Erdo‘g‘anning ma’muriyati Saudiya Arabistoniga Qoshiqchi masalasida talab qo‘ydi
Olam
−
03 Oktabr 2020
6322Turkiya Respublikasi Prezidenti ma’muriyati saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining shafqatsiz o‘ldirilishi yuzasidan adolatli tergov o‘tkazishga chaqirdi.
“Biz hammamiz Qoshiqchi qotillarini bilamiz va adolatni talab qilishga haqlimiz. Saudiyalik qotillarni Turkiyaga yuboring. Ular jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan sud oldida hozir bo‘lishlariga va qilmishlari uchun javob berishlariga yo‘l qo‘yinglar”, deb yozdi Turkiya Prezidenti ma’muriyati Jamoatchilik bilan aloqalar departamenti rahbari Faxreddin Altun Twitter’dagi sahifasida.
Kecha, 2 oktyabr kuni “Washington Post” gazetasi muxbirining Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligida o‘ldirilganiga 2 yil to‘ldi.
“Qoshiqchi Saudiya Arabistonidan diplomatik vakolatxonaga qotillar guruhi kelganini bilmagan edi”, deb esladi Altun jinoyatga aloqador bo‘lganlar hali ham adolatdan qochib qutulayotganlarini ta’kidlab.
Saudiya Arabistonida sud tashkil etildi, undan keyin qotillar ozod qilindi, deydi u.
Uning qayd etishicha, Turkiyadagi prokuratura, ichki ishlar vazirligi va ekspertlar jinoyatchilarni sudga tortish uchun hanuzgacha ishlamoqda. "Ushbu jinoyatga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan yagona tergov bu Turkiya tomonidan olib borilgan tergov harakatlaridir", dedi Altun.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 7 sentyabr kuni Saudiya Arabistoni sudida Istanbuldagi Saudiya Arabistoni Bosh konsulligi binosida “The Washington Post” gazetasi jurnalisti Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi yuzasidan mahkama bo‘lib o‘tdi.
Qirollik Bosh prokuraturasining rasmiy vakili qotillikda ayblangan sakkiz kishining besh nafariga 20 yil qamoq jazosi tayinlangani, bir kishi o‘n va yana ikki nafar ayblanuvchi yetti yilga qamalganini ma’lum qildi.
Rasmiy Anqara mazkur qotillik bo‘yicha sudni Saudiya Arabistonida emas, balki Qoshiqchi o‘ldirilgan Istanbulda tashkil etilishi tarafdori ekanini ma’lum qilib, Ar-Riyodni jurnalistning qotilligiga aloqadorlarni ekstraditsiya qilishga chaqirdi.
Joriy yilning 3 iyul kuni Istanbulda Jamol Qoshiqchi jinoyati bo‘yicha birinchi sud eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoshiqchining qallig‘i Hadicha Chengiz ham ishtirok etib, guvohlik berdi.
2018 yilning 2 oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Saudiya Arabistoni Bosh konsulligiga fuqarolik masalasini hal qilish uchun borgan xalqaro jurnalist Jamol Qoshiqchi binoga kirgancha, qaytib chiqmagan edi. Mazkur voqea butun dunyoni jumbushga keltirdi. Oradan bir yilga yaqin vaqt o‘tib, Qoshiqchi konsulik binosidi o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
O‘tgan yilning dekabr oyida Saudiya Arabistonida ushbu ish bo‘yicha besh sudlanuvchi o‘limga hukm qilingan, yana uch kishiga jami 24 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi. Ushbu ishda jami 11 kishi jalb etilgan. 25 mart kuni Istanbul prokuraturasi Qoshiqchini o‘ldirishda gumon qilingan 20 kishiga qarshi da’vo arizasini tayyorladi. Unda ularga umrbod qamoq jazosi talab qilingan.
Turkiyadagi keyingi sud majlisi joriy yilning 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida
Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Qoshiqchi 2017 yildan beri AQSHda yashab, “The Washington Post” gazetasida ishlagan. U 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z mamlakatining Istanbuldagi bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini xabar qildi. Xalqaro hamjamiyat ushbu jinoyatni qoralab, Riyodni shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
LiveBarchasi