QALAMPIR.UZ’ga bosim qilgan prokuratura xodimi “odob darsi” bilan qutulmadi
Jamiyat
−
17 Sentabr 2021
14866QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari – Bosh muharrir o‘rinbosari Feruza Najmiddinova, tasvirchi Xo‘jamiyor Xolmurodov, yurist Shohruh Olimjonovning jurnalistik faoliyatiga qarshilik qilib, ularga bosim o‘tkazgan Yunusobod tuman prokuraturasi xodimi shunchaki “odob darsi” bilan qutulib qolmadi. Unga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Gap shundaki, joriy yilning 6 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ jamoasi Toshkent shahri Yunusobod tumani 2-mavzeda qurilishi yakunlanmagan 14 ta bino prokuratura va ichki ishlar xodimlari ishtirokida buzib tashlanayotgani haqidagi murojaat yuzasidan o‘rganish o‘tkazish uchun voqea joyiga yetib boradi. Ular QALAMPIR.UZ xodimi ekanini tasdiqlovchi hujjat bilan “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan tartiblardan chetga chiqmagan holda, jurnalistik faoliyatini amalga oshirishga kirishadi.
Shu vaqtda jurnalist F.Najmiddinova va tasvirchi X.Xolmurodovning jurnalistik faoliyatiga Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizov tomonidan to‘sqinlik qilinadi. Azizov yonidagi ichki ishlar posbonlariga OAV xodimlari tartibsizlik keltirib chiqarayotganini aytib, ularni Ichki ishlar bo‘limiga olib borishlarini buyuradi. Buning uchun maxsus avtobus ham chaqirtiriladi. Shuningdek, QALAMPIR.UZ xodimlaridan tasvirga olmaslik talab qilinadi. Shaxsan U.Azizov QALAMPIR.UZ tasvirchisi X.Xolmurodovni yoniga chaqirib, tasvirlarni o‘chirib yuborishini va voqea joyidan ketishini talab qiladi.
Prokuratura xodimi videolarni o‘chirish, aks holda jurnalistni va unga hamrohlik qilayotgan QALAMPIR.UZ xodimlarini Ichki ishlar bo‘limiga olib borish va kerakli joyda gaplashish bilan tahdid qilgan.
11.06.2021 yilda Bosh prokuratura holat yuzasidan birinchi bayonotini berdi. Unda qayd etilishicha, Umid Azizov prokuratura organlari tizimida 2019 yildan, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Yunusobod tumani prokurori sektori kotibi vazifasida 2020 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
Bosh prokuraturaning tasdiqlashicha, 2-sektor kotibi U.Azizov tomonidan QALAMPIR.UZ internet nashri tasvirchisiga olingan videolarni o‘chirib ketishini aytib, jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilganligi aniqlangan.
“Tekshirish natijasiga ko‘ra, U.Azizov bilan Toshkent shahar prokurori huzurida profilaktik suhbat o‘tkazilib, kelgusida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid qonunchilikka hamda prokuratura organlari xodimlarining “Kasb odobnomasi”ga qat’iy rioya qilish, aks holda intizomiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi”, deyilgan rasmiy bayonotda.
Biroq, Bosh prokuratura bayonoti QALAMPIR.UZ’da e’tiroz keltirib chiqardi va tahririyat ham bayonot berdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati QALAMPIR.UZ xodimlari bilan yuz bergan holat yuzasidan munosabat bildirib, yuqori palata axborot maydonida qonuniy faoliyat olib borayotgan jurnalistlar va blogerlar, barcha OAV vakillarini doimiy qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ko‘p o‘tmay “Yuksalish” umummilliy harakati ham holat bo‘yicha munosabatini e’lon qildi. Unda jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlagandi.
Holbuki, QALAMPIR.UZ bayonotida sodir bo‘lgan holat Jinoyat kodeksining 206-moddasi – Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish bilan malakalanishi va U.Azizov javobgarlikka tortilishi mumkinligi ta’kidlangandi. Ammo, bunday bo‘lmadi.
LiveBarchasi