Muhammad bin Salmon Turkiyaga kelyapti. Erdo‘g‘an Qoshiqchi fojiasini unutdimi?
Olam
−
18 iyun 2022
11949Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon joriy yilning 22 iyun kuni Turkiyaga rasmiy tashrif bilan keladi. Bu haqda mamlakat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 17 iyun kuni juma namozi ado etgach, jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qildi.
“Chorshanba kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon tashrif buyuradi. Anqarada, qarorgohda biz ham uni qabul qilamiz. U yerda ikki davlat delegatsiyalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazamiz. Umid qilamizki, Turkiya-Saudiya Arabistoni munosabatlarini qaysi daraja va saviyaga ko‘tara olishimizni baholashga fursatimiz bo‘ladi”, deydi Erdo‘g‘an.
Prezidentga ko‘ra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasiga hamrohlik qiluvchi delegatsiyalar a’zolari allaqachon Turkiyaga yetib kelgan.
Ikki davlat Saudiya taxti vorisi tashrifi chog‘ida bir qancha kelishuvlarni imzolaydi, chunki Turkiya boshiga tushgan og‘ir iqtisodiy qiyinchiliklar, jumladan, milliy valyutaning misli ko‘rilmagan qadrsizlanishi va yillik inflyatsiya sur’atlarining keskin oshib ketishi sharoitida Tukrkiya g‘arbiy bo‘lmagan hamkorlardan moliyaviy yordam so‘ramoqda.
Erdo‘g‘an aprel oyi oxirida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan va Umra ziyorati oldidan shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashgan edi.
Saudiya Arabistoni va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarning 2002 yilda Erdo‘g‘an hokimiyatga kelganidan so‘ng ancha ishonchli bo‘lgan yomonlashuvi Qatar atrofida arablararo inqiroz boshlangan 2017 yil iyuniga to‘g‘ri keladi. Keyinchalik Anqara Fors ko‘rfazidagi ushbu yarim orol amirligi tomonini oldi va bu uning Ar-Riyod bilan raqobatlashishiga olib keldi. Keyingi yillarda Saudiya-Turkiya qarama-qarshiliklari ro‘yxati Suriya, Misr, Liviya va Livan bilan to‘ldirildi.
Qoshiqchi ishi
Ushbu tashrif so‘nggi ikki yil ichida tarixiy tashrif bo‘lishi kutilmoqda. Boisi ikki mamlakat va bilvosita davlat rahbarlarining munosabati Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan “The Washington Post” gazetasi jurnalisti Jamol Qoshiqchining Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligida o‘ldirib, jasadi bo‘laklab yo‘q qilinganidan keyin yomonlashgan edi. Qoshiqchi 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z Saudiya Arabistonining Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini tan olgan.
2021 yil fevral oyida AQSH Milliy razvedka boshqarmasi 2018 yilda tayyorlangan, ammo sobiq Prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan jamoatchilikka e’lon qilinmagan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining qatli bo‘yicha hisobotni e’lon qildi.
Ushbu hisobotda Qoshiqchining o‘ldirilishini ma’qullagan shaxs Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ekani ko‘rsatilgan.
Qirollik Bosh prokuraturasining rasmiy vakili qotillikda ayblangan sakkiz kishining besh nafariga 20 yil qamoq jazosi tayinlangani, bir kishi o‘n va yana ikki nafar ayblanuvchi yetti yilga qamalganini ma’lum qildi.
Rasmiy Anqara mazkur qotillik bo‘yicha sudni Saudiya Arabistonida emas, balki Qoshiqchi o‘ldirilgan Istanbulda tashkil etilishi tarafdori ekanini ma’lum qilib, Ar-Riyodni jurnalistning qotilligiga aloqadorlarni ekstraditsiya qilishga chaqirdi.
2019 yilning dekabr oyida Saudiya Arabistonida ushbu ish bo‘yicha besh sudlanuvchi o‘limga hukm qilingan, yana uch kishiga jami 24 yillik qamoq jazosi tayinlangan. Ushbu ishda jami 11 kishi jalb etilgan. 25 mart kuni Istanbul prokuraturasi Qoshiqchini o‘ldirishda gumon qilingan 20 kishiga qarshi da’vo arizasini tayyorladi. Unda ularga umrbod qamoq jazosi talab qilingan.
Joriy yilning aprel oyida Turkiya Adliya vazirligi jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha ishni Saudiya Arabistoniga o‘tkazishga qaror qildi.
Aytilishicha, Saudiya Arabistoni diplomatik missiyasidagi shov-shuvli qotillikka aloqador ishda 26 kishi ishtirok etmoqda. Tergov doirasida Saudiya Arabistonidan Qoshiqchini o‘ldirish uchun kelgan 15 kishidan sakkiz nafarining shaxsi aniqlangan.
LiveBarchasi