Magistraturaga qabulda rad etilgan arizalar uchun so‘nggi imkoniyat berildi
Jamiyat
−
18:53 437 2 daqiqa
2026/2027 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga qabulda rad etilgan arizalarni 26 avgust kuni soat 14:00 ga qadar tahrirlash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy o‘quv yili uchun magistraturaga qabul bo‘yicha my.edu.uz tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari ko‘rib chiqilgan.
Ko‘rib chiqish jarayonida ayrim arizalar tanlangan mutaxassislik talabgorning ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mos yoki turdosh emasligi, xorijiy tilni bilish bo‘yicha sertifikat mavjud emasligi yoki talab darajasiga javob bermasligi kabi sabablarga ko‘ra rad etilgan.
Shuningdek, SAT sertifikati tasdiqlanmagan yoki belgilangan darajaga ega bo‘lmagani, so‘ralgan hujjat o‘rniga boshqa hujjat yuklangani yoki hujjatlar to‘liq yuklanmagani, xorijiy tildagi ta’lim dasturini yakunlaganlik tasdiqlanmagani hamda hujjatlar sifati talabga javob bermagani ham rad etish sabablari qatorida bo‘lgan.
Arizasi shu kabi kamchiliklar tufayli rad etilgan talabgorlarga ertaga, 26 avgust soat 14:00 ga qadar elektron tizim orqali arizasini qayta tahrirlash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati berilgan.
26 avgust soat 14:00 dan keyin arizalarni tahrirlash imkoniyati berilmaydi. Aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Shu bilan birga, xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha talab etilgan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega emasligi yoki mavjud sertifikat belgilangan talabga javob bermagani sababli rad etilgan arizalarni qayta tahrirlash tavsiya etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ta’limni xorijiy tilda yakunlagan talabalardan keyingi bosqichda xorijiy til sertifikati talab qilinmasligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi