Jurnalist Mavjuda Mirzayevani 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish so‘raldi
Jamiyat
−
10 Sentabr 2023
39406“Kompromat ishi” bo‘yicha ayblanayotgan sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayevani 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish so‘raldi. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yopiq tarzda ko‘rilgan sudda prokuror jurnalist Mavjuda Mirzayevani 6 yilga ozodlikdan mahrum qilishni hamda uning jurnalistlik faoliyatini 3 yilga ta’qiqlashni so‘ragan.
Abdurahmon Tashanovning QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, sud shu yilning 5 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan.
"Kompromat ishi”
Joriy yilning 27 yanvar kuni “Human” axborot portali direktori Xurshid Daliyev va uning jiyani, sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimov qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.
Mazkur ish bo‘yicha 1984 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Xurshid Daliyev, 1983 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan Siyovush Hoshimov, 2004 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Ahmadullo Ahmadjonov hamda 1973 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Mavjuda Mirzayeva jalb qilingan.
Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidovga ko‘ra, A.Ahmadjonov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 25, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, S.Hoshimov yuqoridagi moddalarga qo‘shimcha ravishda JKning 243-moddasi bilan, X.Daliyev esa xuddi shu moddalar va JKning 184-moddasi 3-qismi bilan, M.Mirzayeva esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”, “b”, “v” bandlari bilan ayblanmoqda.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari davrida jinoyat ishining boshqa ishtirokchilariga oid qismi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksi (JPK) talablari asosida alohida ish yurituviga olingan.
Oliy sud bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 5 mlrd 138 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi nomlari sanalgan shaxslar joriy yilning yanvar oyida hibsga olingan edi.
LiveBarchasi