IIV uchun “chest” masalasi bo‘lgan jinoyat hamon ochilgani yo‘q
Tahlil
−
07 Sentabr 2021
46171Bugun, 7 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaga nisbatan tuhmat qilingani, uning nomini yomonotliqqa chiqarish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda montaj qilingan jirkanch video tarqatilganiga bir oy to‘ldi. O‘tgan vaqt mobaynida ichki ishlar idoralari tomonidan Feruza Najmiddinovaning arizasiga ko‘ra, jinoyat ishi ochildi. Ichki ishlar vazirligi mazkur holatga yechim topish va aybdorlarni jazolash IIV uchun “chest” masalasi ekanini aytib chiqdi. Ammo oradan bir oy o‘tdi hamki, aybdorlar topilgani yo‘q. Holbuki, 10 dan ortiq tashkilotlar QALAMPIR.UZ jurnalistining himoyasiga otlanib, ishni o‘z nazoratiga olganini e’lon qilgandi.
Shu o‘rinda bundan bir oy avval ro‘y bergan voqealar xronologiyasiga e’tibor qaratsak.
Avgust oyi boshlarida ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor city’da joylashgan ko‘p qavatli uylarning biri balkonida shaxsi noma’lum ayol va erkak ishqiy munosabati aks etgan nomaqbul video tarqatilgan edi. Oradan vaqt o‘tib, 2021 yil 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlar – Instagram, Telegram, TikTok’da yana bir video tarqaldi. Galdagi videorolikda ushbu nomaqbul video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo “QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekan", deb yoziladi va Feruza Najmiddinovaning ish jarayonidagi suratlari bilan montaj qilinib, ijtimoiy tarmoqda tarqatiladi.
7 avgust soat 17:15. QALAMPIR.UZ “Ushbu video qahramoni Feruza Najmiddinova ekani yolg‘on va hech qanday asosga ega emas”, deya rasmiy bayonot berdi.
7 avgust soat 20:24. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Feruza Najmiddinovaning arizasi qabul qilingani va mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganini e’lon qildi.
“Internet tarmog‘ida QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza N.ni obro‘sizlantiruvchi video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Feruza N. unga tuhmat qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Toshkent shahar IIBBga ariza bilan murojaat qilganini ma’lum qilamiz. Hozirda murojaat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi”, deyiladi bayonotda.
7 avgust soat 20:44. “Yuksalish” umummilliy harakati rasmiy bayonot berdi. Harakat videoni provokatsion va tuhmat xarakterga ega ekanini urg‘uladi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yo QALAMPIR.UZ internet-nashri bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova deyilayotgan provokatsion va tuhmat xarakterga ega videoning qasddan tarqatilishi huquq va ahloq normalariga, davlat rahbarining so‘z erkinligini ta’minlashga va ommaviy axborot vositalari vakillarining kasbiy faoliyatini himoya qilishga qaratilgan siyosatiga zid”, deyiladi bayonotda.
7 avgust soat 20:46. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jurnalistga tuhmat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv ishlarini nazoratga olganini e’lon qildi.
“Biz jurnalistlarni xolislik, ochiqlik, shaffoflik doirasidagi faoliyatini qadrlaymiz va ularni himoyasiga doimo tayyormiz”, deb yozgan edi IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov.
7 avgust soat 21:40. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining holat bo‘yicha rasmiy bayonoti e’lon qilindi.
“O‘z navbatida, ushbu holat ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyatiga, shu bilan birga jamiyatda faol, axborot makonida o‘z o‘rniga ega jurnalist bo‘lgan xotin-qizlarimizning sha’ni, qadr-qimmatiga salbiy ta’sir etuvchi harakat va ular faoliyatiga tahdid sifatida baholanib, holat adolatli o‘rganilishi Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan nazoratga olindi. O‘rganish natijalari yuzasidan batafsil axborot beriladi”, deyiladi bayonotda.
7 avgust soat 22:01. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bayonot berdi. Unda OAV vakillari shaxsini obro‘sizlantirish, jurnalistlar faoliyatiga qing‘ir va noqonuniy yo‘llar bilan daxl qilishga bo‘lgan urinishlar keskin qoralandi.
Agentlik Feruza Najmiddinovaning odob-axloqi, ta’lim-tarbiyasidan yaqindan xabari bor tashkilot sifatida QALAMPIR.UZ’ni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. AOKA, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur voqelikka tegishli huquqiy baho berilishiga, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rilishiga ishonishini bildirdi.
7 avgust soat 22:57. O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov jurnalistga nisbatan ushbu tahdid “juda yomon signal” ekanini aytib, holatni Olmazor city'ga borib o‘rganish tashabbusi bilan chiqdi.
O‘sarov, shuningdek, jurnalistlarni har qanday ta’qib va tahdidlar, tubanliklarga qarshi birdam va hamjihat bo‘lib kurashishga chaqirdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan mazkur masalani o‘z nazoratiga olishini so‘radi. Biroq, Bosh prokuraturadan javob bo‘lmadi.
7 avgust, tun. Ijtimoiy tarmoqlarda faol ayollar o‘rtasida QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Men Feruzaman” aksiyasi boshlatildi. Jamoatchilik vakillari, jurnalistlar, jamiyatda o‘z so‘zi va mavqeiga ega bo‘lgan ayollar #men_Feruzaman heshtegi bilan video joylab, jurnalistlarga, ayollarga nisbatan tuhmat, ularning sha’nini toptashga bo‘lgan urinishlarni qoraladi.
8 avgust soat 00:40. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva #men_Feruzaman aksiyasiga qo‘shildi.
“Hurmatli jurnalist va bloger opalarim, singillarim! Sizning o‘tkir qalamingiz, kuchli zehningiz tahsinga sazovor. Bugungi bo‘lgan jirkanch voqea aslo shashtingizni so‘ndirmasin. Shantaj, bo‘htonlar sizni sindirib qo‘ymasin. Men siz bilanman. Men yoningizdaman. Men Feruzaman!”, deydi Saida Mirziyoyeva o‘z videomurojaatida.
8 avgust soat 10:36. Jurnalistga nisbatan uyushtirilgan tuhmat bo‘yicha Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov munosabat bildirdi.
“Aksariyat hollarda jurnalist nomini obro‘sizlantirishning asosiy sababi oddiy – qasos bo‘ladi. Jurnalistni yomonotliq qilishdan kim manfaatdorligini o‘ylab ko‘ring”, deb yozadi Allamjonov.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bunday holatlarga jim qarab turmasligi, har bir professionalning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi ma’lum qilindi.
8 avgust soat 16: 29. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Gender tengligini ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva bayonot bilan chiqdi.
“Biz internet tarmog‘idagi uyushgan tazyiq holatlarining davom etishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bu, birinchi navbatda, so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalarini himoya qilish va inson huquqlari kafolatini ta’minlash masalasidir. Feruza, biz siz bilanmiz! Biz siz tarafdamiz!”, deyiladi Senat raisi bayonotida.
8 avgust soat 17:27. Agar huquq-tartibot organlari istasa, jurnalist Feruza Najmiddinovaga tuhmat qilib, uning suratlari bilan behayo videolarni tarqatganlarni “shest sekund”da topish mumkin. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ijtimoiy tarmoq orqali fikr bildirdi.
Inson huquqlari faoliga ko‘ra, jurnalist Najmiddinova butun mamlakatni falaj qilayotgan korrupsion tizimning bir uchiga teginib qo‘ygan. Butun jamoatchilik uchun boshqa, o‘zlari uchun boshqa “qonun”lar yaratgan xalqaga daxl qilgan. U so‘zida davom etarkan, Feruza Najmiddinovaning sha’nini toptashga bo‘lgan urinish, mamlakatda so‘z erkinligiga tahdid sifatida baholanishi kerakligini urg‘ulaydi.
8 avgust soat 18:02. Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot Twitter’dagi sahifasi orqali munosabat bildirdi.
“Biz QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaga qarshi harakatlarni keskin qoralaymiz. Bunday xatti-harakatlarga hech qanday asos yo‘q. Biz ushbu hujum keng miqyosda muhokama qilinganidan xursandmiz”.
U o‘z so‘ziga #Men_Feruzaman heshtegini ham ilova qiladi.
8 avgust soat 19:10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) jurnalist Feruza Najmiddinovaga qilingan tuhmatni “zo‘ravonlik”, deb baholadi.
Ombudsmanning qayd etishicha, inson huquqlarini ta’minlash va murojaatlar bilan ishlashda xalq dardini tanqidiy va tahliliy ruhda olib chiqayotgan jur’atli jurnalistni qo‘pol qilib aytganda, ovozini o‘chirishga qaratilgan ushbu xatti-harakat qonun normalariga mutlaqo zid. Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga g‘ayriqonuniy tajovuz qilish qonun tomonidan tuhmat va haqorat qilish, deb belgilangan.
8 avgust soat 23:26. QALAMPIR.UZ surishtiruvi asosida Olmazor city'da olingan behayo video qanday tarqalib ketgani ma’lum bo‘ldi.
QALAMPIR.UZ tahririyatiga Olmazor city majmuasidagi 16-uyda istiqomat qiluvchi Mansurbek Polvonov kirib keldi va birinchi behayo video o‘zi tomonidan tushirilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, u ushbu videoni Olmazor city qo‘riqchilari va ma’muriyatiga jo‘natgan, so‘ng o‘chirib yuborgan.
U ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan video qahramoni Feruza Najmiddinova ekanini rad etdi.
9 avgust soat 11:42. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisi o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinovaning sha’nini toptash maqsadida unga qilingan tuhmatga nisbatan munosabat bildirdi.
“Inson sha’niga, qadr-qimmatiga putur yetkazish, uni obro‘sizlantirish, tuhmatdan iborat “feyk”larni tarqatishda ifodalangan ushbu jirkanch holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Ayniqsa, bunday xatti-harakatlar Prezidentimiz “Qo‘rqmanglar, ortingizda men turibman!” deb aytgan jurnalistlarga nisbatan sodir etilayotgani jiddiy tashvishga soladi.
Jurnalistga tazyiq ko‘rsatish holatlarini, ayniqsa, bunday xunuk urinishlarni hurmatli Prezidentimiz shaxsan o‘zlari kafolatlayotgan so‘z erkinligiga tahdid sifatida qabul qilamiz”, deydi Asadov.
9 avgust soat 12:21. Ichki ishlar vazirligi QALAMPIR.UZ internet nashri Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinovaning sha’nini toptash, uni obro‘sizlantirish maqsadida qilingan tuhmat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi, “g” bandi hamda 1412-moddasi 2-qismi, “v” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
9 avgust soat 12:57. Toshkent shahar IIBB Olmazor city’dagi xonadonlardan birida nomaqbul holatda videoga tushib qolgan ayol va erkakning QALAMPIR.UZ’ga aloqasi yo‘qligini e’lon qildi.
“Videoda aks ettirilgan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqaro S.A. o‘zining turmush o‘rtog‘i Sh.A. bilan birga shu ishni qilgani oydinlashdi. Ushbu fuqarolar bilan tushuntirish profilaktika ishlari olib borildi va bunday xatti-harakatlarni odamlar ko‘z o‘ngida qilish mumkin emasligi tushuntirildi”, deyiladi IIBB bayonotida.
