AQSH Meksika chegarasiga zirhli texnika joylashtirishi mumkin – WP
Olam
−
25 yanvar
2142AQSH ma’muriyati Meksika chegarasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish maqsadida Stryker zirhli transport vositalarini va qo‘shimcha harbiy kuchlarni safarbar qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda manbalariga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, jami 10 minggacha harbiylarni, jumladan, 20 tonnalik zirhli transport vositalari bilan jihozlangan piyoda qo‘shinlarini yuborish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu Texas va Kaliforniya shtatlaridagi chegara hududlarida hozirda joylashgan taxminan 2,5 ming harbiylarning sonini sezilarli darajada oshiradi.
Harbiylar Amerika chegarachilariga noqonuniy yo‘l bilan chegarani kesib o‘tishga uringan migrantlarni aniqlash va ushlashda yordam beradi.
ABC telekanaliga ko‘ra, noqonuniy migrantlarni AQSHdan muntazam ravishda harbiy samolyotlarda chiqarib yuborish amaliyoti boshlanadi. Shuningdek, Tramp hokimiyatga kelganidan keyin AQSHning migratsiya organlari mamlakatda hujjatsiz yashayotgan 11 millionga yaqin migrantni hibsga olish vakolatiga ega bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Ichki xavfsizlik vazirligining Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) bo‘limi immigrantlarga mamlakatda vaqtincha yashash imkonini beruvchi bir qator dasturlarni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergani xabar qilingandi. Bu qaror, xususan, moliyaviy homiylari bor ukrainaliklarga vaqtinchalik maqomda AQSHga kirish imkonini bergan asosiy tashabbus – “Ukraina uchun birlashuv” (Uniting for Ukraine) dasturiga tegishli. Shuningdek, Vashington Venesuela, Gaiti, Nikaragua va Kubadan kelgan 500 mingdan ortiq muhojirlarga homiylar bilan AQSHga vaqtincha kirish imkonini bergan dasturini to‘xtatmoqda.