Jurnalist qanday do‘pposlanganini aytib berdi
Olam
−
05 iyul 2023
11709Rossiyaning Checheniston hududida jurnalist Yelena Milashina va uning advokati Aleksandr Nemovga qilingan hujum tafsilotlari ma’lum qilindi. Bu haqda Milashinaning inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot “Komanda protiv pitok” (Qiynoqlarga qarshi jamoa)ning Telegram-kanalida joylashtirilgan izohida so‘z boradi.
Jurnalistning tushuntirishicha, aerportdan chiqqanidan so‘ng ularning avtomobilini har birida kamida to‘rt kishi bo‘lgan uchta mashina quvib o‘tgan.
“Ular qo‘llarimni orqamga bog‘lamoqchi bo‘lishdi. Keyin, aftidan, Sashani pichoqlashdi shekilli, undan qon oqa boshladi. Biroz masofani bosib o‘tganimizdan keyin mashina to‘xtab qoldi. Ular mashinani yurgiza olmadi. Keyin bizni qandaydir jarga sudrab borib, kaltaklay boshlashdi. Menimcha, u yerda 10-15 kishi bor edi. Ular juda ko‘p edi”, deydi Malashina.
Uning ta’kidlashicha, hujum qilgan shaxslar u va advokatidan telefon parollarini so‘ragan. Aks holda ularing barmoqlarini sindirish va kesib tashlash bilan tahdid qilishgan. Ular pul va bank kartalarini olmagan. Ammo Nemovning hujjatlari va pasporti yirtib tashlangan.
Shuningdek, Milashina hujum qilganlardan biri samolyotda ular bilan birga uchgan bo‘lishi mumkinligini ham sezgan.
Milashinaning aytishicha, u hokimiyat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qilganlikda ayblanib, 5,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Checheniston sobiq sudyasining rafiqasi Zarema Musayevaning apellyatsiyasiga borishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha 4 iyul kuni Chechenistonning Grozniy shahrida noma’lum shaxslar “Novaya gazeta” jurnalisti Yelena Milashina va advokat Aleksandr Nemovga hujum qilgandi. Keyinroq jarohatlangan jurnalist va advokat Beslanga olib ketilgan. Voqea yuzasidan Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil Tatyana Moskalkova Checheniston Tergov qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va prokuraturasiga murojaatlar yuborgan. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov hodisani “juda ta’sirchan choralar talab qiluvchi o‘ta jiddiy hujum” deb atadi va favqulodda holat davlat rahbari Vladimir Putinga xabar qilinganini aytdi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa advokat va jurnalistni do‘pposlaganlarni topishni buyurdi.