Akmalxon Ortiqov sudi maxsus taklif qilingan shaxslar qatnashadigan auksionlar sabab yopiq o‘tadi

3-sahifa

image

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq rahbari Akmalxon Ortiqov va yana 5 kishiga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi nima uchun yopiq tarzda o‘tkazilayotgani ochiqlandi. Bugun, 31 iyul kuni Toshkent shahar sudi binosida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tashkilot matbuot kotibi Tursunali Akbarov QALAMPIR.UZ jurnalistiga izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, ish hujjatlarida qonun bilan muhofaza qilinadigan ma’lumotlar mavjud. Mazkur jinoyat ishida olti nafar shaxsga nisbatan o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Ular orasida yopiq auksionlar o‘tkazilishi bilan bog‘liq holatlar ham o‘rin olgan. Ta’kidlanishicha, yopiq auksionlar faqat oldindan ruxsat etilgan va maxsus taklif qilingan shaxslar qatnashadigan kimoshdi savdosi hisoblanib, unda barcha ishtirok eta olmaydi.

“Yopiq auksionlar asosan davlat mulkini boshqarish, strategik yer uchastkalarini ajratish, xavfsizlik tizimlari bilan bog‘liq loyihalar hamda aktivlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Shunday holat bo‘lgandan keyin, qonun bilan muhofaza qilinadigan ma’lumotlar mavjudligi sababli, xohlaymizmi-yo‘qmi, bunday sud majlislari yopiq tarzda o‘tkaziladi”, dedi Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarov.

6 yilga yaqin Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori lavozimida ishlagan 46 yashar Akmalxon Ortiqov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” va “g” bandlari, ayni shu moddaning 3-qismi “a” va “v”, 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” va “b” bandlari, 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi, ayni shu moddaning 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, ushbu ish bo‘yicha yana 5 kishi – Ziyoviddin Jabbarov, Zuxriddin Nig‘monxonov, Ravshan Xalitkariyev, Saidjon Saidov, Shermatjon Jo‘rayev sudlanmoqda.

Eslatib o‘tiamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari “O‘zbekneftgaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida katta taftish ketayotgani, milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini aytgandi. Shu bois, agentlik direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olinganini bildirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing