Do‘pposlanayotgan onalar va bolalar, Prezidentga yaqinlashgan Komilov, O‘zbekistonga kelayotgan Putin...Hafta dayjesti

Tahlil

To‘yi kuni musht yegan kelin, kaltaklangan tasvirchi, suv toshqinida qolgan “O‘rikzor” bozori, qirg‘iz –tojik chegarasida sodir bo‘lgan otishma, o‘z chaqalog‘ini ayovsiz urgan ona, O‘zbekistonga kelishi kutilayotgan Rossiya Prezidenti,  25 metrli quduqqa tushib ketgan bolakay, dunyo urush maydoniga yangi qiruvchi samolyotni kiritayotgan Erdo‘g‘anning kuyovi. Haftaning eng muhim va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan voqealari bilan QALAMPIR.UZ dayjestida tanishing. 

Farg‘onada pora olgani aytilgan YPX xodimi qochayotganda kameraga tushib qoldi 

Ijtimoiy tarmoqlarda  Farg‘ona viloyatining Quva tumanida pora olib, voqea joyidan qochib ketgan YPX inspektori ko‘chadagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgani haqida xabar tarqaldi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 11 iyun kuni Quva tuman IIBga YPX inspektorning xatti-harakatlari yuzasidan ikki fuqaro nomidan ariza kelib tushgan. Hujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura organlariga taqdim qilingan. Hozirda tegovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Qashqadaryoda 6 yashar bola 25 metrli quduqqa tushib ketdi  

Joriy yilning 12 iyun kuni  Chiroqchi tumani Langar qishlog‘ida yashovchi fuqaro viloyat FVBga murojaat qilib, shu kuni o‘zlariga tegishli bo‘lgan dala maydonida qazilgan, 200 diametrli 25 metr suvsiz quduqqa 6 yoshli o‘g‘li tushib ketganligini ma’lum qilgan. Voqea joyiga zudlik bilan viloyat FVB qutqaruvchilari va tegishli kuch-vositalari yetib borgan. 

Joriy yilning 13 iyun kuni 8-sinf o‘quvchisi Ozodbek Yo‘ldoshev qutqaruvchilar va maxsus asbob-anjomlar yordamida quduqning tor tuynugidan mardonavor o‘tib, bolani olib chiqqan. Bolakayning hayoti saqlab qolindi, ayni vaqtda u shifokorlar nazoratida, ota-onasi bag‘rida.

“O‘rikzor” bozorini suv bosdi 

Joriy yilning 13 iyun kuni Toshkentning “O‘rikzor” bozori ostidan o‘tgan issiq suv quvuri yorilishi oqibatida  savdo majmuasining 800 m. kv. savdo pavilonlarini suv bosdi.

Ta’kidlanishicha, “O‘rikzor” bozori ostidan o‘tgan quvurlar o‘rnatilganiga 30 yil bo‘lgan. Ularning ishlatish muddati esa 15 yil. 

Voqea quvurlarni yuqori bosimda tekshirish jarayonida sodir bo‘lgan. 
Hodisa oqibatida fuqarolarga zarar yetmagan.

Tasvirchi do‘pposlandi

Joriy yilning 11 iyun kuni “Sevimli” telekanali “Zamon” dasturi tasvirchisi T.Ibrohimov jurnalist bilan O‘zbekiston-Iroq o‘yinini yoritish uchun “Paxtakor” stadioniga borganida ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ayovsiz do‘pposlaganini malum qildi.

Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov telekanal tasvirchisini vazirlik xodimlari do‘pposlagani haqidagi xabarlarga javoban, tasvirchi odamlar o‘rtasidagi mushtlashuv jarayonida tan jarohatlari olganini aytdi.

“Zamon” dasturi tomonidan e’lon qilingan xabarda esa jurnalist tasvirchisini ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari ayovsiz do‘pposlaganini aytgandi. Tasvirchi ham organ xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida gapirgan.

Lekin, IIV Matbuot kotibi tasvirchi odamlar orasidagi mushtlashuvda jarohat olganini ma’lum qilgan. Jurnalistni kaltaklagani aytilayotgan xodimlarchi, ularni boshqa bir tashkilot aniqlashi kerakmi? Agar OAV xodimlarining kaltaklanishida “pogon”lilarning qo‘li bo‘lmasa, IIV darhol bu yolg‘on deb chiqmasmidi?

Putin O‘zbekistonga keladi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etadi. 

Qayd etilishicha, Putin 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida, 14 oktyabrda esa Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tadigan MDH (Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi) davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etadi.

Qirg‘iz-tojik chegarasida mojaro chiqdi

Joriy yilning 14 iyun kuni davlat chegarasining qirg‘iz-tojik uchastkasida otishma yuz berdi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati xabariga ko‘ra, tojik tomoni granata va minomyotlardan foydalangan.

Ikki tomon chegarachilari zudlik bilan jangovar pozitsiyalarni egallagan. Tomonlarning chegara otryadlari boshliqlari voqea joyiga jo‘nab ketishgan.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Birjada shakar narxi “rezkiy” pasaydi

Joriy yilning 15 iyun kuni O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining ertalabki savdo sessiyasida o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra shakarning narxi avvalgi kunga nisbatan yana 123,8 so‘mga pasayib, mahsulotning bir tonnasi uchun 10 mln 631,1 ming so‘mni tashkil qildi.

Sportga ajratilgan 22 milliard yeb yuborildi

2019-2021 yillarda davlat byudjetidan sport sohasiga ajratilgan pullardan 22,3 milliard so‘mi talon-toroj qilingan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalari qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi va uning quyi tarmoqlari tomonidan o‘rganildi.

O‘rganish doirasida 127 ta tekshirish o‘tkazilib, 948 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan va 356 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.

O‘zbekistonlik kuyov to‘yi kuni kelinga musht tushirdi

O‘zbekiston ancha o‘zgardi. Undagi odamlar-chi? Erkaklar-chi? Ayollar hamon uyida, ish joyida, ko‘cha-ko‘yda erkaklardan musht yeyishda va bu haqda miq etmaslikda davom etyaptimi? 2021 yilda 39 mingga yaqin opa-singillarim oilada eri, qaynonasi, kelini tomonidan zo‘ravonlik haqida xabar bergan va bu 2020 yildagiga qaraganda 2,5 baravarga ko‘p. Andisha qilib, uyidagi gapni ko‘chaga chiqarmaydiganlar esa minglab topiladi. Jumladan, surxondaryolik yangi kelinchak ham. Agar uning to‘yida eridan musht yegani tasviri telefon orqali tarqalib, to Germaniyayu Koreyaga yetib bormaganda, yopiq qozon yopiqligicha qolib ketaverarmidi?!

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yangi kelin va kuyovning to‘y vaqtida olingan videosi tarqaldi. Unda ikki yosh nikoh kechasiga to‘plangan mehmonlar qarshisida kichik o‘yin o‘ynaydilar. Kelin shartni birinchi bo‘lib bajaradi va g‘olib bo‘ladi. Mag‘lublik alamiga chiday olmagan kuyov esa mehmonlar qarshisida bor kuchi bilan kelinning boshiga musht tushiradi. Kelin kalovlanib, yiqilay deydi. 

Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokama maydonining asosiy mavzusiga aylanib, G‘arb nashrlarigacha yetib bordi. Xususan, Germaniyaning ommaviy “Bild” nashri ushbu video orqali O‘zbekistonda ayollar bilan bog‘liq holatga baho berib, O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik har kuni non sotib olishdek oddiy hol ekani haqida yozdi. 

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, to‘yda kelinni urgan kuyovning ishi sudga oshirilgani malum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan quyovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Shuningdek, bu holatga Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva munosabat bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda videosi tarqalgan, to‘y vaqtida kuyov kelinni urgani kabi holatlarga bir-bir bo‘lib turadi-da, deya oddiy qarash mumkin emasligini takidladi.

So‘ngi malumotlarga ko‘ra, to‘y kuni turmush o‘rtog‘idan musht yegan kelin, kuyov bilan yarashib, hayotini davom ettirmoqda. 

Erdo‘g‘anning kuyovi dunyo urush maydoniga yangi qiruvchi samolyotni kirityapti

“Baykar Teknoloji” lideri Selchuk Bayroqdor Turkiyaning yangi jangovar harbiy samolyoti – “Qizil olma”ning bo‘yoqdan chiqqan tayyor holati suratini e’lon qildi. 

“Qizil olma” – Turkiyada joylashgan uchuvchisiz havo vositalari ishlab chiqaruvchisi “Baykar Teknoloji” tomonidan dizayn va ishlab chiqish ishlari davom etayotgan turbofan dvigatelli uchuvchisiz qiruvchi samolyotdir. 

“Asalhoney”ning qotili hibsga olindi

Xabaringiz bor, insta-bloger Asal Xo‘jayevaning murdasi joriy yilning 18 mart kuni  Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 99-uy, 210-xonadonning yotoqxonasida qotillik alomatlari bilan topilgan edi.

Malumotga ko‘ra, “Asalhoney” qotilligi buyicha jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari yakunlanish arafasida. Ayblanuvchi qamoqqa olingan.

