Odamlarni millionlab dollarlarga “uxlatgan” sobiq IIB xodimi qamaldi

3-sahifa

image

Samarqand viloyatida formasi, guvohnomasi va xizmat avtomobilidan foydalanib, odamlarni aldagan sobiq ichki ishlar xodimiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida ko‘rib chiqilgan ishda sudlanuvchi Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida leytenant lavozimida ishlagani ma’lum qilingan.

Sudlanuvchi fuqarolarning avtomobillarini olib, qisqa muddat ichida pullarini qaytarib berishni va’da qilgan. Uning odamlar ishonchiga kirishida ichki ishlar xodimi ekani, xizmat formasida va xizmat mashinasida yurishi ham muhim omil bo‘lgan.

Jabrlanuvchilardan birining aytishicha, sudlanuvchi undan 2020 yilda ishlab chiqarilgan Gentra avtomobilini 14 ming dollarga olgan va pulini 20 sentyabr kuni berishini va’da qilgan.

Boshqa bir jabrlanuvchi esa sudlanuvchi xizmat mashinasini ham kafolat sifatida ko‘rsatgani, shuningdek, xizmat guvohnomasini berib, pulini qaytarib berishiga ishontirganini bildirgan. Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi Toyloq tumanida o‘nlab fuqarolardan avtomobillar olgan. Jabrlanuvchilar soni ko‘pligi sababli jinoyat ishi bir necha qismga ajratilgan.

Navbatdagi sud majlisida jinoyat ishining 26 ta holati bo‘yicha 10 nafar jabrlanuvchiga oid qismi ko‘rib chiqilgan. Ish doirasida fuqarolarga yetkazilgan zarar qariyb 6 milliard so‘mni tashkil etgani qayd etilgan.

Sudda Urgut tuman prokurori o‘rinbosari Abdulla Sultonov sudlanuvchiga 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni so‘ragan.

Davlat ayblovchisining aytishicha, sudlanuvchi mansabdor shaxs bo‘la turib, fuqarolarning ishonchiga kirgan va ularning avtomashinalarini sotib berishini aytib, jami qariyb 6 milliard so‘mlik moddiy zarar yetkazgan. Bu holatlar jabrlanuvchilarning arizalari, ko‘rsatmalari, yuzlashtirish bayonnomalari hamda boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Sudlanuvchi esa sudda o‘zining ham boshqa bir ayolning va’dalariga ishonib, mazkur holatga tushib qolganini aytgan. U qilmishidan pushaymonligini bildirib, jabrlanganlar, fuqarolar va davlatdan kechirim so‘ragan.

“Bu mavzu to‘rt yildan beri davom etyapti. Mashinam bor deydi, keladi, pulim bor deydi, keladi, uyim bor deydi, boshqa. Kimga yoqmaydi? 10 ming dollar pulini 15 ming dollar majburlab, masalan, bitta fuqaro puli bergan bo‘lsa, ikkinchisini yetaklab keladi, mashinasini olasanmi deb. Hozir ko‘chadan olgan bo‘lsam, boshiga bir million dollar pul olganman, zo‘r bo‘lsa. Hisoblasangiz, bir million dollarga ham yetmaydi. Hozirgi kecha-kunduzga hisoblasangiz, u yoqqa uch million, u yoqqa to‘langan pullar bir-ikki millionga yaqin, besh million, “pochti” olti million dollar mana bu bo‘ynimga eski foiz-poiz bilan qo‘shilib kelyapti. Avvalambor, ota-onamdan, fuqarolardan, davlatimizdan kechirim so‘rayman”, deydi sudlanuvchi.

Sud raisi Bobur Shermatov ish bo‘yicha to‘plangan dalillarni tahlil qilib, yakuniy hukmni e’lon qilgan.

Unga ko‘ra, sobiq ichki ishlar xodimi Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sud unga mazkur modda bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda yo‘l-patrul xizmati inspektorining qo‘lini avtomobil oynasi orasida qisib, mashinani boshqarib ketgan haydovchi qamoqqa olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing