Endi magistraturaga kirishda imtihon topshirilmaydi
Jamiyat
−
16 iyun 2022
14110Endilikda davlat oliygohlari magistraturasiga kirishda mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta – avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi.
Bunda:
• avgust oyidagi qabul – navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq;
• yanvar oyidagi qabul – dastlabki qabul natijalariga ko‘ra to‘lmagan o‘rinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi;
Davlat OTMlari magistraturasiga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning to‘lov-kontrakt summasi bir talabaga to‘g‘ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilaydi.
Quyidagilar davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi:
• 2021/22 o‘quv yilida davlat OTMlari magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan xotin-qizlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori;
• 2022/23 o‘quv yilidan boshlab, davlat OTMlari magistraturasiga ajratilgan qabul kvotalari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt miqdori.
LiveBarchasi