O‘zbekistonda bir yillik amaliy magistratura joriy etiladi
Jamiyat
−
11:05 901 2 daqiqa
O‘zbekistonda ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yo‘naltirilgan magistratura tizimi joriy etiladi. Bu haqda hukumatning joriy yil 17 sentyabrdagi 500-son qarori bilan oliy ta’lim tizimida magistratura bosqichida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab magistratura bosqichida kadrlar:
ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yo‘naltirilgan – kamida 1 yil;
ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan – kamida 2 yil muddatda tayyorlanadi.
Magistraturada ta’lim jarayoni aniq magistratura mutaxassisligi o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shakllarida tashkil etiladi.
Ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yo‘naltirilgan magistratura bitiruvchilari mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib:
- loyiha ishi;
- konstruktorlik loyihasi;
- startap loyihasi;
- ratsionalizatorlik g‘oyasi;
- amaliy-ijodiy asar
- va boshqa turdagi ishlardan birini tayyorlab, himoya qiladi.
Ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan magistratura bitiruvchilari tomonidan magistrlik dissertatsiyasi tayyorlanadi.
Dissertatsiya dastlabki himoyaga qadar plagiatga tekshiriladi va “yashirin ekspert taqrizi”dan o‘tkaziladi.
Scopus hamda Web of Science ma’lumotlar bazalarida bo‘lgan jurnallarda maqola e’lon qilgan magistratura talabalari belgilangan tartibda rag‘batlantirib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi magistraturada o‘qish davomiyligini mutaxassisliklarning xususiyatidan kelib chiqib muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilangan.
Bildirilishicha, yuqoridagi qoidalar Odil sudlov akademiyasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Live
Barchasi