O‘zbekistonda yana bir bloger sudlandi
3-sahifa
−
07 dekabr 2023
18195Bloger Olimjon To‘xtanazarov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 52-moddasi (Yengil tan jarohati yetkazish) 2-qismi (Qasddan yengil tan jarohati yetkazish)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan jarima jazosi tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Ikki kun avval YouTube platformasi bloger Olimjon To‘xtanazarovning Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi binosi oldida qilgan murojaati tarqaldi. Unda bloger suddan, sudyalardan norozilik bildirgan, sudning xolisligini shubha ostiga qo‘ygan.
Toshkent shahar sudlari esa blogerning murojaatiga javob qilib, blogerning o‘zini noxolislikda ayblagan.
“Videolavhada Olimjon To‘xtanazarov bir necha shaxslarni o‘z tarafiga og‘dirib, sud qarorlaridan noroziligini ko‘rsatishga uringan. Olimjon To‘xtanazarov suddan adolatni talab qilishdan avval, xolis fikr yuritishga odatlansa, ayni muddao bo‘lardi. Uning manfaatiga zid qaror chiqarilgani bu sudning adolatsizligidan emas, aksincha, qonuniylikka rioya etganidan dalolat beradi.
Qolaversa, adolatga Olimjon To‘xtanazarov kabi atrofiga ishonuvchan va sodda odamlarni to‘plash, sudlarga tahdid qilish orqali erishib bo‘lmaydi”, deyiladi bayonotda.
Toshkent shahar sudlarining qayd etishicha, To‘xtanazarov shunday lavhalar tarqatish orqali sudlarga bosim o‘tkazishga urinmoqda.
“Vaholanki, sud qarorlarining qonuniyligiga faqat yuqori instansiya sudi tomonidan huquqiy baho berilishini To‘xtanazarov juda yaxshi biladi. Qolaversa, qarordan norozi taraflar yigirma sutka ichida, huquqbuzar esa qaror nusxasini olgan kundan boshlab, shu muddat ichida shu sud orqali Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati yoki protest bildirishga haqli ekanligi unga aniq va lo‘nda tarzda tushuntirilgan”, deyilgan bayonotda.
Aytilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining joriy yilning 7 noyabrdagi ajrimiga ko‘ra Olimjon To‘xtanazarovga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish materiali qo‘shimcha surishtiruv o‘tkazish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Chilonzor tuman prokurorining apellyatsiya protesti asosida ma’muriy ish Toshkent shahar sudiga yuborilgan. 2023 yil 21 noyabrdagi Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimiga ko‘ra tuman sudining mazkur ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish yuzasidan chiqarilgan ajrimi bekor qilinib, ish hujjatlari mazmunan ko‘rib chiqish uchun tuman sudiga yuborilgan.
Sudning joriy yil 4 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, Olimjon To‘xtanazarovning harakatida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomati bo‘lmaganligi sababli ushbu Kodeks 271-moddasining 1-bandi bilan harakatdan tugatilgan.
“Olimjon To‘xtanazarov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks 52-moddasining 2-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga shu modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining 2 (ikki) baravari, ya’ni 660 000 so‘m jarima jazosi tayinlanganligi ma’lum qilinadi”, deyilgan bayonotda.
LiveBarchasi