9 avgust soat 19:44. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi jurnalist Feruza Najmiddinovaga nisbatan bo‘htonni “nomaqbul aksiya” sifatida baholadi. Oliy Majlis Spikeri o‘rinbosari Zuhra Ibragimovaning Parlament saytida e’lon qilingan bayonotda jurnalistga nisbatan bo‘htonni uyushtirgan qonunbuzarlarga tegishli qonuniy chora ko‘rilishini va bu chora haqida keng jamoatchilik to‘liq va o‘z vaqtida xabardor qilinishi so‘raldi.
10 avgust. Ushbu mavzu bo‘yicha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev jurnalist Feruza Najmiddinovaga nisbatan tuhmat qilganlarni topish va jazolash IIV uchun “chest” masalasi ekanini aytib chiqdi.
“Aybdor topiladi va jazoga tortiladi. Bu – IIV uchun “chest” masalasi, topmasak bo‘lmaydi. Bu nafaqat Feruzaxonga, barcha singillarimiz, opalarimiz, onalarimiz, ayollarimizga otilgan tosh, qilingan bo‘hton. Bir kishiga aynan Feruzaxonga qaratilgan aksiya emas. Buni oxiriga yetamiz, aybdorni aniqlaymiz, jazosini beramiz. “Qora kursi”ga o‘tirib javobini berganidan keyin OAV xodimlariga e’lon qilamiz”, dedi Bekmurod Abdullayev.
11 avgust soat 21:36. AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum jurnalist Feruza Najmiddinovaga nisbatan tuhmatni so‘z erkinligiga tahdid sifatida baholadi.
“Biz ushbu hafta QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaga qarshi qilingan tuhmatli harakatlarni keskin qoralaymiz va boshqalar qatori hukumatni tegishli choralar ko‘rishga undaymiz. Prezident Mirziyoyev ko‘p bora ta’kidlaganidek, uning islohotlari muvaffaqiyatga erishishi uchun so‘z erkinligi kerak”.
QALAMPIR.UZ jurnalistiga nisbatan tuhmat qilinganiga bir oy to‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida bir necha bor huquq-tartibot organlariga tergov qanday ketayotgani, aybdorlar, loqal gumondorlar topilgani yo yo‘qligi haqida murojaat qildik. Ammo, aytishga arzigulik javob olomadik.
Jurnalistga, Hukumatning va’dalariga ishonib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intilib borayotgan ayolga nisbatan tuhmat – ayrimlar uchun bir-ikki kunlik shov-shuv, piar yoki o‘zini borligini bildirib qo‘yish, bayonot berish bilan obro‘ qozonish uchun vosita emas. Bu huquq tartibot organlari mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish borasida qanchalik samarali faoliyat yuritayotgani, zamonaviy texnologiyalar bilan qanchalik ta’minlanganiyu ularni ishlata oladigan, kiberxavfsizlik, axborot texnologiyalar orqali amalga oshiriladigan jinoyatlarni issiq izidan fosh etadigan mutaxassislar mavjudligi yo yo‘qligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, bu so‘z erkinligini, ayollar huquqlari, gender tengligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ishlarning amaliy natijasi qay darajada bo‘layotganini o‘zida ifoda etadi. Jurnalistning tanqidiy materiallari ortidan bunday tuhmatga uchrashiga ko‘pchilik ko‘z yumib turgani yo‘q. Bayonotlar berildi, bu ish nazoratga olingani aytildi. Ammo, qanchalik nazorat qilindi? Qanchalik nazorat qilinyapti? Bunisi bizga qorong‘u.
QALAMPIR.UZ jurnalistiga nisbatan tuhmat qilganlar topilmas ekan, bu yuzlab, minglab jurnalistlar, ayniqsa, ayol jurnalistlarning kasbiy faoliyatiga to‘siqlarni qo‘yadi. Sohada ayollar soni keskin kamayishiga yoki navbatdagi qo‘rqoq, qarsakboz jurnalistlar armiyasi yetishib chiqishiga olib keladi. Bundan kim manfaatdor?
LiveBarchasi