Magistratura va doktorantura uchun til sertifikati talabi bekor qilindimi?
Jamiyat
−
24 iyul 24700 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining magistratura va doktoranturasiga kirish uchun chet tili sertifikati talabi bekor qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu xabarlarni rad etdi va rasmiy ma’lumot berdi.
Vazirlik 2025 yil 19 iyuldagi PF–114-sonli “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni noto‘g‘ri talqin qilinayotganini qayd etgan. Xususan, 2021 yil 19 maydagi PQ–5117-sonli qarorning 6-bandi to‘rtinchi xatboshisi chiqarib tashlangan. Ushbu bandda magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda xorijiy til sertifikati talabining ilk joriy etilishi nazarda tutilgan edi.
Ta’kidlanishicha, mazkur normaning chiqarib tashlanishi xorijiy til bo‘yicha sertifikatlar talabi butunlay bekor qilindi, degani emas. Sababi, 2024 yil 24 maydagi PF–81-sonli “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan magistratura mutaxassisliklari va oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etilishi belgilangan:
- xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha – kamida S1 darajasida;
- gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim sohalari bo‘yicha – kamida B2 darajasida;
- boshqa ta’lim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari bo‘yicha – kamida B1 darajasida.
Shu munosabat bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi PF–81-son Prezident farmoni bilan belgilangan xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar talabi hozirda ham amalda ekanini eslatadi va bu borada tarqalayotgan noto‘g‘ri talqinlarga e’tibor bermaslikni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025–2026 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish uchun qabul boshlangandi. Unga ko‘ra, o‘qishga kirish uchun hujjatlarni topshirish jarayoni my.edu.uz platformasi orqali 30 iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Live
Barchasi