OTMdagi bilim bilan magistraturaga kirib bo‘lmaydi, O‘zDJTU esa meni qoniqtirmaydi – Toshqulov
Intervyu
−
16 iyun 2022
11349Jahon tillari universiteti bugungi kunda xorijiy tillarni o‘rgatishda mamlakatda tayanch universitet vazifasini o‘tay olmayapti. Bu haqda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov QALAMPIR.UZʼga ma’lum qildi.
“Bugun mendagi ma’lumotga ko‘ra, Jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilarining 60 foizi C1, C2 darajaga ega. Ilmiy salohiyati ham ko‘tarilib boryapti. Tayanchlik vazifasini bajara olyaptimi, yo‘qmi degan masalaga kelsak, hozir vodiy viloyatlarida, ya’ni Namangan va Andijonda ikkita chet tillari institutlari ochildi. Men Samarqand davlat chet tillari institutining natijalari va ko‘rsatkichlarini Jahon tillaridan kam, deb hisoblamayman. Jahon tillari universiteti siz va biz xohlaganchalik tayanch vazifasini bajara olmayapti. Lekin, o‘zgarishlar bor. Sertifikat olish, ilmiy salohiyatni ko‘tarish bo‘yicha harakat juda katta”, deydi vazir.
Xabaringiz bor, 2022-2023 yildan magistratura bosqichiga hujjat topshirish uchun chet tilini bilish bo‘yicha sertifikat talab qilinishi belgilandi. Xo‘sh, talaba repetitorga falon pul to‘lab o‘qimasdan, universitetdagi ingliz tili fanidan orttirgan 4 yillik bilimlari bilan ham IELTS sertifikatini olib, magistraturaga kirishi mumkinmi? Toshqulov bu savolga quyidagicha javob berdi.
“Yo‘q, mumkin emas. Sababi, birinchidan chet tilidan soatlar juda kam. Ikkinchidan, hozir tayanch Oliy ta’lim muassasasidan siz-u bizning ko‘nglimiz to‘lmay turibdi. Qo‘shimcha, mustaqil o‘qimasa, u bilimi bilan kira olmasligining isboti — o‘tgan yili chet tilidan imtihon topshirishni Davlat test markazida o‘tkazdik. Ko‘rsatkichlar juda past, juda”, deydi vazir.
Eslatib o‘tamiz, endilikda davlat oliygohlari magistraturasiga kirishda mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan
Qarorga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.