Andijonda YPX talabiga bo‘ysunmagan Onix haydovchisi YTHga uchradi
3-sahifa
−
09:33 955 2 daqiqa
Andijon shahrida yo‘l-patrul xizmati xodimining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan Onix haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi do‘konga urildi. Bu haqda Andijon viloyati YHXB xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea kecha, 17 avgust kuni soat 01:10 atrofida Andijon shahri Mashrab ko‘chasida sodir bo‘lgan. Shu hududda xizmat olib borayotgan YPX xodimlari Onix haydovchisiga to‘xtash ishorasini bergan.
Biroq haydovchi YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, harakatini Lomonosov ko‘chasi tomon davom ettirgan. Shundan so‘ng u rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi do‘konga borib urilgan.
Hodisa joyida haydovchining hujjatlari tekshirilganda, 1999 yilda tug‘ilgan U. M. avtomashinani tegishli hujjatlarsiz boshqargani aniqlangan. Shuningdek, transport vositasiga nisbatan muddati o‘tgan 10 million so‘mdan ortiq qarzdorlik mavjud bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning talablarini buzish) 2-qismi hamda 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomobil esa vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
YTH oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Avtomobilga texnik shikast yetgan. Hozirda holat yuzasidan Andijon shahar IIB YHXB xodimlari tomonidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, qochishga uringan haydovchi patrul avtomobiliga urilib, yo‘l transport hodisasi sodir etganidan so‘ng ushlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi