Samarqandda YPX xodimini sudrab ketgan haydovchi qamoqqa olindi (video)
3-sahifa
−
14:33 2141 2 daqiqa
Samarqandda yo‘l-patrul xizmati inspektorining qo‘lini avtomobil oynasi orasida qisib, mashinani boshqarib ketgan haydovchi qamoqqa olindi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 5 avgust kuni soat 12:30 larda Samarqand shahri Registon ko‘chasida sodir bo‘lgan. Xizmat olib borayotgan YPX xodimi yo‘l belgisiga amal qilmay harakatlangan Spark avtomobilini to‘xtatgan. Inspektor haydovchidan tegishli hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan. Biroq haydovchi xodimning qonuniy talabini bajarmagan. Shundan so‘ng, inspektor hujjatlarni yana so‘rab, qo‘lini avtomobil oynasi tomon uzatgan.
Shu vaqtda haydovchi oynani qasddan yopib, xodimning qo‘lini oyna ichida qisilgan holatda qoldirgan va avtomobilni boshqarib ketgan. Mashina taxminan 60 metr harakatlanganidan so‘ng to‘xtatilgan. Haydovchi esa voqea joyidan yashirinishga uringan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida avtomobil va uning haydovchisi aniqlanib, qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Haydovchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Haydovchi o‘z qilmishidan pushaymon ekanini aytib, YPX xodimlari va uning oila a’zolaridan uzr so‘ragan.
“Qo‘rqqanimdan qochgan edim. Bunaqa bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Kechirim so‘rayman. Boshqa bu holat takrorlanmaydi. Qilgan ishimdan pushaymonman”, degan haydovchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon shahrida yo‘l-patrul xizmati xodimining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan Onix haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi do‘konga urilgandi.
Live
Barchasi