“Kompromat ishi” bo‘yicha sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
26 Sentabr 2023
25486“Kompromat ishi” bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 26 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida X.D. (1984 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan), S.X. (1983 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan), A.A. (2004 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan) va M.M. (ayol, 1973 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilingan.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining raisi T. Obidov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:
X.D. Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1-bandiga asosan jinoyat ishining ayrim epizodlari bo‘yicha Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi (oqlandi). X.D. Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59- (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-(jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi umumiy tartibli koloniyalarda o‘ttatirilishi belgilangan.
S.X. esa Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan jinoyat ishining ayrim epizodlari bo‘yicha Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etilgan (oqlangan). Biroq u Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59- va 61-moddalari tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi umumiy tartibli koloniyalarda o‘ttatirilishi belgilandi.
Yana bir sudlanuvchi, A.A. Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi va jinoyat ishining ayrim epizodlari bo‘yicha 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi (oqlandi). Unga nisbatan 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bo‘yicha e’lon qilingan ayblovning qolgan epizodlari Jinoyat kodeksining 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 1-qismiga qayta malakalandi. Shu tariqa A.A. Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchi M.M. esa Jinoyat kodeksining 113-moddasi (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi va 165-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 59-moddasi tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shu bilan birga jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilangan.
Mazkur hukmdan norozi taraflar Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi ma’lum qilingan.
LiveBarchasi