“Kompromat ishi” bo‘yicha sud hukmi o‘zgarishsiz qoldi
3-sahifa
−
15 noyabr 2023
4671Kecha, 14 noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida sudlanuvchilar – jurnalist va bloger, “Human” axborot agentligi rahbari Xurshid Daliyev, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq matbuot kotibi Siyovush Hoshimov va ularning himoyachilari tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyatlari ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi
Bildirilishicha, Toshkent shahar sudining 2023 yil 14 noyabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 2023 yil 26 sentyabrdagi hukmining Xurshid Daliyev va Siyovush Hoshimovga oid qismi o‘zgarishsiz, keltirilgan shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Qayd etilishicha, ushbu ajrimdan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligi talablariga muvofiq Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest keltirishga haqlidir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 sentyabridagi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining hukmiga ko‘ra, Xurshid Daliyevga 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, Siyovush Hoshimovga esa 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Jurnalist, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining sobiq matbuot kotibi Mavjuda Mirzayevaga esa 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Shu bilan birga jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilangan.
LiveBarchasi