“Kompromat ishi” ayblanuvchilari sud yopiq ko‘rilishini so‘ragani aytildi
3-sahifa
−
18 iyul 2023
8440Avvalroq, “Kompromat ishi” bo‘yicha sud majlisi yopiq bo‘lishi, unda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmasligi haqida xabar bergan edik. Oliy sud ushbu ma’lumotni tasdiqlab, jinoyat ishi sudda yopiq ko‘rilayotganiga sudlanuvchilar tomonidan kiritilgan iltimosni sabab qilib ko‘rsatdi.
Qayd etilishicha, bugun, 18 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Xurishd Daliyev (1984 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan), Siyovush Hoshimov (1983 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan), Ahmadullo Ahmadjonov (2004 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan) va Mavjuda Mirzayeva (ayol, 1973 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlangan.
“Sud sudlanuvchilar Xurshid Daliyev va Mavjuda Mirzayevaning jinoyat ishini yopiq sud majlisida ko‘rib chiqish haqida keltirgan iltimosnomalarini muhokama qilib, ishda ishtirok etayotgan davlat ayblovchisi hamda himoyachilarning fikrlarini tinglab, ushbu jinoyat ishini Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqish haqida ajrim chiqardi”, deyiladi Oliy sud xabarida.
Xabar so‘ngida aytilishicha, sud jarayoni yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
"Kompromat ishi”
Joriy yilning 27 yanvar kuni “Human” axborot portali direktori Xurshid Daliyev va uning jiyani, sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimov qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.
Mazkur ish bo‘yicha 1984 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Xurshid Daliyev, 1983 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan Siyovush Hoshimov, 2004 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Ahmadullo Ahmadjonov hamda 1973 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Mavjuda Mirzayeva jalb qilingan.
Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidovga ko‘ra, A.Ahmadjonov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 25, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, S.Hoshimov yuqoridagi moddalarga qo‘shimcha ravishda JKning 243-moddasi bilan, X.Daliyev esa xuddi shu moddalar va JKning 184-moddasi 3-qismi bilan, M.Mirzayeva esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”, “b”, “v” bandlari bilan ayblanmoqda.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari davrida jinoyat ishining boshqa ishtirokchilariga oid qismi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksi (JPK) talablari asosida alohida ish yurituviga olingan.
Oliy sud bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 5 mlrd 138 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi nomlari sanalgan shaxslar joriy yilning yanvar oyida hibsga olingan edi.
LiveBarchasi