning “oshpazi” uning ikki harbiy mulozimi – Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov va Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygudan norozi bo‘lib, “adolatni tiklash” maqsadida Moskva sari yurish boshladi. Poytaxt tomon odimlab borar ekan, uning har bir harakati ommada qizish uyg‘otar, “keyin nima bo‘lar ekan”, deya yangiliklarni kuzatib borishga undardi. U o‘tgan har bir viloyatni jangsiz va birorta askarini yo‘qotmay egallab borayotgani, egallaganda ham uni quchoq ochib kutib olishayotgani, Kremlda hadik uyg‘otgan bo‘lsa ajab emas.
Shunga qaramay, “Moskva fathi” yuz bermadi. Prigojinning “adolat marshi” kun oxiriga kelib kutilmaganda yakun topdi. Moskvaga 200 kilometr qolganida Putin va Prigojin orasiga Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko tushdi. Prigojin bilan eski “oshna-og‘aynichiligi” borligi sabab shaxsan o‘zi u bilan muzokaraga kirishib, uni poytaxtga bormaslikka ko‘ndirdi.
Shunday qilib, Prigojin ortga chekindi va kelishuvga ko‘ra askarlari bilan Belarusga joylashdi. Prigojinning isyoni ortidan Rossiya harbiy amaldorlari orasida tozalash boshlandi. Kimlardir qamaldi, yana kimlardir ishdan haydaldi.
Isyon ko‘targan Prigojinning o‘zi ham uzoq yashamadi. Oradan roppa-rosa 2 oy o‘tib, 24 avgustga o‘tar kechasi bortida Yevgeniy Prigojin va “Vagner” qo‘mondonlaridan biri Dmitriy Utkin bo‘lgan Embraer biznes jeti portlatib yuborildi. G‘arb davlatlari portlashda aniq Putinning qo‘li borligini aytsa, Moskva ataylab mamlakatda hukumatga qarshi norozilik kuchayishi uchun aynan G‘arb va Ukraina razvedkasi Prigojinni o‘ldirtirganini da’vo qildi.
29 avgust kuni Rossiya qahramonlari harbiy sharaf bilan dafn etilgan Serafimov qabristonida o‘nlab jurnalistlar navbatchilik qilayotganda, Prigojinning dafn marosimi butunlay boshqa cherkov hovlisida – Sankt-Peterburgdagi Poroxovda qabristonida bo‘lib o‘tdi. Uning dafn marosimiga Rossiya rahbari Vladimir Putin bormadi.
Turkiyada qizg‘in o‘tgan prezident saylovi
2023 yilning may oyida Turkiyada prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Bahs-munozaralar va keskin raqobatga boy bo‘lgan ushbu jarayon ham dunyo e’tibori markazida edi. Chunki Turkiyani 2014 yildan beri boshqarib kelayotgan Rajab Toyib Erdo‘g‘an bu safar og‘ir sinovli kurashga kirgandi. Bir tomonda mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz, boshqa tomonda zilzila talafotlari, qolaversa, 10 yillardan buyon odamlarni qiynab, ishsizlikni avj pallasiga chiqarib kelayotgan muhojirlar masalasi Erdo‘g‘anga nisbatan ishonchsizlikni orttirgan edi. Erdo‘g‘anga qarshi uning azaliy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li maydonga chiqdi. Qilichdoro‘g‘li Erdo‘g‘andan farqli o‘laroq G‘arb davlatlariga yaqin siyosat olib borishni va’da qilayotgandi. Saylovoldi o‘tkazilgan so‘rovlarning ko‘pchiligida ham Qilichdoro‘g‘lining qo‘li baland keldi.
14 may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishda amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an 49,35%, Kamol Qilichdoro‘g‘li 45%, yana bir prezidentlikka nomzod Sinan O‘g‘an esa 5,22% ovoz oldi. Bu saylovlar ikkinchi bosqichga qolishini anglatardi.
Ikkinchi bosqich 28 mayga belgilandi. Hal qiluvchi ovozni olgan Sinan O‘g‘an o‘z tarafdorlarini Erdo‘g‘anga ovoz berishga chaqirdi va bellashuvni tark etdi. Qilichdoro‘g‘li va Erdo‘g‘an o‘rtasida kechgan kurashda yana amaldagi Prezidentning qo‘li baland keldi – u 52,14 % ovoz bilan hokimiyatda qoldi. Qilichdoro‘g‘li esa 47,86 % ovoz bilan avval saylovni, keyin esa partiyasi rahbarligini tark etdi.
Shunday qilib, Erdo‘g‘an yana besh yil muddatga hokimiyatda qoldi.
Tiklangan adolat – tugatilgan Tog‘li Qorabog‘
Yilning yana bir muhim voqeasi tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining tugatilishi bo‘ldi. 2023 yil sentyabr oyi boshida tomonlar yana bir-birini vaziyatni keskinlashtirishda va sulhni buzishda aybladi. 2023 yil 19 sentyabrda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan esa sodir bo‘lgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi va Qorabog‘da arman qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidladi. Yevropada xavfsizlik va hakorlik tashkilotining Qorabog‘ mojarosini hal etish uchun tuzilgan Minsk guruhi hamraislari Moskva, Vashington va Parij nizolashayotgan tomonlarni ziddiyatni to‘xtatishga va diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi.
20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingenti ishtirokida Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. O‘sha kuni Bosh vazir Nikol Pashinyan Armaniston xalqiga yo‘llagan murojaatida Armaniston Qorabog‘ hukumatining Ozarbayjon bilan muzokara olib borish qarorini “e’tiborga olishini” aytdi. Shu bilan birga, u “Armaniston Respublikasi Qorabog‘ bo‘yicha imzolangan matnni tayyorlashda va muhokamalarda ishtirok etmaganini” ta’kidladi. 19 sentyabr kuni Yerevanda respublika hokimiyati iste’fosini talab qilib, keng ko‘lamli namoyishlar boshlandi.
21 va 25 sentyabr kunlari Yevlax va Xo‘jalida Qorabog‘ arman aholisi vakillari va Ozarbayjon hukumati o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, ularda arman aholisini reintegratsiyalash masalalari ham muhokama qilindi.
28 dekabrda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi tugatildi. Uning rahbari Samvel Shahramanyan tegishli farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, tan olinmagan respublika 2024 yil 1 yanvargacha o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
Qayta uyg‘ongan ajdar yohud Yaqin Sharqda boshlangan yangi urush
Dunyo shusiz ham Ukrainadagi urush bilan ovora bo‘layotgan bir paytda Yaqin Sharqda yangi “qaynoq hudud” paydo bo‘ldi. Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil iddaosiga ko‘ra, o‘sha kuni HAMAS hujumi oqibatida 1200 dan ortiq isroillik halok bo‘lgan. Yuzlab odamlar garovga olinib, G‘azoga olib ketilgan.
Bunga javoban Isroil Mudofaa kuchlari “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektori to‘liq blokada qilinishini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi va shunday bo‘ldi ham. Isroilning javob zarbasi qaqshatqich bo‘ldi. Maktabmi, shifoxonami, masjid yoki cherkovmi – Isroilga farqi bo‘lmadi. SAXAL fuqarolik ob’ektlariga zarba beraverdi. Buni o‘sha yerlarda HAMASga aloqador shaxslar yoki ularning maxfiy qarorgohi borligi bilan izohladi.
Dastlab tinch aholi kamroq talofat ko‘rishini maqsad qilganini da’vo qilgan Isroil G‘azodagi falastinliklarni anklav shimolidan janubga ketishga chaqirgandi. Biroq endilikda Isroil G‘azo janubidagi Xon Yunus va Rafah shaharlariga ham hujum qilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 21 mingdan oshgan. Ularning aksariyatini ayollar va bolalar tashkil etadi. Isroil tomondan qurbon bo‘lganlar esa 1400 kishi ekani aytiladi.
Bunday qirg‘inbarotni to‘xtatish uchun dunyo yetakchilari bir necha bor yig‘ildi. Ammo tarafkashlik va geosiyosiy manfaatlar sabab bu uchrashuvlar mojaro yakun topishiga olib kelmadi. To‘g‘ri, noyabr oyi oxirida Qatar va Misr vositachiligida Isroil va HAMAS o‘rtasida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatib turish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Biroq 1 dekabrdan janglar yana boshlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi G‘azodagi vaziyat bo‘yicha bir necha bor yig‘ilish o‘tkazgan bo‘lsa-da, hali ham “harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish” to‘g‘risidagi chaqiriq mavjud bo‘lgan rezalyutsiya qabul qilinmadi. BMT Xavfsizlik Kengashi shu paytgacha faqat bir marta, 15 noyabr kuni “gumanitar pauza”ga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilib, sukunatni buzishga muvaffaq bo‘lgan. Yana beshta matn rad etilgan va Qo‘shma Shtatlar o‘z vetosini ikki marta qo‘llagan.
G‘azodagi qirg‘in fonida Isroil va unga yordam berayotgan AQSHning obro‘yiga putur yetdi. AQSH va ittifoqchilarining Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari tez-tez hujumga uchray boshladi. Qizil dengizda esa Isroil tomon yo‘l olgan yoki Isroilga qandaydir aloqasi bo‘lgan kemalar Yamandagi husiylarning zarbalariga uchramoqda. AQSH Qizil dengizda husiylarga qarshi operatsiya boshlaganini e’lon qildi. Ammo, xavfsizligini o‘ylagan kema kompaniyalari yuk tashishda uzoqroq yo‘lni tanlashni avzal ko‘rmoqda. Bu esa, albatta, jahon bozoridagi narx-navoga ta’sir qilmay qolmayapti.