Osiyo kubogi U-23: O‘zbekiston Yaponiyani mag‘lub qilib, finalga yo‘l oldi

Joriy yilning 15 iyun kuni Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi U-23ning yarim final uchrashuvida O‘zbekiston terma jamoasi Yaponiya yoshlariga qarshi maydonga tushdi.

Bahsning dastlabki bo‘limida jamoalar nisbatan ehtiyotkor harakat qildi. Keskin va hujumkor o‘yin kuzatilmadi. O‘zbekistonliklar asosan qarshi hujumga tayanib o‘ynadi va 88-daqiqada Husain Norchayev hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Shu tariqa, o‘yinda boshqa hisob o‘zgarmadi. Final bahsida O‘zbekiston U-23ning raqibi Saudiya Arbistoni U-23 termasi bo‘ladi.

2022/2023 o‘quv yili uchun qabul kvotalari tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq “2022/2023 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Unga ko‘ra o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari umumiy kvotasi 121 395 nafar etib belgilandi. 

Shuningdek, 2022/2023 o‘quv yili uchun ham abituriyentlarga 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi. 

Qolaversa, endilikda davlat oliygohlari magistraturasiga kirishda mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lmaydi. 

Davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi. 

Abdulaziz Komilov yangi lavozimga tayinlandi

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Abdulaziz Komilov Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan yangi lavozimga tayinlandi. 

Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, Komilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimini egallagan.

Abdulaziz Komilov so‘nggi bor Tashqi ishlar vaziri sifatida joriy yilning 17 mart kuni Senat yalpi majlisida ko‘rinish bergan edi.  

Ayol chaqalog‘ini uxlamagani uchun ayovsiz kaltakladi 

Ijtimoiy tarmoqlarda ayol chaqalog‘ini uxlatishga uringani, biroq u uyquga ketavermagach, g‘azablanib, uning boshiga bir necha marta tarsaki tushirgani, qattiq silkitib, joyiga otib yuborgani aks etgan video tarqaldi. 

Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 14 iyun kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida sodir bo‘lgan.
 
Turmush o‘rtog‘i bilan yashab kelayotgan 1988 yilda tavallud topgan, ruhiy sog‘lom ayol 2020 yilda tug‘ilgan farzandini davolatish uchun shifoxonaga olib borganda u yerda stress va asabiy holatda farzandini urgan. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi "a, v" bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

OTMdagi bilim bilan magistraturaga kirib bo‘lmaydi – Toshqulov

Xabaringiz bor, 2022-2023 yildan magistratura bosqichiga hujjat topshirish uchun chet tilini bilish bo‘yicha sertifikat talab qilinishi belgilandi. 

QALAMPIR.UZ muxbiri Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovga  “Xo‘sh, talaba repetitorga falon pul to‘lab o‘qimasdan, universitetdagi ingliz tili fanidan orttirgan 4 yillik bilimlari bilan ham IELTS sertifikatini olib, magistraturaga kirishi mumkinmi?”, deya savol berib, quyidagicha javob oldi.

“Yo‘q, mumkin emas. Sababi, birinchidan chet tilidan soatlar juda kam. Ikkinchidan, hozir tayanch Oliy ta’lim muassasasidan siz-u bizning ko‘nglimiz to‘lmay turibdi. Qo‘shimcha, mustaqil o‘qimasa, u bilimi bilan kira olmasligining isboti — o‘tgan yili chet tilidan imtihon topshirishni Davlat test markazida o‘tkazdik. Ko‘rsatkichlar juda past, juda”, deydi vazir.

Sergeli yer usti metro poyezdi qisqa tutashuv tufayli to‘xtab qoldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda qisqi tutashuv tufayli metro vagonining bir qismi yonib ketgani aks videolavha tarqaldi. 

Holatga “Toshkent metropoliteni” DUK ning izoh berishicha, joriy yilning 16 iyun kuni soat 20:05 lar atrofida "Yerusti halqa yo‘li" yo‘nalishining 6 va 7-bekatlari oralig‘ida joylashgan yo‘l chetidagi to‘sin tunkasining bir qismi atrofdagi kuchli shamol sababli o‘z o‘rnidan ko‘chishi natijasida harakatlanib kelayotgan harakat tarkibining tok qabul qilish moslamasiga tekkan. Buning oqibatida esa qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.

Prezident shifoxonada bemor bolalar xolidan xabar oldi

Joriy yilning 17 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga tashrif buyurdi. 

Qayd etilishicha, markaz shifokorlari Prezidentga sohaga qaratilayotgan e’tibor berayotgan samaralar, yaratilgan sharoitlardan taassurotlari haqida so‘zlab bergan.

Davlat rahbari yangi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalar va ularning ota-onalari bilan ham suhbatlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

67

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing