1 noyabr. O‘zbekiston va xalqaro maydonda nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image
Noyabr oyining birinchi kunida O‘zbekiston hamda xalqaro maydonda qanday muhim vokealiklar sodir bo‘ldi? Bugun tarix zarvaraqlariga qanday muhr qo‘ya oldi? Eng muhim voqealarining qisqacha tafsiloti bilan qo‘yida tanishishingiz mumkin.

Jamiyat

Ishsiz aholiga vaqtincha yer bergan fermer xo‘jaliklariga soliq imtiyozi beriladi – Qonun loyihasi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Qonun loyihasi fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlariga tegishli g‘alladan bo‘shagan yer uchastkalarini yer solig‘idan ozod qilish ko‘rinishida rag‘batlantirish va boshqa vazifalardan iborat. 

Palov indeksi: eng qimmat va arzon osh qayerda sotiladi?

Joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda eng qimmat palov Toshkent shahri, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida tayyorlandi. 

Qayd etilishicha, Toshkentda osh narxi 24 300 so‘m, Buxoroda 21 300 so‘m va Qashqadaryoda 20 300 so‘mni tashkil qiladi. 

Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda Vengriyaga boradi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda Vengriyaga tashrif buyurishi kutilmoqda. 

“Joriy yil mart oyida Toshkentda samarali fikr almashganimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bayonotni imzolaganimizdan mamnunman. Turkiy Kengash doirasidagi hamkorligimiz Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga yangi sur’at bag‘ishlaydi. Ishontirib aytamanki, mening Hukumatim ikki tomonlama munosabatlarimizni rivojlantirib borishda har doimgidek qat’iydir.

Kelgusi yilda Budapeshtda rasmiy tashrif doirasida Prezident janoblari bilan shaxsan uchrashishdan umidvorman hamda ushbu tashrif munosabatlarimizni mustahkamlash uchun yana bir imkoniyat bo‘lishiga ishonaman”, degan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigida.

Oktyabrda oziq-ovqat mahsulotlari qanchaga qimmatlagani ma’lum bo‘ldi

Joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 10,6 foizni tashkil qildi. 

Joriy yil boshidan iste’mol sektorida narxlarning o‘sish darajasi 7,3 foizni, yillik nisbatda esa 10,6 foizni tashkil etdi. 

2021 yilning oktyabr oyida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli bo‘lib, oy davomida ularning narxlari o‘rtacha 1,9 foizga oshdi. Ushbu davrda, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 1,1 foizga, aholiga pullik xizmatlar narxlari 0,5 foizga oshdi.

Qashqadaryoda ushlangan jihodchilar orasida masjid imom-noibi bo‘lganmi?

Avvalroq, Qashqadaryo viloyatida “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi tarafdorlari qo‘lga olingani, ularning orasida masjid imom-noibi ham borligi haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi masjid imom-noibi ekstremistik oqimga qo‘shilib qolgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddi idoralar bilan olib borgan muloqotlari natijasida, ushbu xabarda guruh a’zolari qatorida keltirilgan masjid imom-noibi aslida boshqa kasb egasi ekani ma’lum bo‘lgan.

Hukumat yig‘ilishida vazir va hokim o‘rinbosarlari ogohlantirildi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari va uch nafar viloyat hokimi o‘rinbosarlari intizoimy chora ko‘rilishi belgilandi. 

Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Doniyor Madrimov, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Iqboljon Ergashev, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonovga mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganligi sabab intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Toshkentda jinoyatchi ayollar ortayotgani aytildi

Joriy yilning 9 oyi davomida 6159 nafar shaxsga nisbatan 4800 ta jinoiy ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shundan 481 nafari yoki 9,8 foizi ayollar tomonidan sodir etilgan.

“Har doim ayollar jinoyati bilan bog‘liq statistika yuritib boriladi va ayollar tomonidan sodir qilinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish maqsadida profilaktika ishlari olib boriladi. Bugungi kunda jami jinoyatlarning 9,8 foizi  ayollarga tegishli. Ammo, bu ham juda achinarli holat.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, ayollar jinoyati bilan bog‘liq vaziyatlar o‘tgan davrga nisbatan ko‘paygan. Buning sababi esa pandemiya davrida ya’ni 4 oy vaqt davomida ishlarni ko‘rish to‘xtatilgan edi. Ishlarni onlayn tarzda ko‘rganmiz. Tergov organi tomonidan jinoiy ishlar tergov qilinmagan va sudga chiqmaganligi sababli ham bu yilgi ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ortgandek ko‘rinadi. O‘tgan yilgiga nisbatan jinoiy ishlar bilan bog‘liq vaziyatlar 40 foizga oshgan. Sudlanganlar soni 39,5 foizga ko‘paygan. Bunga ham sabab pandemiya”, deydi Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Akbarali Turobov.

Olam

Bayden reytingi rekord darajada tushib ketganiga munosabat bildirdi 

Avvalroq, Jo Baydenning AQSH yetakchisi sifatida dastlabki to‘qqiz oydagi mashhurligi undan oldingi Prezidentlarnikidan tezroq pasayib borayotgani haqida xabar bergandik. 

AQSH Prezidenti Jo Bayden bu borada o‘z fikrini bildirdi. Baydenga ko‘ra, u reytingining tushib ketishiga e’tibor bermaydi.  

“So‘rovlar tushishi, ko‘tarilishi mumkin. Avvaliga ular balandroq edi, keyin o‘rtaga tushdi, keyin o‘sdi, endi esa yana pastga tushdi. Bu boshqa barcha Prezidentlarda ham bo‘lgan, lekin men so‘rovnomalarda qanday ishlayotganimni aniqlash uchun saylanmadim. Men AQSH Prezidenti sifatida va’dalarimni bajara olishimga ishonch hosil qilganim uchun saylandim”, degan Bayden G20 sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida. 

AQSH terrorchilarga yordam berishni to‘xtatishi kerak – Erdo‘g‘an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an AQSH Suriyada kurd terrorchilik tashkilotlariga hozirgacha berib kelgan yordamini to‘xtatishiga ishonch bildirdi. Bu haqda Turkiya rahbari Rimdagi G20 sammiti yakunida aytdi.  

“Ushbu sammitda amerikalik hamkorlarimiz bilan muloqotlar chog‘ida “Kurdiston ishchilar partiyasi”, “O‘z-o‘zini himoya qiluvchi xalq kuchlari” terrorchi tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlayotgani munosabati bilan afsusda ekanimizni bildirdik. Bu NATOdagi munosabatlarimizga putur yetkazishini, birdamligimizni buzishini aytdik. Ishonchim komilki, kelajakda AQSHdan boshqa bunday yordam bo‘lmaydi”, degan Erdo‘g‘an.

Rossiya migrantlarning ro‘yxatdan o‘tishini qiyinlashtirmoqchi

Rossiyada migratsiya qonunchiligini kodlashtirish va qo‘shni davlatlardan mamlakatga kirib kelayotgan barcha mehnat muhojirlarini majburiy genomik ro‘yxatga olish tartibi o‘rnatilishi mumkin. 

Tergov qo‘mitasi rahbari hozirda migratsiya “yuzlab me’yoriy hujjatlar” bilan tartibga solinganini va bu “ko‘p qirrali va ancha murakkab normativ baza” ekanini eslatgan. Shu munosabat bilan u migratsiya qonunchiligini kodlashtirish vaqti keldi, deb hisoblamoqda.

Ahmad Mas’ud ayni paytda qayerda ekani ma’lum bo‘ldi 

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakatiga qarshi bo‘lgan Milliy qarshilik fronti rahbari Ahmad Mas’ud ayni damda Tojikiston hududida. Bu haqda shimoliy Panjsher viloyati gubernatorining sobiq o‘rinbosari Kabir Vosiq TASSga ma’lum qildi.  

“Ahmad Mas’ud hozir Tojikistonda, lekin ba’zida Afg‘onistonga borib turadi, u yerda mamlakatning turli mintaqadagi qarshilik bo‘linmalari bilan uchrashadi”, degan Vosiq. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Mas’ud ayni damda “Tolibon” jangarilariga qarshi turishda turli davlatlardan yordam olishga harakat qilmoqda. 

Armaniston harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan – Aliyev

Armaniston Ikkinchi Qorabog‘ urushi davomida harbiy va insoniyatga qarshi jinoyat sodir etdi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiy tilli davlatlar kengashiga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining ilk majlisidagi murojaatida aytib o‘tdi. 

Aliyevning qayd etishicha, Ikkinchi Qorabog‘ urushi paytida arman armiyasi tinch aholiga taqiqlangan qurollardan foydalangan holda hujum qilgan.

Mezbon bilan kelishmovchilik: Erdo‘g‘an Glazgodagi sammitga bormadi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rimda bo‘lib o‘tgan G20 sammiti yakunida Istanbulga qaytdi va u Glazgodagi iqlim sammitida shaxsan ishtirok etmaydi. 

Ta’kidlanishicha, Turkiya yetakchisining rasmiy samolyoti unga hamrohlik qilayotgan butun delegatsiya bilan kechasi Istanbulga qo‘ngan. 

Qayd etilishicha, Erdo‘g‘an Shotlandiyada bo‘lishi bilan bog‘liq qator protokol masalalarini mezbon davlat bilan kelishib olish imkoni bo‘lmagani uchun forumdagi ishtirokini bekor qilgan. Ayni paytda iqlim forumi ma’ruzachilari ro‘yxatida Turkiya rahbari nomi tilga olinmagan. 

Qirg‘iziston Prezidentining samolyoti Britaniyaga kiritilmadi

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning samolyoti texnik talablarga javob bermagani uchun Buyuk Britaniyaga kiritilmadi.

Qayd etilishicha, Japarov boshchiligidagi Qirg‘iziston delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida bo‘lib o‘tayotgan  BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sammitiga yo‘l olgan edi. Texnik sabablarga ko‘ra, Prezidentning samolyoti kiritilmagach, Qirg‘iziston delegatsiyasi shaxsiy samolyotni ijaraga olishga majbur bo‘lgan.

Sport

Dzyudo: O‘zbekiston Jahon chempionatida birinchi o‘rinni egalladi

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Fransiya poytaxti Parij shahrida davom etayotgan harbiylar o‘rtasidagi Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Ulug‘bek Azizov va Tohir Fayziyev murabbiyligidagi o‘zbekistonlik dzyudochilar yakkalik bahslari yakuniga ko‘ra, 4 ta oltin, 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Diyora Keldiyorova (-52 kg), Dilshodjon Baratov (-60 kg), Davlat Bobonov (-90 kg) va Muzaffarbek To‘raboyev (-100 kg) jahon chempioniga aylangan bo‘lsa, Shohruh Baxtiyorov (+100 kg) bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bugun jamoaviy bahslar bo‘lib o‘tadi.

Messi “Barselona”ga qachon qaytishini ma’lum qildi

PSJ hujumchisi Lionel Messi qachonlardir Kataloniyaga qaytadi. Bu haqda futbolchining o‘zi “Sport.es” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“To‘g‘risi, men sevimli jamoamda qolish uchun qo‘limdan kelganini qildim, lekin hech qachon tekinga o‘ynashimni so‘rashmadi. Mendan maoshimni ellik foizga qisqartirishni iltimos qilishdi, buni hech qanday muammosiz qabul qildim. Klubga ko‘proq yordam berishga tayyor edim. Oilam Barselonada qolishni orzu qiladi. PSJ bilan shartnomam qachon tugashini bilmayman, ammo aniq aytamanki, biz, albatta, Kataloniyaga qaytamiz va u yerda yashaymiz. Oilam ham, men ham shuni istaymiz”, deydi Messi.

O‘zbekistonlik chang‘ichi Pekin Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlariga o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan ilk yo‘llanma qo‘lga kiritildi.

Chang‘i sporti vakili Komiljon To‘xtayev 2022 yil Pekinda bo‘lib o‘tadigan XXIV qishki Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston chang‘i federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Sportchi saralash ko‘rsatkichlari doirasida “slalom” va “gigant slalom” yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan me’yorlarni bajarib, 2022 yilgi Olimpiadada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing