Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha ikkinchi hujjatlar sudga yuborildi
Jamiyat
−
28 Sentabr 2020
5142Istanbul prokuraturasi saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining vahshiylarcha o‘ldirilishi ishi bo‘yicha ikkinchi hujjatni tayyorladi, unga olti nafar saudiyalikning ismi kiritilgan. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar bermoqda.
Istanbul prokuraturasi jurnalistning qotilligiga aloqador bo‘lgan ikki shaxs uchun umrbod qamoq jazosini talab qilmoqda.
Ommabop ishda ishtirok etgan yana to‘rt kishi 5 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 7 sentyabr kuni Saudiya Arabistoni sudida Istanbuldagi Saudiya Arabistoni Bosh konsulligi binosida “The Washington Post” gazetasi jurnalisti Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi yuzasidan mahkama bo‘lib o‘tdi.
Qirollik Bosh prokuraturasining rasmiy vakili qotillikda ayblangan sakkiz kishining besh nafariga 20 yil qamoq jazosi tayinlangani, bir kishi o‘n va yana ikki nafar ayblanuvchi yetti yilga qamalganini ma’lum qildi.
Rasmiy Anqara mazkur qotillik bo‘yicha sudni Saudiya Arabistonida emas, balki Qoshiqchi o‘ldirilgan Istanbulda tashkil etilishi tarafdori ekanini ma’lum qilib, Ar-Riyodni jurnalistning qotilligiga aloqadorlarni ekstraditsiya qilishga chaqirdi.
Joriy yilning 3 iyul kuni Istanbulda Jamol Qoshiqchi jinoyati bo‘yicha birinchi sud eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoshiqchining qallig‘i Hadicha Chengiz ham ishtirok etib, guvohlik berdi.
2018 yilning 2 oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Saudiya Arabistoni Bosh konsulligiga fuqarolik masalasini hal qilish uchun borgan xalqaro jurnalist Jamol Qoshiqchi binoga kirgancha, qaytib chiqmagan edi. Mazkur voqea butun dunyoni jumbushga keltirdi. Oradan bir yilga yaqin vaqt o‘tib, Qoshiqchi konsulik binosidi o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
O‘tgan yilning dekabr oyida Saudiya Arabistonida ushbu ish bo‘yicha besh sudlanuvchi o‘limga hukm qilingan, yana uch kishiga jami 24 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi. Ushbu ishda jami 11 kishi jalb etilgan. 25 mart kuni Istanbul prokuraturasi Qoshiqchini o‘ldirishda gumon qilingan 20 kishiga qarshi da’vo arizasini tayyorladi. Unda ularga umrbod qamoq jazosi talab qilingan.
Turkiyadagi keyingi sud majlisi joriy yilning 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida
Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Qoshiqchi 2017 yildan beri AQSHda yashab, “The Washington Post” gazetasida ishlagan. U 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z mamlakatining Istanbuldagi bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini xabar qildi. Xalqaro hamjamiyat ushbu jinoyatni qoralab, Riyodni shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
LiveBarchasi