Bu IIV uchun “chest” masalasi — Vazir o‘rinbosari QALAMPIR.UZ jurnalistiga tuhmat qilganlar topilishiga va’da berdi
Jamiyat
−
10 avgust 2021
10974QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaga qarshi uyushtirilgan tuhmatning tagiga yetish Ichki ishlar tizimi uchun g‘urur masalasi hisoblanadi. Bu haqda bugun, 10 avgust kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abullayev matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Aybdor topiladi va jazoga tortiladi. Bu IIV uchun g‘urur masalasi, topmasak bo‘lmaydi. Bu nafaqat Feruzaxonga, barcha singillarimiz, opalarimiz, onalarimiz, ayollarimizga otilgan tosh, qilingan bo‘hton. Bir kishiga aynan Feruzaxonga qaratilgan aksiya emas. Buni oxiriga yetamiz, aybdorni aniqlaymiz, jazosini beramiz. “Qora kursi”ga o‘tirib javobini berganidan keyin OAV xodimlariga e’lon qilamiz”, dedi Bekmurod Abullayev.
IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdaliyev bu ish bo‘yicha olib borilayotgan tergov jarayonida aybsizlik prezumpsiyasiga amal qiliinishini aytib o‘tdi.
“IIV bu jinoyatni fosh qilishdan manfaatdor. Eng ishonchli himoya qilish tizimi sifatida aytmoqchimizki, aybsizlik prezumpsiyasi bor, shunga amal qilib, agar shaxsi aniqlanib, sud qilingandan keyin aholi o‘rtasida ham, jurnalistlar o‘rtasida ham muhokama qilamiz. Ungacha biz aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilamiz”, dedi Berdaliyev.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqrlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida bo‘hton va tuhmatdan iborat video tarqatildi. Ushbu video avval Najmiddinovaning suratlari joylashtirilib, so‘ng Olmazor city hududidagi uylarning biri bolkonida sodir bo‘lgan erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat tasvirlari bilan montaj qilingan. Unda ushbu video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani aytiladi.
Najmiddinovaning sha’nini toptash, obro‘sizlantirish maqsadida tayyorlangan ushbu video tez orada ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilishiga erishildi. Kecha holat bo‘yicha aybdorlarni topish va jazolash yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. IIV, "Yuksalish" umummilliy harakati, Senat, AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov, fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisi o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan #men_Feruzaman fleshmobi boshlandi.
8 avgust kuni QALAMPIR.UZ huquq-tartibot organlarining aralashuvisiz Olmazor city'da ro‘y bergan nomaqbul holatni kim videoga olganini aniqlab, u bilan muloqot qildi.
9 avgust kuni Feruza Najmiddinovaning sha’nini toptash, uni obro‘sizlantirish maqsadida qilingan tuhmat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi