Ombudsman Feruza Najmiddinovaga qilingan tuhmatni zo‘ravonlik deb baholadi
Jamiyat
−
08 avgust 2021
21316Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman jurnalist bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi
Kecha, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaning sha’ni, qadr-qimmatini kamsitilishiga sabab bo‘luvchi va hech bir asosga ega bo‘lmay turib uning rasmlari bilan videomontaj qilingan rolikning tarqatilishi juda achinarli holat. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatovaning bayonotida aytilgan.
Unda qayd etilishicha, inson huquqlarini ta’minlash va murojaatlar bilan ishlashda xalq dardini tanqidiy va tahliliy ruhda olib chiqayotgan jur’atli jurnalistni qo‘pol qilib aytganda, ovozini o‘chirishga qaratilgan ushbu xatti-harakat qonun normalariga mutlaqo zid. Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga g‘ayriqonuniy tajovuz qilish qonun tomonidan tuhmat va haqorat qilish, deb belgilangan.
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 13-moddasi birinchi qismiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyatdir. Insonning sha’ni va or-nomusi daxlsiz. Insonni kamsitish, obro‘sizlantirish, haqorat qilish, tahqirlash qonunga zid xatti-harakat hisoblanadi va bunday harakatlar uchun qonun bo‘yicha tegishli javobgarliklar mavjud”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, bayonotda yuqoridagi holatga Ombudsman tomonidan huquqiy baho berilgan:
• O‘zbekiston Respublikasi JPKning 17-moddasida “Inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va ma’naviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanadi”, deyiladi.
• O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2446-moddasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, yolg‘on axborot tarqatganlik shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
• O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga muvofiq, fuqaro o‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli.
• O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27, 48-moddalarida har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Shu bilan birga, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanliglari belgilangan.
“Davlat rahbari boshchiligida OAV xodimlari va blogerlar qo‘llab-quvvatlanib, haqiqatni olib chiqishdan qo‘rqmay, muammoli masalalarni ko‘tarayotgan jurnalistlar qadrlanayotgan, ularga bosim o‘tkazish holatlarini bartaraf etish, bir so‘z bilan ayganda, so‘z erkinligi siyosati olib borilayotgan vaqtda shunday nomaqbul videoni tarqatib, ayol jurnalistga nisbatan tazyiq o‘tkazilishini zo‘ravonlikning bir ko‘rinishi, deyish mumkin. Ma’naviy va ruhiy zarbalarning bitishi jismoniy qiynoqlardan ham og‘irroq bo‘ladi, aslida.
O‘ylaymanki, bunday vaziyatda ko‘pchilik jurnalistlarning birlashishi natijasida tanqidiy-tahliliy materiallar yanada ko‘payadi. Jur’atli va qo‘rqmas qalam ahli bu kabi zarbalardan yanada toblanadi”, deyiladi Feruza Eshmatovaning bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqrlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida bo‘hton va tuhmatdan iborat video tarqatildi. Ushbu video avval Najmiddinovaning suratlari joylashtirilib, so‘ng Olmazor city hududidagi uylarning biri bolkonida sodir bo‘lgan erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat tasvirlari bilan montaj qilingan. Unda ushbu video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani aytiladi.
Najmiddinovaning sha’nini toptash, obro‘sizlantirish maqsadida tayyorlangan ushbu video tez orada ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilishiga erishildi. Kecha holat bo‘yicha aybdorlarni topish va jazolash yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. IIV, "Yuksalish" umummilliy harakati, Senat, AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov, fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan #men_Feruzaman fleshmobi boshlandi.
LiveBarchasi