“Tolibon” 500 talabaga Rossiyaga o‘qishga borishni man etdi

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati oliy ta’lim vazirligi 500 nafar talabaga Rossiyaga o‘qishga borishni taqiqladi. Bu haqda “Hasht-e Subh” gazetasi xabar berdi.

“So‘nggi uch yil ichida “Tolibon” nafaqat afg‘on qizlari va ayollarini ijtimoiy, ta’lim va akademik hayotning barcha jabhalaridan mahrum qildi, balki erkaklarga nisbatan ham ko‘plab cheklovlar qo‘ydi. Shuningdek, yuzlab talabalarning Rossiyaga borishiga to‘sqinlik qildi”, deya yozgan nashr.

“Tolibon” bu taqiqni talabalarning Rossiyaga musulmon bo‘lib ketib, kommunist bo‘lib qaytmoqda, degan bahona bilan izohlagan.

Rossiya stipendiyalariga da’vogar bo‘lgan talabalar 2023 yilda ro‘yxatdan o‘tganini va 2024 yilda imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganidan so‘ng barcha ma’muriy tartib-qoidalarni bajarganini ta’kidlamoqda. Biroq, hozirda “Tolibon” ularga Rossiyaga borish uchun ruxsatnoma olishga to‘sqinlik qilmoqda. Ularning aytishicha, qashshoqlik va ishsizlik keng tarqalgan bo‘lishiga qaramay, ularning har biri safar hujjatlarini olish va tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun 100 dollardan 150 dollargacha pul to‘lagan.

Talabalarning so‘zlariga ko‘ra, bir necha oy kutish va ko‘plab uchrashuvlardan so‘ng yaqinda Rossiya elchisi va Kobuldagi Rossiya fan va madaniyat uyi rahbari ularga muammolarni keltirib chiqarayotgan Rossiya emasligini ma’lum qilgan. Rossiya elchixonasiga ko‘ra, aynan “Tolibon” oliy ta’lim vazirligi ularga ushbu stipendiyalarni olishiga to‘sqinlik qilmoqda va vazirlik hech bir talaba stipendiya olish huquqiga ega bo‘lmasligini buyurgan.

Stipendiya talabgorlari “Tolibon”ning bu harakatlari yoshlarning porloq kelajak va oliy ta’limga bo‘lgan asosiy huquqlarini inkor etish ekanini ta’kidlamoqda.

Gazetaning yozishicha, talabalar Rossiya hukumatini ularning muammosini hal qilish uchun “Tolibon” bilan hamkorlik qilishga chaqirmoqda. Ularning aytishicha, “Tolibon” o‘tmishda ham afg‘on talabalarining Rossiyada ta’lim olishiga to‘sqinlik qilgan, biroq Rossiya talabalarga Eron orqali o‘qish vizasi olish va tegishli universitetlarga o‘qishga kirishda yordam bergan.

“Talabalar, agar “Tolibon” hali ham ularga safar qilishlariga ruxsat bermasa, Rossiyaning qo‘shni davlatlardagi elchixonalari talabalarning o‘qish vizalarini olishi va Rossiyada o‘qishini davom ettirishi uchun hamkorlik qilishi kerakligini ta’kidlamoqda”, deb yozadi gazeta.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Shermuhammad Abbos Stanikzay mamlakat oliy rahbariyatini xotin-qizlar uchun ta’lim taqiqini bekor qilishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya talaba Tolibon Rossiya elchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing