“Kompromat ishi” yopiq sudda ko‘riladigan bo‘ldi
Jamiyat
−
18 iyul 2023
5121Bugun, 18 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudida “Kompromat ishi” bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tadi.
Biroq sud ishini yopiq tarzda ko‘rish haqidagi qaror qabul qilindi. Bunga sudlanuvchilar tomonidan sud jarayonining yopiq tarzda o‘tkazilishi so‘ralgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Oliy sud 19 nafar jabrlanuvchi ro‘yxatini e’lon qilgan. Ular orasida sobiq bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq rahbari Afzal Irmatov ham bor.
"Kompromat ishi”
Joriy yilning 27 yanvar kuni “Human” axborot portali direktori Xurshid Daliyev va uning jiyani, sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimov qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.
Mazkur ish bo‘yicha 1984 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Xurshid Daliyev, 1983 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan Siyovush Hoshimov, 2004 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Ahmadullo Ahmadjonov hamda 1973 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Mavjuda Mirzayeva jalb qilingan.
Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidovga ko‘ra, A.Ahmadjonov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 25, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, S.Hoshimov yuqoridagi moddalarga qo‘shimcha ravishda JKning 243-moddasi bilan, X.Daliyev esa xuddi shu moddalar va JKning 184-moddasi 3-qismi bilan, M.Mirzayeva esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”, “b”, “v” bandlari bilan ayblanmoqda.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari davrida jinoyat ishining boshqa ishtirokchilariga oid qismi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksi (JPK) talablari asosida alohida ish yurituviga olingan.
Oliy sud bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 5 mlrd 138 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi nomlari sanalgan shaxslar joriy yilning yanvar oyida hibsga olingan edi.
LiveBarchasi