Bu millatga otilgan tosh – Parlament spikeri o‘rinbosari jurnalistga tuhmatni “nomaqbul aksiya” deb atadi
Jamiyat
−
09 avgust 2021
8228Oliy Majlis Qonunchilik palatasi jurnalist Feruza Najmiddinovaga nisbatan bo‘htonni “nomaqbul aksiya” sifatida baholamoqda. Bu haqda Oliy Majdis Spikeri o‘rinbosari Zuhra Ibragimovaning Parlament saytida e’lon qilingan bayonotida so‘z boradi.
“Azaldan mamlakatimizda ayol zoti muqaddas, deya e’tirof etilib, qadrlanib kelinadi. Bizning jamiyatimiz hamda qonunchiligimizda xotin-qizlar teng huquqli va ularni kamsitishga, tahqirlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Lekin, so‘ngi paytlarda internet tarmoqlarida ayollarni kamsitishga urinishlar haqidagi xabarlar kishini jiddiy taajubga solmoqda. Kechagina QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaga nisbatan uyushtirilgan bo‘hton ham, ana shunday nomaqbul aksiyalardan biri bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi”, deydi Ibragimova.
Parlament quyi palatasi spikeri o‘rinbosari so‘zida davom etarkan, ushbu bo‘htonni tarqatganlarni odam deyishga ham tili bormasligini urg‘ulaydi:
“Nahotki, bunday yaramas videolarni tarqatib, yana aniq bo‘lmagan voqeani oilali, insofli, diyonatli ayolning nomiga ag‘darib, tuhmat, bo‘htonni amalga oshirgan odamni ham ona dunyoga keltirgan bo‘lsa? Bunday insonlarni odam, inson deyishga ham tiling bormaydi. O‘zida ozgina vijdoni, iymoni bor odam bunday g‘alamis ishga qo‘l urmaydi va birovning dilini og‘ritmaydi – bo‘hton qilmaydi”.
Ibragimovaga ko‘ra, o‘zbek ayolining sha’ni, qadr-qimmatining toptalishi – millatga otilgan tosh.
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham, boshqa qonun hujjatlarida ham insonning sha’ni va or-nomusi daxlsiz ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan. Hech bir shaxs boshqa bir insonni kamsitishi, obro‘sizlantirishi, haqorat qilishi, tahqirlashi mumkin emas. Basharti, qonunga zid harakat sodir etildimi, demak buning uchun tegishli jazo chorasi qo‘llanilishi shart va ishonchim komil, xuddi shunday bo‘ladi ham”.
Ibragimova jurnalist Feruza Najmiddinovaga tuhmat qilganlar jazo olishiga ishonmoqda.
“Xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilishga astoydil bel bog‘lagan, o‘z atrofida kuchli, irodali va bilimli xotin-qizlarni birlashtira olgan O‘zbekiston “Adolat” SDPning deputati, partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari hamda ayol, ona sifatida huquq tartibot organlaridan videolavhani ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishiga sababchi bo‘lganlardan tashqari jurnalist F.Najmiddinovaga nisbatan bo‘htonni uyushtirgan qonunbuzarlarga nisbatan tegishli qonuniy chora ko‘rilishini va bu chora haqida keng jamoatchilikni to‘liq va o‘z vaqtida xabardor qilishlariga undab qolaman.
Shu bilan birga, shaxsning shaxsiy hayoti bilan daxldor video va fotomateriallarni tasvirga olish, ishlov berish va tarqatish bilan bog‘liq xatti-harakatlarga nisbatan jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirishni taklif qilaman”, deydi Zuhra Ibragimova.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqrlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida bo‘hton va tuhmatdan iborat video tarqatildi. Ushbu video avval Najmiddinovaning suratlari joylashtirilib, so‘ng Olmazor city hududidagi uylarning biri bolkonida sodir bo‘lgan erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat tasvirlari bilan montaj qilingan. Unda ushbu video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani aytiladi.
Najmiddinovaning sha’nini toptash, obro‘sizlantirish maqsadida tayyorlangan ushbu video tez orada ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilishiga erishildi. Kecha holat bo‘yicha aybdorlarni topish va jazolash yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. IIV, "Yuksalish" umummilliy harakati, Senat, AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov, fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisi o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan #men_Feruzaman fleshmobi boshlandi.
8 avgust kuni QALAMPIR.UZ huquq-tartibot organlarining aralashuvisiz Olmazor city'da ro‘y bergan nomaqbul holatni kim videoga olganini aniqlab, u bilan muloqot qildi. Shuningdek, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Nilufar Isaxonova video qahramonlari shaxsi aniqlanganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi