“Kompromat ishi” bo‘yicha tergov yakunlangani aytilmoqda
Jamiyat
−
02 iyun 2023
24395“Kompromat.uzb” ishi bo‘yicha ayblangan shaxslar – “Human” axborot portali direktori Xurshid Daliyev va uning jiyani, sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimovlarga nisbatan o‘tkazilayotgan tergov harakatlari yakunlangan. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov “Ozodlik radiosi”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, yuqorida ismi sanalgan shaxslarga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlanib, tegishli ayblov xulosasi tuzilgan. Ushbu ayblov xulosasi tasdiqlanishi uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Tashanovga ko‘ra, yaqin kunlarda ularga nisbatan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha sud jarayoni poytaxt tumanlaridan birida bo‘lib o‘tadi.
Uning bildirishicha, keltirilgan umumiy zarar miqdori 2 milliard so‘mdan ortiqligi taxmin qilinmoqda.
“Kompromat ishi”
Joriy yilning 27 yanvar kuni “Human” axborot portali direktori Xurshid Daliyev va uning jiyani, sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimov qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, DXX organlari tomonidan fuqaro I.A.dan kelib tushgan murojaatga asosan, fuqaro D.X. va boshqalarning Telegram'dagi “Kompromat.uzb” va boshqa kanallar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorliklari sababli ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, ushbu shaxslar Jinoyat kodeksining 165-moddasidan tashqari 243-modda (jinoiy daromadlarni legallashtirish) bilan ham tergov qilingan.
LiveBarchasi