BMT: Jamol Qoshiqchi qotilligida Saudiya Arabistoni aybdor
Olam
−
19 iyun 2019
4461Saudiya Arabistoni saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘limida aybdor, deb bayonot berdi BMTning inson huquqlari va sudsiz jazolash bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Anes Kalamar.
“Uning o‘g‘irlashga urinilishi ham inson huquqlari sohasida xalqaro huquqning buzilishi. Saudiya Arabistoni va Turkiya tomonidan o‘tkazilgan ikki tergov ham qonunsiz jazolash bo‘yicha xalqaro standartlarga mos emas”, deyiladi hujjatda.
Kalamarning ma’lum qilishicha, Qoshiqchining o‘ldirilishiga Saudiya valiahd shahzodasining aloqadorligi bo‘yicha dalillar bor. Ammo yakuniy xulosani chiqarish uchun yana surishtiruv ishlari olib borishga to‘g‘ri keladi.
Maxsus ma’ruzachi rasmiy Ar-Riyodni Turkiya, AQSH va Jamol Qoshiqchining oilasidan kechirim so‘rash, uning o‘limida aybni tan olish va 11 kishi ustidan sud jarayonini to‘xtatishga chaqirgan.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu mamlakati saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi yuzasidan BMT tavsiyalarini to‘la qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Shuningdek, jinoyatga aloqador barcha javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidlagan.
Rasmiy Ar-Riyod bir necha marta o‘zi tergov o‘tkazayotgani va xalqaro surishtiruv natijalarini tan olmasligini ta’kidlagandi.
Jamol Qoshiqchi 2018 yilning 2 oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Saudiya Arabistoni Bosh konsulxonasiga fuqarolik masalasini hal qilish uchun borgan. U yerda uni Saudiyadan kelgan guruh vakillari ushlab o‘ldirgan. Jasad bo‘laklarga bo‘linib, konsulxonadagi quduqqa yashirilgan.
Saudiya Arabistoni Qoshiqchi o‘ldirilganini qotililkdan 18 kun o‘tib, 20 oktyabr kuni tan olgan. Saudiyada jinoyat ishi ochilib, 5 nafar yuqori martabali amaldor ishdan olingan, 21 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinib, ularning 11 nafariga ayblov e’lon qilingan. Prokuror ayblanuvchilarga umrbod qamoq jazosi so‘ragan.
LiveBarchasi