Tunni shifoxonada o‘tkazgan Yelizaveta II, “taxt”dan tushgan Nazarboyev iqrori, armiyasi bilan maqtangan Bayden – kun dayjesti

Jamiyat

image

Yakuniga yetayotgan 22 oktyabr O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar yuz bergani bilan yodda qolmoqda. QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim voqealarining qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat

9 oyda xorijdan necha milliard dollar yuborilgani ma’lum bo‘ldi

2021 yilning 9 oyida O‘zbekistonga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 5,7 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2020 yilning mos davriga (4,3 mlrd. dollar) nisbatan 34,2 foizga, 2019 yilning mos davriga (4,5 mlrd. dollar) nisbatan esa 29 foizga ko‘p.

Qanday oila kam ta’minlangan deb topilishi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining kecha, 21 oktyabr kuni qabul qilingan qarori bilan Kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, ishlovchi onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (byudjet tashkilotlarida ishlaydigan onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bundan mustasno) bola 2 yoshga yetguncha uni parvarishlash uchun beriladigan har oylik nafaqani olish muddati tugaganidan so‘ng bolalar nafaqasini olishi mumkin.

“UzAuto Motors” taklifi va Kusherboyev e’tirozi: Cobalt bilan bog‘liq vaziyatning qonuniyligi o‘rganilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi “UzAuto Motors” AJ tomonidan iste’molchilarga Chevrolet Cobalt rusumli 4-pozitsiya avtomobillarini modulsiz yetkazib berish taklifi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib bormoqda.

Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri rahbari o‘zgardi

Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrining rahbari Mahmud Mo‘minovich Murodov o‘z lavozimidan ketdi.

Mazkur teatrning yangi rahbari etib O‘zbekiston xalq artisti, qo‘shiqchi Ramiz Beknazarovich Usmonov tayinlangan.

Marg‘ilondagi masjid buzilishi bo‘yicha ish Bosh prokuraturaga yuborildi

Xabaringiz bor, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi “Xo‘ja Porso” masjidining tarixiy binosi buzib tashlangandi. Viloyat hokimligi ushbu holatga izoh berib, eski masjid o‘rniga yangisini qurmoqchiligini aytgandi. 

Madaniy meros agentligiga ko‘ra, ushbu masjidning buzib tashlangani bo‘yicha ish tergov uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan. Chunki agentlik huzuridagi Ilmiy kengash “Xo‘ja Porso” jome masjidini buzib tashlashga ruxsat bermagan.

Toshkentga yangi metro poyezdlari olib kelindi. Endi nosozliklar bo‘lmaydimi?

Bugun, 22 oktyabr kuni Rossiyaning “Transmashxolding” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi “Metrovagonmash” aksiyadorlik jamiyatining “Toshkent metropoliteni” DUK uchun yuborgan 20 ta metro vagoni yetib keldi.

Ma’lum qilinishicha, yuborilgan vagonlardan Toshkentda to‘rtta vagonli 5 ta metro poyezdi shakllantirildi. Yangi tarkiblarni yo‘lovchilar oqimiga ko‘ra, Chilonzor va O‘zbekiston yo‘nalishlarida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Endilikda ushbu modifikatsiyadagi harakatlanuvchi tarkiblar soni jami 60 vagonni, ya’ni 15 ta to‘rt vagonli poyezdlarni tashkil etmoqda.

Senat rad etilgan qonun atrofidagi munozaraga munosabat bildirdi

Avvalroq, Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida muhokama qilingan “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan rad etilgani haqida xabar bergan edik. Bu ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarda turli fikrlarni keltirib chiqarmoqda. Senat mazkur munozara va fikrlarga munosabat bildirdi.

“Parlamentda shunday bahs-munozaralar bo‘lishi, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar mazkur jarayonga o‘z munosabatini bildirishi, albatta, demokratik nuqtai nazardan ijobiy baholanadigan holatdir. Chunki, bugun mamlakat qonun chiqaruvchi organi butunlay yangicha muhit va yondashuv asosida faoliyat olib bormoqda. Senatorlar ham muhokamaga qo‘yilgan barcha qonunlarni shunchaki ko‘r-ko‘rona ma’qullab yuboraverishmaydi”, deyiladi bayonotda.

Toshkentda 19 yoshli bola 53 yoshli ayol o‘limiga sababchi bo‘ldi

Toshkentda 19 yoshli yigit boshqaruvida bo‘lgan Nexia va 63 yoshli fuqaro boshqaruvidagi Spark to‘qnashdi. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 53 yoshli ayol vafot etdi.

Qayd etilishicha, bugun, 22 oktyabr kuni soat taxminan 08:10 da Olmazor tumani Qamarniso ko‘chasida Nexia-3 ni boshqarib borgan 2002 yilda tug‘ilgan A.V. qoidani buzgan holda qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketgan. Natijada 1958 yilda tug‘ilgan Z.X. boshqaruvidagi Spark bilan to‘qnashgan. YTH oqibatida Spark yo‘lovchisi bo‘lgan 53 yoshli M.X. vafot etgan. 

Olam

Bu sensatsiya bo‘ladi – Nazarboyev Prezidentlikdan nega ketganini aytdi

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev davlat rahbari lavozimidan ketishiga umurtqasida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti ham sabab bo‘lganini tan oldi.

“Sizga avval aytmagan bir haqiqatni ochaman, bu sensatsiya bo‘ladi. Men umurtqamda jiddiy jarrohlik amaliyotini o‘tkazganman. Xasta Prezident davlat boshqara olmaydi. Ahvoling shunday ekan, mamlakatda nima ayb? U aziyat chekmasligi kerak. Shu ahvolda safarlar uyushtirish, uchrashuvlar o‘tkazishni kuniga 350 ta, davom ettirish kerak, lekin bunday sog‘liq bilan qanday uddalaysan? Bu ham davlat rahbari lavozimidan ketish haqida qaror qlishimda ahamiyatga ega bo‘lgan. Men bu haqda hech qachon aytmagandim, ma’zur tutgaysizlar”, degan Nazarboyev “Suratga chizgilar” hujjatli filmidagi intervyusida.

95 yoshli Yelizaveta II tunni shifoxonada o‘tkazdi. Bunga sabab nima?

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II joriy yilning 20 oktyabr kuni shifoxonada tunab qolgan. Buning ortidan turli mish-mishlar tarqalgan. “Sun” nashriga ko‘ra, qirolicha uyga qaytishi uchun kech bo‘lib qolgani tufayli shifoxonada bir kecha qolgan.

Bukingem saroyiga ko‘ra, Yelizaveta II 20 oktyabr kuni shifoxonaga kelgan va 21 oktyabr kuni Vindzor qal’asiga qaytgan. 

Bayden Xitoy bilan ehtimoliy “urush” haqida gapirdi

 Jo Bayden Vashington Xitoy bilan “sovuq urush”ni xohlamasligini, biroq o‘z pozitsiyalaridan ham chekinmasligini ma’lum qildi. 

Shuningdek, Bayden fuqarolarini boshqa kuchlar, jumladan, Rossiya va Xitoy harbiy kuchda Amerikadan o‘zib ketishi mumkinligidan xavotir olmaslikka chaqirdi.

Taniqli Gollivud aktyori suratga olish vaqtida operator va rejissyorni otib qo‘ydi

Gollivud aktyori Alek Bolduin Nyu-Meksiko shtatidagi Santa- Fe shahri yaqinida bo‘lib o‘tayotgan vestern janridagi "Rust" ("Zang") filmini suratga olish jarayonida tasodifan operator Galina Xatchins va rejissyor Joel Sousni otib qo‘ydi.

Ta’kidlanishicha, filmda jinoyatchi rolini o‘ynayotgan Bolduin epizodda bo‘sh patronli to‘pponchadan o‘qqa tutishi kerak bo‘lgan. Qurol rekvizit sifatida ishlatilgan. 

Istanbulda Turkiy tilli davlatlar media forumi start oldi

Bugun, 22 oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ommaviy axborot vositalari xodimlari, media sohasi mutaxassislari, akademik va professorlar, talabalar ishtirokida "Olis o‘tmish, buyuk kelajak" nomli media forum o‘z ishini boshladi. 

Unda Ozarbayjon, Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Vengriya vahShimoliy Kipr Respublikalaridan (tahr: O‘zbekistonda rasmiy tan olinmagan) 500 ga yaqin media sohasi vakillari ishtirok etmoqda. 

Putin Rossiya va Xitoyning Afg‘oniston bo‘yicha rejasini ma’lum qildi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Afg‘onistonda nima bo‘lishidan qat’i nazar Rossiya, Xitoy va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar fuqarolari uchun xavfsiz muhit yaratash rejalari haqida gapirdi.

“Xitoy bilan ikki tomonlama rejada bu ishni faol davom ettiramiz, tegishli tuzilmalar o‘rtasida muloqot o‘rnatildi”, degan Putin Valday forumidagi nutqi davomida Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirib.

Pandemiya davrida dunyoda qancha tibbiyot xodimi o‘lgani ma’lum bo‘ldi

JSST butun dunyo bo‘ylab virus tarqalishi davom etayotgani sabab charchoq va tashvish xavfi haqida ogohlantirib, butun dunyo bo‘ylab 80 000 dan 180 000 gacha tibbiyot xodimlari COVID-19 tufayli vafot etganini urg‘ulagan.

“Bu o‘limlar fojiali yo‘qotishdir”, deya ta’kidlagan JSST 2020 yil yanvaridan 2021 yil mayigacha bo‘lgan ma’lumotlarni e’lon qilish chog‘ida. 

Sport

Fransiya chempionati bahsi Xitoyda o‘tkazilishi mumkin

Fransiya futbol federatsiyasi rahbariyati mamlakat birinchi chempionati doirasidagi “Monako” – “Lion” o‘yinini Xitoyda o‘tkazmoqchi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, reja amalga oshsa, o‘yin Shanxayda bo‘lib o‘tadi. Taqvim bo‘yicha, Liga-1 23-turi doirasidagi “Monako” – “Lion” bahsi 2022 yilning 6 fevralida bo‘lib o‘tishi kerak.

UFC’da kutilgan jang: “El kukuy” “Notorius”ni oktagonga chaqirdi

UFC'ning yengil vazn toifasi jangchisi Toni Fergyuson (26-6) ikki vazn toifasi sobiq chempioni Konor Makgregorga (22-6) qarshi jang qilmoqchi. Amerikalik “El kukuy” o‘z Instagram sahifasida irlandiyalik MMA ustasiga “atalgan” provokatsion postni e’lon qildi.

“Tugallanmagan ish. Qayerdasan, Maknaggets (suyaksiz qovurilgan tovuq go‘shti)?”, deya yozib qoldirgan Fergyuson.

Habib Maxachevning UFC-267 dagi jangida sekundantlik qiladi

Yengil vazn toifasida UFC chempioni Islam Maxachevning 30 oktyabr kungi UFC-267 turniridagi Den Xukerga qarshi bahsiga Habib Nurmuhamedov sekundantlik qiladigan bo‘ldi.

“Habib Xukerga qarshi jangimda mening burchagimda bo‘ladi. Murabbiy Xaver Mendes hamda ukasi Muslim ham jangda menga ko‘mak berishadi. Ularning borligi – mening yutug‘im”, deydi Maxachev.

Messi va Ronaldu imperiyasi quladimi yoxud “Oltin to‘p” kimga nasib qiladi?

Futbol jamoaviy o‘yin ekaniga qaramay, har bir futbolchi shaxsiy sovrinlarga erishishga harakat qiladi.

2021 yilgi futbol mavsumi tobora o‘z yakuniga yetib borayotgan bo‘lsa-da, yilning eng yaxshi futbolchisi kim bo‘lishi haqida turli xil taxminlar mavjud. Joriy yilda Yevropa chempionati va Amerika Kubogi o‘tkazildi. Tabiiyki, ushbu musobaqalar ham “Oltin to‘p” sohibi kim bo‘lishiga oydinlik kiritishda yordam beradi. Shuning uchun 2021 yilda ushbu sovrin kimga nasib etishi mumkinligi haqidagi natijalarni umumlashtirib olamiz.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

81

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing