Toshkentga yangi metro poyezdlari olib kelindi. Endi nosozliklar bo‘lmaydimi?
Bu qiziq
−
22 Oktabr 2021 5266 2 daqiqa
Bugun, 22 oktyabr kuni Rossiyaning “Transmashxolding” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi “Metrovagonmash” aksiyadorlik jamiyatining “Toshkent metropoliteni” DUK uchun yuborgan 20 ta metro vagoni yetib keldi. QALAMPIR.UZ yangi poyezdlar taqdimotida bevosita ishtirok etdi.

Ma’lum qilinishicha, yuborilgan vagonlardan Toshkentda to‘rtta vagonli 5 ta metro poyezdi shakllantirildi. Yangi tarkiblarni yo‘lovchilar oqimiga ko‘ra, Chilonzor va O‘zbekiston yo‘nalishlarida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Endilikda ushbu modifikatsiyadagi harakatlanuvchi tarkiblar soni jami 60 vagonni, ya’ni 15 ta to‘rt vagonli poyezdlarni tashkil etmoqda.

Yangi metro poyezdlari ishga tushirildi. Natijada eski metro poyezdlari muomaladan chiqariladimi? Ushbu savol bilan “Toshkent metropoliteni” DUK bosh muhandisi o‘rinbosari Abdutohir Abduqodirovga yuzlandik.

“Yangi metro vagonlarini qabul qilish jarayoni olib borilmoqda. Metropoliten kengaygani va yangi liniyalar qurilgani sababli, eski vagonlarimiz ham kapital ta’mirlanadi va xizmat vazifasini bajarishda davom etadi”, deydi u.

Barchamizga ma’lum, joriy yilda metropoliten bilan bog‘liq noxush voqealar bir necha bor kuzatildi. Tabiiyki, bu fuqarolar o‘rtasida ko‘plab noroziliklarni keltirib chiqardi. Metropoliten mas’uli Abduqodirov shu masalada ham fikr bildirib, zamonaviy metro poyezdlari bir yildan beri sinovdan o‘tkazib kelinayotganini ma’lum qildi.

“To‘g‘ri noxush voqealar bo‘ldi. Aynan shu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Toshkent metropoliteni faoliyatini samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori qabul qilindi. Bu qarorda keltirilgan asosiy yo‘nalishlardan biri-eski poyezdlarni ta’mirdan chiqarishdir. Yangi poyezdlarga keladigan bo‘lsak, 1 yildan beri tajribadan o‘tkazib kelmoqdamiz. Hali texnik tomondan ko‘ngilsizliklar bo‘lganicha yo‘q”, deydi Abduqodirov Abdutohir.

Yangi metro poyezdlarining tezligi eskisi bilan deyarli bir xil. Soatiga 90 km tezlikgacha harakatlana oladi. Yangi poyezdlarning ustunlik jihati eskisiga nisbatan 35 foiz elektr energiyani tejaydi va dizayn jihatidan jahon standartlariga javob bera oladi.






Live
Barchasi