Mojaroni hal qilish bo‘yicha dastlab Turkiya, keyinchalik Misr o‘z tichlik rejasini taklif qildi. Hozircha bularning hech biri amaliyotga ko‘chgani yo‘q. G‘azoda urush davom etmoqda, odamlar o‘lmoqda. Bundan tashqari, G‘arbiy sohildagi reydlar ham kuchaygan. Yangi yilda bu urush tugashiga umid qilamiz. Ammo, hozirgi vaziyat mintaqada tinchlik o‘rnatish hali ushalmas orzu ekanini ko‘rsatayotgandek, go‘yo.
2024 yilda kutilayotgan voqealar
Jahonda davom etayotgan urushlar yangi 2024 yilda tugashiga hech kim kafolat bera olmaydi. Umuman olganda, 2024 yilda insoniyatni nimalar kutayotgani ham noma’lum. Biroq Yangi yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan aniq hodisalar ham yo‘q emas. Bu oldindan saylovlardir. Agar hech qanday favqulodda holatlar ro‘y bermasa, ular oldindan belgilangan sanalarda o‘tkazilishi kerak.
2024 yil 15-17 mart kunlari Rossiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak saylovlarda prezidentlikka da’vogarlar soni allaqachon 29 nafarga yetgan. Ular orasida amaldagi Prezident Vladimir Putin ham bor. Biroq bu saylov o‘tgan yilgi Turkiyadagi saylovlar kabi qizg‘in o‘tishi kutilmayapti. Xususan, yangicha g‘oyalar – Ukrainada jangovar harakatlar to‘xtatish, demokratik islohotlar va siyosiy mahbuslarning ozod etish da’volari bilan prezidentlikka o‘z nomzodini e’lon qilgan jurnalist Yekaterina Dunsovaga Markaziy saylov komissiyasi (MSK) saylovda qatnashishga ruxsat bermadi. Dunsova MSKga qarshi Rossiya Federatsiyasi Oliy sudiga da’vo kiritdi. Biroq sud buni rad etdi.
Bundan tashqari, dunyoning yana bir kuch markazi AQSHda ham 2024 yilda prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Okean orti mamlakatida o‘tgan yildayoq saylov mashmashasi boshlangan. Eng birinchi bo‘lib sobiq prezident Donald Tramp Oq uyga qaytmoqchi ekanini e’lon qilgan. Keyinchalik amaldagi Prezident Jo Bayden ham qayta saylanishga umid qilayotganini bildirgan. Ularning ortidan AQSHning 35-prezidenti Jon Kennedining jiyani, huquqshunos va siyosatchi kichik Robert Kennedi, AQSHning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli, Florida gubernatori Ron de Santis, biznesmen Vivek Ramasvami, Nyu-Jersi shtatining sobiq gubernatori Kris Kristi ham o‘z nomzodini ilgari surdi. Biroq so‘rovlarda sobiq va amaldagi prezidentlar oldinda ketmoqda. Trampga qarshi jinoiy ishlar ochilishi va uning bir-necha bor sud qilinishi ham uning piariga xizmat qildi. Masalan, u joriy yilning avgust oyida AQSHning Jorjiya shtatida rasmiy hibsga olish jarayonidan o‘tgandan so‘ng, saylov kampaniyasi uchun 7,1 million dollarga yaqin xayriya yig‘di.
Ijtimoiy so‘rovnomalarda birinchilikni hech kimga bermay kelayotgan Donald Tramp partiya debatlarida ham qatnashmayapti.
2023 yil oxirida Tramp uchun yangi muammo paydo bo‘ldi. Dastlab Kolarado, keyin esa Men shtati unga prezidentlikka nomzodini qo‘yishni taqiqladi. Qolgan 48 ta shtatda bu amal qilmaydi, albatta. Biroq prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadigan 2024 yilning 5 noyabr sanasigacha bu borada ko‘plab qiziq yangiliklar bo‘lishi aniq.
Bundan tashqari, Ozarbayjonda ham 2024 yil 7 fevralda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Amaldagi davlat rahbari, mamlakatni 20 yildan beri boshqari kelayotgan Ilhom Aliyev nomzodi allaqachon hukmron “Yangi Ozarbayjon” partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan. Shuningdek, 25 fevralda Belarusda, 1 martda Eronda, aprel va may oylarida Hindistonda, shuningdek, katta ehtimol bilan O‘zbekistonda ham parlament saylovlari o‘tkazilishi belgilangan. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak esa 2024 yil oxirigacha Birlashgan Qirollikda umumiy saylovlar o‘tkazilishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, 2024 yilning 6-9 iyun kunlari Yevropada saylovlar bo‘lib o‘tadi. Iyun oyida Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 mamlakatdagi saylov huquqiga ega bo‘lganlar Yevroparlamentda kim vakillik qilishini tanlaydi.
Saylov, shuningdek, keyingi Yevropa Komissiyasiga (YeK) kim rahbarlik qilishini hal qiladi. YeKni hozirda boshqarayotgan Ursula fon der Lyayenning rahbarlik muddati 2024 yilda tugaydi. Biroq u yana o‘z nomzodini qo‘yishi kutilmoqda.